Endilikda O‘zbekistonda xorijiy sarmoyadorlar aksiyalardan olinayotgan dividendlar bo‘yicha soliqlardan uch yil muddatga ozod etiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumining yalpi majlisidagi nutqida ma’lum qildi.

Prezident yaqinda xususiylashtirish to‘g‘risidagi qonun qabul qilinganini qayd etdi. 250 ta yirik korxonaning davlat ulushini va salkam 1000 ta ko‘chmas mulk obyektlarini sotish, 12 ta korxona aksiyalarini fond bozorlarida birlamchi ommaviy joylashtirish (IPO) uchun yangi dastur ham ishga tushirildi.

Tadbirkorlar barqarorligi reytingi joriy etildi. Yuqori reytingga ega tadbirkorlik subyektlari uchun soliq tekshiruvlari o‘tkazilmasligi qayd etildi.

Shuningdek, energetika yo‘nalishidagi davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish tajribasini ijtimoiy va boshqa infratuzilma sohalarida ham keng tatbiq etish rejalashtirilgan.

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tuzilib, 2030-yilgacha mo‘ljallangan Milliy strategiya ishlab chiqilmoqda.

“Bizning asosiy maqsadimiz — O‘zbekistonni xorijiy investorlar uchun ishonchli va uzoq muddatli hamkorga aylantirishdir”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Qayd etilishicha, tez orada mamlakatda Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi huzurida Xalqaro tijorat sudi ish boshlaydi. Ushbu sud O‘zbekiston sud-huquq tizimida alohida o‘ringa ega bo‘ladi.

Sanoat zonalarini boshqarishda xususiy operatorlar, jumladan, yuqori malakali xorijiy kompaniyalarni faol jalb qilish amaliyoti kengaytiriladi. Maxsus iqtisodiy zonalar faoliyat muddatlari bo‘yicha cheklovlar ham bekor qilinadi.

Xorijiy sarmoyadorlar uchun yerlarni ijaraga berish muddati 25 yildan 49 yilgacha, ya’ni, ikki barobar uzaytiriladi. Bunda, qonunlar bilan kafolatlangan amaldagi imtiyoz va preferensiyalar to‘liq saqlab qolinadi.