O‘zbekiston Qozog‘iston va Tojikiston bilan chegaralarni ochdi

16 martdan boshlab O‘zbekistonning Qozog‘iston va Tojikiston bilan o‘tkazish punktlari orqali fuqarolar harakatiga cheklovlar bekor qilinadi. Barcha bojxona postlari faoliyati qayta tiklanadi. Qolaversa, mamlakatga kirishda vaksina olgan xorijliklardan PZR-test natijasi talab etilmaydi.

Yanvar oyidagi blekautga O‘zbekistondagi uzilish sabab bo‘lgan — davlatlararo komissiya

25 yanvar kuni Markaziy Osiyo mamlakatlarida elektr energiyasining ommaviy uzilishiga O‘zbekiston energetika tizimidagi nosozlik sabab bo‘lgan. Avariya sabablarini o‘rganish bo‘yicha davlatlararo komissiya shunday xulosaga keldi.

Rossiyaning shakar va g‘alla eksportiga qo‘ygan taqiqi O‘zbekistonga ta’sir ko‘rsatmaydi — Qishloq xo‘jaligi vazirligi

Qishloq xo‘jaligi vazirligi Rossiya shakar va g‘alla eksportiga kiritgan vaqtinchalik cheklovlari O‘zbekistondagi mahsulotlar hajmiga ta’sir ko‘rsatmasligini ma’lum qildi. Aholi va korxonalarning talabini uzluksiz va barqaror narxlarda bug‘doy, un, shakar bilan ta’minlash, narxlar keskin o‘zgarishining oldini olish uchun zaxiralar yaratilgani aytilmoqda.

Talabalarga 2021−2022 o‘quv yili uchun kontrakt to‘lovlari muddati 1 aprelgacha uzaytirildi

Oliy va professional ta’lim muassasalari talabalariga 2021−2022 o‘quv yili uchun kontrakt to‘lovini amalga oshirish muddati 1 aprelga qadar uzaytirildi. Bungacha ushbu muddat 1 martgacha etib belgilangandi.

Andijonda 600 mln so‘mlik tender qarindoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan bo‘lishi mumkin

14 mart kuni Andijon viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi o‘z bo‘limlarini kapital ta’mirlash uchun qiymati 621 mln so‘m bo‘lgan tender o‘tkazdi. Ushbu tenderda qatnashgan ikki korxona rahbarlari o‘zaro qarindosh bo‘lishi mumkin. «Gazeta.uz» tender ishtirokchilarining o‘zaro bog‘liqligini o‘rganib chiqdi.

Quyuq tuman poytaxt aeroporti faoliyatini vaqtincha cheklab qo‘ydi

16 mart kuni ertalab Toshkent aeroportida quyuq tuman tushishi sababli bir qancha mahalliy va xalqaro reyslar kechiktirildi va boshqa aeroportlarga ko‘chirildi.

Sirdaryo viloyatida kuchli yomg‘ir tufayli 102 ta uyni suv bosdi — FVV

Sirdaryo tumanidagi Baxt shaharchasida xo‘jaliklararo kollektorda suv sathi oshib ketib, jami 102 ta xonadon va Baxt bozorchasini suv bosdi. Aholi xavfsiz hududga evakuatsiya qilinmoqda. Hozirga qadar «Xazina» mahallasidagi 20 ta uyda yashovchi 68 nafar fuqaro vaqtinchalik yaqin qarindoshlari xonadonlariga ko‘chirildi.

Toshkentda issiq suvni rejali o‘chirish jadvali

Toshkentda bahorgi reja asosida issiq suvni o‘chirish 9 maydan boshlanadi va 10 iyunga qadar davom etadi. Bundan tashqari, 24−25 mart kunlari issiq suv ta’minotini cheklash orqali isitish tizimlari sinovdan o‘tkaziladi. 30 martdan 11 aprelgacha esa issiqlik tarmoqlari chidamliligi va zichliligi yuqori bosim ostida tekshiriladi.

O‘zbekistonda Lada avtomobillari narxi bir oyda ikkinchi marta ko‘tarildi

Komponentlar tanqisligi fonida Rossiyaning «AvtoVAZ» avtokonserni Lada avtomobillari narxini o‘rtacha 8 foizga oshirdi. O‘zbekistonda ham avtomobillar 7−10 mln so‘mga qimmatlashdi.

Taksi haydovchilari uchun yana bir majburiy sug‘urta joriy qilinishi mumkin

Deputatlar yengil avtomobilda tashish xizmatini ko‘rsatish vaqtida yo‘lovchilarning sog‘lig‘i va mol-mulkiga zarar yetkazganlik uchun haydovchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilishga oid qonunni ikkinchi o‘qishda ma’qulladi. Doniyor G‘aniyevning ta’kidlashicha, «qanchalik og‘ir bo‘lmasin, bu to‘g‘ri qaror». Deputat O‘ktam Islomov esa sug‘urta ixtiyoriy bo‘lishi kerakligini aytmoqda.

O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bozori 2020 yilgi koronavirus inqirozidan keyin to‘liq tiklandi

2020 yildagi koronovirus inqirozidan so‘ng O‘zbekistonda uy-joy ko‘chmas mulk bozori to‘liq tiklandi. Mutaxassislarning fikricha, bunga imtiyozli ipoteka kreditlari va subsidiyalar bo‘yicha davlat dasturlari sabab bo‘lgan. Jumladan, fevral oyida ko‘chmas mulk oldi-sotdisi yanvar oyiga nisbatan 24,1 foizga oshdi.

Buxoroda tuman hokimligi arxeologik yodgorlikning bir qismini fermerga berib yuborgani aniqlandi

Shofirkon tuman hokimligi «Vardonze qo‘rg‘oni» arxeologiya yodgorligining 124 gektar maydonini 76 gektargacha qisqartirib, qolgan qismini fermer xo‘jaligiga yaylov uchun berib yuborgani aniqlandi. Fermer esa uni ekin maydoniga aylantirib yuborgan. Buning oqibatida qadimgi tarixiy topilmalar yo‘qotilgan va davlatga 26,7 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Qashqadaryoda uylanganidan keyin turmush o‘rtog‘i bilan Suriyaga ketmoqchi bo‘lgan fuqaro ushlandi

DXX Rossiyada ishlash davrida xalqaro terroristlar ta’siriga tushib, ularning g‘oyalarini o‘z yaqinlariga tarqatganlikda gumonlanayotgan bir qancha fuqaro qo‘lga olinganini xabar qildi. Yana bir holatda esa Telegram orqali yaqinlariga aqidaparastlik g‘oyalarini tarqatgan shaxsga qarshi jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

«Agar 70 yoshgacha ilm bilan shug‘ullangan bo‘lsa, u bizga juda kerak». Abduqodir Toshqulov OTMda yoshi kattalarning ishlashi haqida

Oliy ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov OTMlarning ilmiy salohiyatini shubha ostiga olayotganlarga munosabat bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ta’limda ishlayotgan 70−80 yoshdan oshganlar shu vaqtgacha ilm bilan shug‘ullangan bo‘lsa, ular ta’lim uchun kerak. Bundan tashqari, vazir tasdiqlanmagan ma’lumot bergani uchun 23 OTM prorektorini tanqid qildi.

Sharoiti og‘ir va kam ta’minlangan keksalarning jarrohlik amaliyotlari xarajatlari qoplanadi

Sharoiti og‘ir va kam ta’minlangan keksalarning dori vositalari, tibbiy va maxsus protez-ortopediya moslamalari olib beriladi hamda jarrohlik amaliyotlarining xarajatlari qoplanadi. Shuningdek, og‘ir kasallikka chalingan yoki nogironligi bor keksalarning dori-darmonlarining 50 foizgacha bo‘lgan summasi koplab beriladi.

Qoraqalpog‘istonda o‘z xodimlarini haqoratlagan YHXB boshlig‘iga intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi

Qoraqalpog‘istonda o‘z xodimlarini urib-so‘kkan yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i v.b.ga nisbatan «qattiq intizomiy jazo chorasi» qo‘llanildi. 2021 yilning fevralida sodir bo‘lgan mazkur holat aks etgan videoyozuv YPX xodimlaridan birining bodi-kamerasiga qayd etilgan va yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan edi.

Pensiya yoshiga yetgani uchun mehnat shartnomasini bekor qilish taqiqlanadi

Xodimning pensiya yoshiga to‘lganligi munosabati bilan u bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish tartibi taqiqlanadi. Shuningdek, mamlakatda faol qarish indeksi joriy etiladi.

Madaniyat vazirligi Yulduz Usmonovaning muxlislarga nisbatan qo‘pol munosabatini qoraladi

Madaniyat vazirligi Yulduz Usmonova o‘z konsertida muxlislarga qo‘pol munosabatda bo‘lganini qoraladi va san’atkor muxlislar hurmatini joyiga qo‘yishi shartligini ta’kidladi. Avvalroq xonanda konsert dasturida sahna pardasi ochilmay qolgani uchun e’tiroz bildirgan tomoshabinlardan biriga qo‘pol tarzda javob bergani aks etgan videoyozuv tarqalgan edi.