Yandex kompaniyasi O‘zbekistondagi maktab o‘quvchilari uchun yangi dasturlash maktablarini ochadi, informatika o‘qituvchilari uchun maxsus kurslarni yo‘lga qo‘yadi va ularga o‘quv materiallaridan foydalanish imkonini beradi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi.

Dasturning birinchi bosqichida Yandex O‘zbekistonda bolalar uchun dasturlash maktablarini ishga tushiradi. Shunday maktablardan biri Toshkentda allaqachon faoliyat yuritmoqda, yana ikki maktab esa 2024-yil kuzida yana ikki shaharda ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Dasturlash maktablari asosan dasturlash bo‘yicha asosiy bilimlarga ega va IT sohasiga qiziquvchilar — texnologiya sohasida kasbiy faoliyat yuritishni yoki oliy ta’lim muassasalariga kirishni rejalashtirganlar uchun mo‘ljallangan.

Dasturning ikkinchi qismi O‘zbekiston informatika o‘qituvchilarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat bo‘ladi. Ular uchun Yandex bepul dasturlash kurslarini ochadi va zamonaviy o‘qitish usullari bilan tanishtiradi. Bunday kurslarda 700 nafargacha foydalanuvchi qatnashishi mumkin.

Shuningdek, o‘qituvchilar “Yandeks Zadachnik”ka kirish imkoniyatiga ega bo‘ladi — bu Python bo‘yicha bepul o‘quv materiallari bo‘lib, ularni maktabdagi informatika darslariga integratsiya qilish mumkin. “Yandeks Zadachnik” yordamida o‘qituvchilar darslarga tezroq tayyorgarlik ko‘rishi mumkin, bu bilan o‘quvchilar zamonaviy bilimlarni tezroq va samaraliroq o‘zlashtiradi. Tayyorlangan materiallar zamonaviy raqamli dunyoda foydali bo‘ladigan dasturlashning asoslari bilan tanishishga qaratilgan.

“Bizning dasturimiz shunday kompleks yechim yaratishga qaratilganki, u maktab bosqichida dasturlash bo‘yicha umumiy ta’lim darajasini oshirishga, shuningdek, dasturlash maktablarida maxsus ta’limni barcha uchun yanada qulayroq qilishga yordam beradi,” — deydi Yandex Taxi kompaniyasining MDH bo‘yicha rivojlanish direktori, dastur homiysi Kirill Svinsov.

Kompaniya dastur loyihalarini yil oxirigacha ishga tushirishni rejalashtirgan.

Avvalroq Yandex o‘quvchilar uchun ijtimoiy muammolarni hal etishda texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha o‘zbek va rus tillarida ma’ruzalar tinglash imkonini taqdim etgandi. Kompaniya xodimlari ilovadan nogironligi bo‘lganlar qanday foydalanishi, AI ijtimoiy va ekologik loyihalarda qanday yordam berishini so‘zlab beradi.