1 iyundan g‘allani sotib olish va sotishda bozor narxlariga o‘tiladi

1 iyundan davlat g‘allani bozor narxlarida sotib oladi va sotadi. Shavkat Mirziyoyev eski tizim don yetishtiruvchiga ham, qayta ishlovchi korxonalarga ham manfaat bermayotganini ta’kidladi. 1 tonna bug‘doy narxi o‘tgan yildagi 1,5 mln so‘mdan 3 mln so‘mga oshiriladi.

Prezident suv toshqinlaridan himoyalanishni kuchaytirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi

O‘zbekistonda bahor oylarida 15 ga yaqin yirik sel va ko‘chkilar sodir bo‘ldi. Buning oqibatida 9 nafar inson va 450 dan ortiq bosh chorva mollari halok bo‘ldi. 245 ta xonadon va 19 ta ko‘prik zarar ko‘rdi. Prezident tunu kun ishlaydigan shtablar tashkil etish va favqulodda vaziyatlarda aholini himoya qilishni kuchaytirish yuzasidan topshiriq berdi.

Bundan buyon turli vajlar bilan fermerdan g‘allasini olib qo‘yish taqiqlanadi — prezident

Bundan keyin tumanda reja bajarilmayapti, chorva, parranda yoki baliqchilikka ozuqa-yem kerak, degan vajlar bilan fermerlar g‘allasini olib qo‘yish qat’iyan taqiqlanadi. Bundan tashqari, birja orqali sotilgan bug‘doyga hududlararo cheklov qo‘yilmaydi. Prezident bosh prokuror, viloyat, tuman va shahar prokurorlari buni shaxsan nazoratiga olib, fermerni norozi qilgan rahbarlarga qat’iy chora ko‘rishni buyurdi.

MB bankomatlarda naqd pul yetishmasligi haqidagi xabarlarga izoh berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda bankomatlardan naqd pul yechib olish bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Markaziy bank mazkur uzilishni naqd pulga talab ortishi va logistika muammolari bilan izohladi. Regulyator aholining naqd pulga bo‘lgan ehtiyojini qondirish uchun barcha imkoniyatlarga ega ekanligiga ishontirmoqda.

«O‘zbekistonda iyerarxiya juda vertikal bo‘lib qolmoqda» — Germaniya elchisi

O‘zbekistonda davlat hokimiyati iyerarxiyasi «juda vertikal» bo‘lib qolmoqda, bu «fuqarolar, fuqarolik jamiyati, o‘zini o‘zi boshqarish organlariga rivojlanish va jalb qilinishiga yetarli imkoniyatlar bermayapti», deya ta’kidladi Germaniya elchisi Tilo Klinner.

Germaniya elchisi — UzAuto Motors monopoliyasini bekor qilish haqida

O‘zbekistonda yengil avtomobillar ishlab chiqarish ma’muriy ko‘rsatmalar himoyasida edi va germaniyalik ishlab chiqaruvchilar tomonidan yangi sarmoyalar kiritish imkoniyatlari ancha past bo‘lgan, deya ta’kidladi Germaniya elchisi Tilo Klinner. Bu vaziyat o‘zgarishi kerak, chunki uning so‘zlariga ko‘ra, 2025 yilgacha UzAuto Motors monopoliyasiga barham berish rejalashtirilgan.

Uy va avtomobil oldi-sotdisida boj toifalari olib tashlanib, umumiy narxlar belgilanishi kutilmoqda

«Milliy tiklanish» fraksiyasi yig‘ilishida deputatlar tomonidan uy sotib olishda va avtomobil oldi-sotdisida to‘lanadigan davlat boji toifalarini bekor qilish va umumiy narx belgilash muhokama qilindi.

Prezident: «Narx-navo barqarorligini ta’minlashning yagona to‘g‘ri yo‘li — bozorda taklifni ko‘paytirish»

Shavkat Mirziyoyev jahon bozorida oziq-ovqat narxi kun sayin ortib borayotgani, jumladan, bug‘doy narxi yil boshidan beri 30 foizga qimmatlashganini aytdi. «Narx-navo barqarorligini ta’minlashning yagona to‘g‘ri yo‘li bu — bozorda taklifni ko‘paytirish hisoblanadi», — dedi u. Qolaversa, «O‘zdonmahsulot» tarkibidagi 43 ta don korxonasi xarajatlari yuqoriligi, biroq rentabelligi 2 baravar pastligi tanqid qilindi.

Angren shahri hokimi Nuritdin Abdurahimov vafot etdi

Toshkent viloyati Angren shahri hokimi Nuritdin Abdurahimov xastalikdan so‘ng 44 yoshida vafot etdi. U bu lavozimga yanvar oyida tayinlangan edi.

Surxondaryoda sel oqizib ketgan ikki kishining jasadi topildi

Favqulodda vaziyatlar vazirligi Sariosiyo tumanida selda oqib ketgan ikki fuqaroning jasadi va mashina «To‘palang» daryosi o‘zanidan topilganini ma’lum qildi.

Noqonuniy qurilish holatlari bo‘yicha onlayn murojaat yuborish imkoni yaratiladi

Fuqarolar tomonidan «Shaffof qurilish» milliy axborot tizimiga noqonuniy qurilish holatlari bo‘yicha onlayn murojaat yuborish imkoni yaratiladi. Shuningdek, tashqi reklama obyektlarini joylashtirishda jamoatchilik nazorati kuchaytiriladi.

O‘zbekistonda rossiyaliklarga tegishli kompaniyalar soni ko‘paya boshladi

2022 yil boshidan beri O‘zbekistonda Rossiya kapitali ishtirokidagi korxonalar soni ko‘paya boshladi. Xususan yanvar oyida 23 ta yangi kompaniya tashkil etilgan bo‘lsa, aprelning o‘zida ularning soni 103 taga oshgan, shundan 45 tasi AKT yo‘nalishidagi kompaniya hisoblanadi.

O‘zbekiston 140-mamlakat bilan diplomatik aloqalarni o‘rnatdi

O‘zbekiston Karib dengizi havzasining yana bir davlati — Sent-Vinsent va Grenadin orollari bilan diplomatik munosabatlarni o‘rnatdi.

Rossiyaning BMT Inson huquqlari kengashidagi o‘rnini Chexiya egalladi

BMT Bosh Assambleyasi aprel oyida Rossiya tomonidan bo‘shatilgan Inson huquqlari kengashidagi o‘ringa Chexiyani sayladi.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqolalar:

Foto: Chirchiqda o‘tgan «Dog biatlon» finali

Chirchiqda Kinologlar va xavfsizlik kuchlarining jamoalari o‘rtasida o‘tkazilgan «Dog biatloni» o‘z yakuniga yetdi. Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan tadbirda Mudofaa vazirligi jamoalari g‘olib bo‘ldi. Musobaqaning final bosqichi — «Gazeta.uz» muxbiri Madina A’zam fotoreportajida.

So‘nggi ikki oy ichida rossiyaliklarning TVga bo‘lgan ishonchi pasaydi — so‘rovnoma

Rossiyaliklarning telekanallarga bo‘lgan ishonchi oxirgi ikki oyda pasaygan, deyiladi GroupM xalqaro reklama guruhi o‘tkazgan so‘rovnoma natijalarida. Ushbu vaqt davomida Rossiya aholisining Telegram va boshqa ijtimoiy tarmoqlarga nisbatan ishonch ortdi.