Shavkat Mirziyoyev III Toshkent xalqaro investitsiya forumida nutq so‘zladi. U ishtirokchilarni qutlab, investorlarga murojaat qildi va ularni O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishga chaqirdi.

“Bizning asosiy maqsadimiz — O‘zbekistonni xorijiy investorlar uchun ishonchli va uzoq muddatli hamkorga aylantirishdir”, — dedi davlat rahbari. “Davlatimiz bozor munosabatlarini rivojlantirishni, investorlar huquqlari ishonchli himoya qilinishini, qulay investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishni, halol raqobat uchun yanada keng shart-sharoitlar yaratishni, xususiy mulk daxlsizligi va sud tizimining mustaqilligi ta’minlanishini o‘z zimmasiga olmoqda”.

Shavkat Mirziyoyev bu tamoyillar o‘tgan yili referendumda qabul qilingan yangilangan Konstitutsiyada mustahkamlanganini ta’kidladi.

O‘zbekiston prezidenti investorlar huquqlarini himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan qator takliflarni taqdim etdi.

“Investitsiyalar to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilamiz. Ushbu hujjat Jahon savdo tashkiloti tartib-qoidalari va standartlariga muvofiq ishlab chiqildi”, — degan Shavkat Mirziyoyev Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Jahon banki, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotiga bu boradagi yaqin hamkorligi uchun minnatdorlik bildirdi.

Bundan tashqari, prezidentning ta’kidlashicha, tez orada mamlakatda Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi huzurida Xalqaro tijorat sudi ish boshlaydi.

“Ushbu sud O‘zbekiston sud-huquq tizimida alohida o‘ringa ega bo‘ladi. Buning uchun yaqin muddatlarda maxsus qonunni qabul qilamiz. Protsessual kodekslarga ushbu xalqaro tijorat sudi qarorlari to‘laqonli ijro etilishiga oid me’yorlarni ham kiritamiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston rahbari, shuningdek, “sanoat zonalari tizimiga mutlaqo yangi yondashuvlar”ni joriy etish rejalarini ham ma’lum qildi.

“Yuqori texnologik loyihalarni amalga oshirish uchun investorlarga yanada qulay shart-sharoitlar yaratiladi. Sanoat zonalarini boshqarishda xususiy operatorlar, jumladan, yuqori malakali xorijiy kompaniyalarni faol jalb qilish amaliyoti kengaytiriladi. Maxsus iqtisodiy zonalar faoliyat muddatlari bo‘yicha cheklovlar ham bekor qilinadi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

“Xorijiy sarmoyadorlar uchun yerlarni ijaraga berish muddati 25 yildan 49 yilgacha, ya’ni ikki barobar uzaytiriladi. Bunda, qonunlar bilan kafolatlangan amaldagi imtiyoz va preferensiyalar to‘liq saqlab qolinadi”, — dedi prezident.

Bu masalalarning barchasi 3-may kuni prezident huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi yig‘ilishida ham muhokama qilinadi.