Namangan viloyati IIB ijtimoiy tarmoqlarda “Namangan davlat universiteti oldida yigit yaxshi ko‘rgan qizini pichoqlab o‘ldirgani aytilmoqda” izohi bilan tarqalgan video yuzasidan munosabat bildirdi.

Ma’lum bo‘lishicha, 6-may kuni soat 12:00 da To‘raqo‘rg‘on tumanida yashovchi fuqaro Namangan davlat pedagogika instituti binosi oldida oilaviy kelishmovchilik sababli o‘zining sobiq turmush o‘rtog‘i bilan janjallashib, unga pichoq urgan. Oqibatda ayol tan jarohati olib, vafot etgan.

Holat yuzasidan Namangan shahri prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumon qilinuvchi protsessual tartibda ushlangan va hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bosh prokuratura matbuot xizmatining bildirishicha, erkak 26 yoshda, uning ayoli 23 yoshda bo‘lgan.

Erkak sobiq xotinini pichoqlagandan so‘ng o‘ziga bir necha marotaba pichoq bilan jarohat yetkazib, joniga suiqasd qilgan. Shu vaqtda voqea joyida bo‘lgan fuqarolar tomonidan erkak shifoxonaga hushsiz holatda olib borilgan.

Aniqlanishicha, ushbu jinoyatni sodir qilgan shaxs turmush o‘rtog‘i bilan 2022-yilning yanvar oyidan buyon o‘zaro oilaviy janjal sababli ajrashib, birga yashamasdan kelgan.

Shundan so‘ng u turmush o‘rtog‘ini o‘zi bilan birga yashashga majbur qilib, rashk qilib, bir necha marotaba janjallashgan.

JKning 97-moddasida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etgan shaxs 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.