O‘zbekistonda 1-maydan boshlab pensiya va nafaqalarning eng kam miqdori oshiriladi. Bu haqdagi qarorni Shavkat Mirziyoyev 30-aprel kuni imzoladi, deb xabar qildi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Pensiya jamg‘armasi matbuot xizmati.

Eslatib o‘tamiz, 1-fevralda pensiya va nafaqalarning eng kam miqdorlari oshirilgan edi, ammo 30-aprelda mamlakatda kambag‘allik chegarasini aniqlash uchun foydalaniladigan minimal iste’mol xarajatlari (MIX) ham 4,3 foizga oshirildi — oyiga 621 ming so‘mdan 648 ming so‘mgacha. Ya’ni garchi Konstitutsiyaga ko‘ra, pensiyalar, nafaqalar va qonun bilan belgilangan boshqa turdagi ijtimoiy yordamlar miqdori rasman belgilangan MIXdan past bo‘lishi mumkin bo‘lmasa-da, bu ko‘rsatkich pensiya va nafaqalar miqdoridan yuqori bo‘lib chiqdi.

Shu munosabat bilan pensiya va nafaqalar kambag‘allik chegarasigacha oshirildi.

Qo‘shimcha to‘lovlarni hisobga olgan holda ish staji to‘liqsiz chog‘dagi yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori oyiga 621 ming so‘mdan 648 ming so‘mgacha (+4,3 foiz) oshiriladi;

Boquvchisini yo‘qotganlik bo‘yicha nafaqa oluvchi oilaning bir nafar mehnatga layoqatsiz a’zosi uchun eng kam pensiya miqdori amaldagi tartibga muvofiq, oilaning har bir keyingi mehnatga layoqatsiz a’zosiga to‘lanadigan pensiya hisobiga 621 ming so‘mdan 648 ming so‘mgacha oshiriladi.

Buning natijasida 751 mingta yoshga doir va 110 mingta boquvchisini yo‘qotganlik pensiyalari MIX darajasiga yetkaziladi. Pensiyalarni oshirish uchun Pensiya jamg‘armasidan qo‘shimcha 180 milliard so‘m ajratiladi, deyiladi xabarda.

Pensiya jamg‘armasi pensionerlar mablag‘larni may oyidan boshlab oshirilgan miqdorda olishini ta’kidladi.