Ekopartiya O‘zbekiston prezidentligiga nomzodini e’lon qildi

O‘zbekiston Ekologik partiyasi o‘z rahbari Abdushukur Xamzayevni prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rsatishni rejalashtirmoqda. U bu lavozimda dekabr oyidan buyon faoliyat yuritadi.

O‘zbekistonda milliy qadriyatlar ro‘yxatini tuzish taklif qilindi

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) muhim milliy qadriyatlar ro‘yxatini shakllantirishni taklif qildi. Unga, jumladan, ota-onaga ehtirom, o‘zbek tili, diniy bag‘rikenglik, so‘z erkinligi va boshqalar kiritilgan.

“Davolanish. Ta’lim. Uy-joy ta’miri”. O‘zbekistonliklar ko‘proq nimaga pul sarflaydi?

Markaziy bank 2023-yilning I choragi bo‘yicha Aholining iste’mol kayfiyati sharhini e’lon qildi. O‘rganish respondentlarning ta’lim, uy-joy ta’miri, davolanishga ko‘proq mablag‘ sarflaganini ko‘rsatdi. Kredit oluvchilar biroz kamaygan, maishiy xizmat sohasidagilarning daromadlari bo‘yicha kutilmalar yaxshilangan.

Quyosh panellarini o‘rnatishdagi kamchiliklar uchun 9 ta tuman va shahar hokimlariga hayfsan berildi

Shavkat Mirziyoyev raisligidagi yig‘ilishda quyosh panellarini o‘rnatishda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 9 ta tuman va shahar hokimlariga hayfsan berilishi belgilandi. 2 oyda o‘zgarish qilmasa, ular ishdan olinadi.

Toshkentdagi yo‘nalishlarga yana 60 ga yaqin elektrobus chiqariladi

Toshkentdagi yo‘nalishlarga yana 59 ta Yutong elektrobuslari qo‘yiladi (169 ta shunday transport vositasi 20-apreldan harakatlana boshlagan). Bu bir qancha yo‘nalishlarning harakat tarkibini to‘liq yangilash va ayrimlarida elektrobuslar sonini ko‘paytirish imkonini beradi.

Toshkentda bino 3 qavat o‘rniga 12 qavat qilib qurilgani bo‘yicha sudga da’vo arizasi kiritildi

Uchtepa tumanida savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish majmuasi eskiz loyihasida 3 qavat bo‘lishi ko‘rsatilgani, biroq amalda 12+1 qavat qilib qurilayotgani aniqlandi. Qurilish vazirligi boshqarmasi holatni o‘rganib, binoning qo‘shimcha qismini buzish bo‘yicha sudga da’vo arizasi kiritdi.

Bayroq rangidagi tasma taqqan yigit ishi bo‘yicha IIB xodimlariga xizmat tekshiruvi tayinlandi

Qashqadaryoda bayroq rangidagi tasma taqqan yigit ishi bo‘yicha IIB xodimlariga xizmat tekshiruvi tayinlandi. Avvalroq “Yuksalish” xodimlar va noqonuniy qaror qabul qilgan sud harakatlariga qanday baho berilganiga qiziqib, ish tafsilotlarini ochiqlashga chaqirgandi.

Aholi va tadbirkorlarga berilgan “yashil” kreditlar foizlarining bir qismini davlat qoplab beradi

O‘zbekistonda “Quyoshli xonadon” dasturi qamrovini oshirish maqsadida aholi va tadbirkorlarga berilgan “yashil” kreditlar foizlarining bir qismini qoplash, “yashil energiya” sertifikatlari tizimini yaratish hamda GESlarga “yashil” sertifikatlar berilishi belgilandi.

Tadbirkorlarning bankdagi pullarini noqonuniy olib qo‘yganlik uchun jazo tayinlanadi

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi hamda jinoyat kodeksiga qo‘shimcha kiritildi. Endi tadbirkorlarning bank hisobvaraqlaridan roziliksiz pul o‘tkazgan yoki olib qo‘ygan yoxud ularni o‘z vaqtida qaytarmagan shaxslar 13,2 mln so‘mgacha jarimaga tortiladi. Holat yana qaytarilsa, 3 yilgacha qamoq jazosi tayinlanadi.

Pastdarg‘omda mahalla raislariga noqonuniy topshiriq bergan kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi boshlig‘i ishdan olindi

Samarqand viloyatida mahalla raislariga “Mening loyiham”ga ovoz berish bo‘yicha noqonuniy topshiriq bergan Pastdarg‘om tuman kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi boshlig‘i lavozimidan chetlatildi.

Surxondaryoning ertapishar qovunlari — suratlarda

Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida dakara navli ertapishar qovun va do‘lbe navli tarvuz yetishtirilib, qovundan ilk hosil olindi. Yetilishiga 4 oy vaqt ketgan poliz mahsulotlari ichki bozorga yuborilmoqda. Foto.

Toshkentda 12 yoshli qizning o‘ldirilishi bo‘yicha tergov yakunlandi

Bosh prokuratura yanvar oyida Toshkent shahrining Yangihayot tumanida 12 yoshli qizni zo‘rlash va o‘ldirish bo‘yicha jinoyat ishi sudga oshirilganini ma’lum qildi. Avvalroq qiz yashagan uyda ta’mirlash ishlari bilan shug‘ullangan 29 yoshli erkak qotillikda gumon qilinayotgani haqida xabar berilgandi.

“Ozodlikdaman, o‘lib ketganim yo‘q”. 15 sutkaga qamalgan Activist loyihasi muallifi ommaga ko‘rinish berdi

8-aprel kuni 15 sutkaga qamalgan Activist loyihasi muallifi, bloger Hojiakbar Nosirov oradan bir oy o‘tib jamoatchilikka video chiqish bilan ko‘rinish berdi. “Menda hammasi yaxshi, ozodlikdaman. O‘lib ketganim yo‘q yoki firibgarlik, tovlamachilik bilan ustimdan jinoiy ishlar ochilgani yo‘q”, — deydi u.

Qatar amirining O‘zbekistonga kelishi kutilmoqda

Qatar rahbari shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy O‘zbekistonga tashrif buyurishi mumkin. Qatar tomoni uning bo‘lajak tashrifi ko‘p qirrali sheriklikni yanada chuqurlashtirishga kuchli turtki berishiga ishonch bildirmoqda.

Osiyo Kubogi-2023: O‘zbekiston “B” guruhida Avstraliya, Suriya va Hindiston bilan o‘ynaydi

Futbol bo‘yicha 2023-yilgi Osiyo Kubogi musobaqasining guruh bosqichiga qur’a tashlandi. O‘zbekiston “B” guruhidan o‘rin olib, Avstraliya, Suriya va Hindiston bilan o‘ynaydigan bo‘ldi. Musobaqa 12-yanvaridan 10-fevraliga qadar Qatarda bo‘lib o‘tadi.

“Gazeta.uz”da e’lon qilingan maqola va reportajlar:

Nukus voqealari bo‘yicha ayblanuvchilar jazoni yengillashtirishni so‘radi

Nukus voqealari bo‘yicha apellatsiya ishi jarayonida sudlanuvchilar va advokatlar jazoni yengillatishni, marhum Shamshetovni esa oqlashni so‘radi. Prokuratura shartli ravishda hukm qilingan 4 nafar sudlanuvchiga nisbatan jazoni kuchaytirishni so‘radi. Birinchi kuni Tajimuratov va Nayipov o‘rtasida mojaro kelib chiqdi.

Jilovlangan vaqt. Mutaxassisligi bo‘yicha avtochilangar va qismatiga ko‘ra soatsoz bo‘lgan A’zamxon Nabiyev hikoyasi

A’zamxon Nabiyev soatlarni 20 yildan beri to‘playdi. Uning kolleksiyasida 200 dan ortiq soat namunasi bor. Ularning ayrimlari vaqtni ko‘rsata boshlaganiga yuz yildan oshgan. “Gazeta.uz” noodatiy ustaxonada bo‘lib, soatsoz bilan uning kolleksiyasi, eski soatlarni sozlash va ularning bahosi haqida suhbatlashdi.

O‘zgidromet — 102 yoshda. O‘zbekistonda gidrometeorologiya xizmati qanday rivojlangan?

O‘zbekiston Gidrometeorologiya xizmati bu yil 102 yilligini nishonlamoqda. Turkiston meteorologiya instituti tashkil etilgan 1921-yilning 7-mayi O‘zgidromet tavallud topgan kun sifatida nishonlanadi. XIX asrning ikkinchi yarmidan hozirgi kungacha xizmatning qanday rivojlangani — “Gazeta.uz” fotomaterialida.