Payshanba tongi barchani larzaga solgan Sergelidagi portlash haqidagi xabarlar bilan boshlandi. Voqea tafsilotlari:

Sergelida kuchli portlash: jarohatlanganlar bor, uy va boshqa obyektlarga zarar yetgan (foto, video)

Tunda Toshkentning Sergeli tumanidagi omborxonada kuchli portlashdan so‘ng yong‘in sodir bo‘ldi. Hodisa oqibatida jabrlanganlar bor. Tarmoqlardagi videolarda uy va boshqa obyektlarga jiddiy zarar yetganini ko‘rish mumkin. Yong‘in qurshab olingan, uni o‘chirish ishlari davom etmoqda (foto, video). Yong‘inni o‘chirishga 8 soatdan ko‘proq vaqt ketdi.

Sergelidagi portlash bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi — IIV

Sergeli tumanidagi portlash bo‘yicha IIV Tergov departamenti tomonidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi (Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi “a” va “b” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. “Hozirda kechiktirib bo‘lmaydigan tergov harakatlari amalga oshirilmoqda”, — deyiladi vazirlik xabarida. Portlash oqibatida talafot ko‘rgan har bitta xonadon inventarizatsiyadan o‘tkazilmoqda, dedi tuman hokimi Elbek Shukurov. U yetkazilgan zarar to‘liq davlat tomonidan qoplanishini ta’kidladi. Hududda aholi uchun ovqatlanish va tibbiy xizmat ko‘rsatish punktlari tashkil etilgan.

Portlashda 163 kishi jarohatlandi — 12:00 holatiga ko‘ra

Sergeli tumani “Quruvchilar” dahasidagi portlash oqibatida 163 kishi jarohatlandi, deb xabar berdi SSV. Ularning 24 nafari shifoxonaga yotqizilgan, ahvoli o‘rtacha og‘ir deb baholanmoqda. Vazirlik 16 yoshli bolaning o‘limini tasdiqladi. Omborxonada portlash xavfi bo‘lgan va yonuvchi moddalar bo‘lmagan, deya xabar qildi “Gazeta.uz”ga Xalqaro logistika markazi (United Cargo Center) vakili.

Sergelidagi portlash oqibatlari — suratlarda

Voqea ortidan 592 ta xonadon, 25 ta hovli, 1 ta maktab va 2 ta bog‘chaga zarar yetdi. Yangi mashinalar shikastlandi. “Gazeta.uz” muxbiri Madina A’zam ushbu hududdan fotoreportaj tayyorladi.

“Qo‘rqqanimdan qanday qilib ko‘chaga chiqib olganimni ham bilmayman”. Sergeliliklar — portlash haqida

Sergelidagi portlash yuz bergan vaqtida odamlar uyquda edi. Ko‘pchilik dovdirab qolgan, kimdir zilzila bo‘layapti deb o‘ylagan, boshqasi bolasini bag‘riga bosib, ko‘chaga otilgan. Hodisada jabrlangan sergeliliklar birinchi taassurot va endi nima qilmoqchi ekanliklari haqida “Gazeta.uz”ga gapirib berdi.

Sergelidagi portlash sabablarini o‘rganuvchi hukumat komissiyasiga qanday vazifalar yuklandi?

Bosh vazir o‘rinbosari Achilbay Ramatov boshchiligidagi hukumat komissiyasiga uch kun muddatda Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi omborxonada sodir bo‘lgan portlash sabablarini o‘rganish, talafotlarni bartaraf etish hamda fuqarolarga tibbiy-psixologik yordam ko‘rsatish vazifasi topshirildi.

DXSH asosida bog‘cha ochish uchun ajratilgan kreditlarning imtiyozli muddati uzaytirildi

Davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat bog‘chalarni ochgan tadbirkorlarga bitimga muvofiq ajratilgan imtiyozli kreditlar bo‘yicha imtiyozli davr muddati 2024-yil 1-oktabrgacha uzaytirildi.

Sud hukmi ustidan apellyatsiya shikoyatini berish muddati 20 sutkadan 10 sutkaga qisqartiriladi

O‘zbekistonda sud hukmi ustidan apellyatsiya shikoyatlarini berish muddatlari 20 sutkadan 10 sutkaga qisqartiriladi. Shuningdek, sud hukmi, ajrimini va qarorini ijro etishda yuzaga kelgan masalalarni hal qilish to‘g‘risidagi ajrim ustidan xususiy shikoyat berish va protest bildirish tartibi belgilandi.

Toshkentdan Qarshi va Samarqandga qo‘shimcha elektropoyezdlar harakati yo‘lga qo‘yildi

Bayram munosabati bilan Toshkentdan Qarshi va Samarqand shaharlariga Afrosiyob elektropoyezdlarining qo‘shimcha harakati yo‘lga qo‘yildi.

Jaloliddin Masharipov Gretsiyaning “Panserraikos” futbol klubiga o‘tdi

O‘zbekiston milliy terma jamoasi futbolchisi Jaloliddin Masharipov Gretsiyaning “Panserraikos” futbol klubi bilan shartnoma imzoladi. Sportchi avval Saudiyaning “An-Nasr” klubida to‘p surgandi.

YeI O‘zbekistonda o‘smirlar uchun kinematografiyani o‘rgatish bo‘yicha ta’lim loyihasini amalga oshiradi

Yevropa Ittifoqi FOCUS kino va teatr maktabi bilan birgalikda bolalar uchun kinoloyihani amalga oshirmoqda. O‘smirlar uchun bepul o‘quv moduli O‘zbekiston yoshlari o‘rtasida kino va teatr sohasida ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan.