Taniqli eronlik huquq faoli Narges Muhammadi 2023-yilgi tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini “Eronda ayollarga nisbatan zulmga qarshi kurashi va barcha uchun inson huquqlari va erkinliklarini targ‘ib qilgani” uchun qo‘lga kiritdi. Bu haqda Shvetsiya Qirollik Fanlar akademiyasi Nobel qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

“Jasoratli kurashi unga qimmatga tushdi. Umuman olganda, rejim uni 13 marta hibsga oldi, besh marta aybdor deb topdi va jami 31 yil qamoq va 154 darra urishga hukm qildi. U hamon qamoqda”, — deyiladi xabarda.

“Narges Muhammadi — ayol, huquq faoli va ozodlik kurashchisi. Nobel qo‘mitasi bu yil unga tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini berish orqali uning Eronda inson huquqlari, erkinlik va demokratiya uchun qilgan jasoratli kurashini sharaflashni istaydi”, — deyiladi bayonotda.

Qo‘mitaning qo‘shimcha qilishicha, tinchlik mukofoti, shuningdek, o‘tgan yili Eron teokratik rejimining ayollarga nisbatan zulm siyosatiga qarshi chiqqan yuz minglab odamlarni taqdirlaydi.

Narges Muhammadi Eron Inson huquqlari himoyachilari markazining vitse-prezidenti sifatida mamlakatda o‘lim jazosini bosqichma-bosqich bekor qilish tarafdori bo‘lgan. 2021-yilda Eron hukumati uni “davlatga qarshi tashviqot” uchun 2,5 yil qamoq va 80 darra urishga hukm qildi.

Avvalroq tibbiyot, fizika, kimyo va adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti laureatlari ma’lum bo‘lgan edi.