Bolalar o‘limi, hatto bir nafar bola vafot etgan bo‘lsa ham, nafaqat alohida bir oila, balki butun mamlakat uchun ulkan fojiadir. Tinch zamonda yuz bergan kamida 65 nafar bolaning bir xil sababli o‘limini esa biror so‘z bilan izohlab, tushuntirib bo‘lmaydi.

O‘tgan yil oxirida kamida 20 nafar bola Hindistonda ishlab chiqarilgan yo‘talga qarshi sirop (“Dok-1 Maks” va boshqa)larni ichish oqibatida halok bo‘lgani haqidagi xabarlar butun O‘zbekistonni larzaga solgandi. O‘shanda faqat sobiq sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev bayonot bilan chiqib, shifokorlar bolalarning hayotini saqlab qola olmagani uchun farzandini yo‘qotgan ota-onalar va ularning yaqinlaridan uzr so‘ragan edi. U bolalarning o‘limi holatlari Sog‘liqni saqlash vazirligidan yashirilganini aytgandi. Shuning o‘ziyoq savollar keltirib chiqaradi: nega davlat tizimi qaltis holatlar haqida darhol xabar bermaydi, nega noxush holatlar ovoza bo‘lishidan va bu haqda rahbariyatni boxabar qilishdan qo‘rqishadi va hokazo.

Davlat telekanallari bu fojiani yoritmadi. Bolalarning ommaviy o‘limi haqida birinchi bo‘lib 15-dekabr kuni Samarqand viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi direktori Mamatqul Azizov ma’lum qildi. U viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Davronbek Jumaniyozovga yozgan xatida “Dok-1 Maks”ning o‘limga sabab bo‘luvchi asoratlaridan ogohlantirgan edi, shunda ham bu siropning savdosini to‘xtatish haqidagi qaror oradan bir hafta o‘tib — 22-dekabrda chiqdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligining bu siropni sotib olmaslikka chorlovchi xabarnomasi esa yana bir hafta o‘tib tarqatila boshladi, ya’ni aholini ogohlantirish bo‘yicha tashviqot ishlari juda kech yo‘lga qo‘yildi.

Bolalarning o‘limi haqida xabar bergan bosh shifokor ishdan haydaldi, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i esa ishlashda davom etmoqda.

Mamlakatda vafot etgan bolalar uchun motam e’lon qilingani yo‘q. Jinoyat ishining borishi oshkor qilinmaganidek, qurbonlar soni karrasiga ko‘proq ekaniga ham biror ishora ham berilmadi. Jabrlangan bolalarning umumiy soni aytilmadi. Ularning qanchasi nogiron bo‘lib qolgani ham noma’lum.

Hindistonning Marion Biotech kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan dori vositalari, xususan, “Dok-1 Maks”ni iste’mol qilish oqibatida O‘zbekistonda 65 nafar bola halok bo‘lgani oradan qariyb sakkiz oy o‘tib, 10-avgust kuni ma’lum bo‘ldi. Ushbu farmkompaniya dorilari keng tarqalgani va taqiqlanganiga qaramay, ayrim dorixonalar hatto fevralda ham bu dori vositalarini sotishda davom etgani inobatga olinsa, qurbonlar soniga doir bu raqam yakuniy bo‘lmasligi mumkin.

Qurbonlar soni kattaligidan tashqari, yana ko‘plab bolalar nogironlik orttirib olgan. Sudda qatnashayotgan otalardan biri farzandi birinchi guruh nogironi bo‘lib qolgani, u endi na gapira, na yura olayotganini aytdi. U shunday ahvolga tushgan yagona bola emas.

Kuchli davlat his-tuyg‘ularni namoyon etishdan qo‘rqmaydi

“Gazeta.uz” vafot etgan bolalar xotirasiga hurmat bajo keltirish hamda ularning o‘rnini to‘ldirib bo‘lmas yo‘qotishni boshdan kechirgan ota-onalari va qarindoshlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekistonda umummilliy motam e’lon qilinishi kerak, deb hisoblaydi.

Davlat shu tariqa o‘zining berahm, befarq, begona emasligini, bu mamlakatda inson hayoti haqiqatan ham eng oliy qadriyat ekanini namoyish etgan bo‘lur edi.

Bu fojia haqidagi xotira xalq salomatligi va xavfsizligi uchun mas’ul rahbarlarga kelgusida bunday holatlar takrorlanmasligi uchun saboq bo‘lib qolishi kerak.

Odamlar davlat ularning dard va iztiroblarini his qilayotganini ko‘rishi va bunga ishonishi kerak. Umummilliy motam vafot etgan bolalarning yaqinlariga bu yo‘qotishni yengib o‘tishga yordam beradi va ular bu fojia bilan yakka o‘zlari yolg‘iz qolib ketmaganliklarini ko‘rsatadi.

Odamlar farzandlarini O‘zbekistonda voyaga yetkazishdan qo‘rqmasligi va kelajaklarini shu yerda ko‘rishi uchun ham rasmiylar fuqarolar ishonchini qozonishi kerak. Odamlar har qanday fojiani o‘zi va yaqinlari misolida qayta ko‘rib chiqadi, davlat tomonidan g‘amxo‘rlik hissining yo‘qligi va xavfsizlikning ta’minlanmaganligi esa unga bo‘lgan ishonchni kamaytiradi.

Umummilliy motamning e’lon qilinishi kuchsizlik namoyishi bo‘lmaydi. Bu kuchli, adolatli, g‘amxo‘r, Konstitutsiyada yozilganidek ijtimoiy davlatning bir belgisidir. Bu o‘z farzandini yo‘qotgan oilalarga hamdardlik bildirish, qolgan fuqarolarga esa shu hamdardlikka sherik bo‘lish imkoniyati hamdir.

Bu masala mamlakatda motam e’lon qilinishi zarur bo‘lgan yana boshqa ko‘plab hodisalar: rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra salkam 200 kishi halok bo‘lgan Andijon voqealari, Qozog‘istondagi avtobus yong‘ini oqibatida 50 dan ortiq o‘zbekistonlikning halok bo‘lishi, Nukus voqealari vaqtidagi 20 dan ortiq odamning o‘limi, har yili YTHlarda halok bo‘ladigan minglab odamlar (jumladan, yuzlab bolalar), koronavirus pandemiyasi davridagi o‘limlar va boshqa fojialarga ham daxldordir.

O‘zbekistonda, qo‘shni mamlakatlarda va SSSRda motamlar

SSSRda davlat darajasidagi motam faqat mamlakat rahbarlari — Lenin, Stalin, Brejnev, Andropov va Chernenkoning o‘limi munosabati bilan e’lon qilingan. Faqat bir istisno bor — samolyotdagi mashg‘ulot parvozi vaqtida qulab, birgalikda halok bo‘lgan birinchi kosmonavt Yuriy Gagarin va instruktor Vladimir Seryogin vafoti munosabati bilan 1968-yilda e’lon qilingan motam.

Ittifoq parchalanishi arafasidagina sovetlar mamlakatida fojiali voqea-hodisalar qurbonlari xotirasiga motam e’lon qilina boshlagan. Xususan, 1988-yili Armanistonda kamida 25 ming kishining umriga zomin bo‘lgan Spitak zilzilasidan so‘ng va 1989-yili Boshqirdistonda salkam 600 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan temiryo‘l halokatidan so‘ng SSSR miqyosida motam e’lon qilingan.

O‘zbekistonda motam e’lon qilishning qonunchilikda belgilab qo‘yilgan aniq tartibi yo‘q. Motam odatda prezident farmoni bilan e’lon qilinadi. Qonunchilik hujjatlari bazasida “motam” so‘zi faqat bir marta — prezidentning 1999-yil 17-fevraldagi farmonida uchraydi (va u Toshkentdagi 16-fevral teraktlari munosabati bilan e’lon qilingan).

Bundan tashqari, mustaqillik yillari O‘zbekistonda 2004-yil 15-yanvar kuni Toshkent aeroportida Yak-40 samolyoti qulashi munosabati bilan ham motam e’lon qilingan. O‘shanda, 13-yanvar kuni Termizdan uchib kelayotgan samolyot noqulay ob-havo sharoitida qo‘nishga urinib, halokatga uchragan, hodisa oqibatida 37 kishi, jumladan, BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Richard Konroy ham vafot etgan edi.

O‘zbekistonda oxirgi marta 2016-yil sentabrida, mamlakat birinchi prezidenti Islom Karimov vafot etganida uch kunlik motam e’lon qilingan.

O‘zbekiston mustaqillik e’lon qilgunicha esa, jumladan, 1989-yilning may-iyun oylarida Farg‘onada yuz bergan voqealar qurbonlari xotirasi uchun motam e’lon qilingan. Motam e’lon qilingan vaqtda o‘zbeklar va mesxeti turklar o‘rtasidagi millatlararo to‘qnashuvlarda 90 ga yaqin odam halok bo‘lgandi.

Manba: O‘zbekiston Milliy kutubxonasi arxiviManba: O‘zbekiston Milliy kutubxonasi arxivi

Shuningdek, yer ko‘chishi oqibatida Angren yaqinidagi Jigariston qishlog‘ini tuproq ostida qolib, 56 kishi halok bo‘lgani munosabati bilan 1991-yil 6-may kuni ham motam e’lon qilingan.

Manba: O‘zbekiston Milliy kutubxonasining arxiviManba: O‘zbekiston Milliy kutubxonasining arxivi

Qo‘shni Qirg‘izistonda 2020-yil iyulida COVID-19 qurbonlari uchun umummilliy motam e’lon qilingandi. O‘sha vaqtda mamlakatda koronavirus bilan bog‘liq 1200 dan ortiq o‘lim holati ro‘yxatga olingandi. 2022-yilning 21-avgust kuni Rossiyada YTH oqibatida 14 qirg‘izistonlik halok bo‘ldi. Prezident Sadir Japarov esa 23-avgustni umummilliy motam kuni deb e’lon qildi.

2023-yilning 12-iyun kuni Qozog‘istonda Abay viloyatidagi o‘rmon yong‘inlarida o‘rmonchilik xo‘jaligining 14 xodimi halok bo‘lgani munosabati bilan motam e’lon qilindi. Mamlakatda 2022-yilgi Yanvar voqealari, 2020-yilgi koronavirus pandemiyasi va boshqa turli voqea-hodisalarning qurbonlari xotirasi uchun ham motamlar e’lon qilingan.

Qozog‘istonda amaldagi tartibga ko‘ra umummilliy motam e’lon qilish haqidagi qaror prezident tomonidan qabul qilinadi. “Kazinform”ning yozishicha, motam davlat arboblari va milliy qahramonlarning o‘limi yoki dafn etilishi munosabati bilan, shuningdek, ko‘plab insonlarning o‘limiga sabab bo‘lgan hodisalar sabab e’lon qilinishi mumkin. Motam kunlari OAV ko‘ngilochar axborot berishdan tiyiladi va oq-qora tusga kiradi.

Odamlar o‘limi bilan bog‘liq holatlar, ularning ko‘lami qanday bo‘lishidan qat’i nazar, sir saqlanishi kerak emas. Ular faqat ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilinishi emas, balki butun mamlakat miqyosidagi bosh mavzularidan biri bo‘lishi lozim. O‘zbekistonda halok bo‘lgan bolalar xotirasi uchun umummilliy motam e’lon qilinishi zarur. Shunday qilinsa, to‘g‘ri bo‘ladi.