Ukrainadan o‘zbekistonliklarni evakuatsiya qilish davom etadi — TIV

1186 kishi Ukrainadan Polsha orqali O‘zbekistonga yetkazildi. Chorshanba kuniga ikkita reys rejalashtirilgan. Hozirda Polshada 800 dan ortiq O‘zbekiston fuqarolari qolmoqda. O‘zbekiston elchixonasi jangovar harakatlarga qaramay, evakuatsiya ishlarini davom ettirmoqda, deya xabar bermoqda TIV.

Elchixonani Kiyevdan ko‘chirish masalasi ko‘rib chiqilmayapti — TIV rasmiy vakili

Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakilining aytishicha, O‘zbekiston elchixonasini Kiyevdan evakuatsiya qilish masalasi ko‘rib chiqilmayapti, chunki hozirda diplomatik vakolatxona faoliyatining asosiy ustuvor yo‘nalishi mamlakat fuqarolarini xavfsiz evakuatsiya qilish hisoblanadi.

Xarkov, Sumi va Xersondagi o‘zbekistonliklar harbiy harakatlar to‘liq tugagach evakuatsiya qilinadi — TIV

Ukrainadagi elchixona faol harbiy harakatlar borayotgan Xarkov, Sumi va Xerson shaharlaridan o‘zbekistonliklarni evakuatsiya qilishda qiyinchiliklar duch keldi. Fuqarolar harbiy harakatlar to‘liq tugaganidan keyin evakuatsiya qilinadi. Hozircha ularga bunkerlarda qolish tavsiya etildi.

Prezident hamkor davlatlardagi vaziyat oqibatlarini yumshatish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini tayyorlashni buyurdi

Vazirlar Mahkamasi prezident Shavkat Mirziyoyev ko‘rsatmasiga binoan O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlari bo‘lgan mamlakatlarda yuzaga kelayotgan vaziyatni hisobga olgan holda vujudga kelishi mumkin bo‘lgan barcha salbiy ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarni yumshatish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarning rejasini ishlab chiqadi.

Shavkat Mirziyoyev 3−4 mart kunlari Pokistonda bo‘ladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 3−4 mart kunlari Pokistonga davlat tashrifini amalga oshiradi. Ikkitomonlama muzokaralarda strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.

Tadbirkorlarni tekshirishda eng ko‘p soliq organlari qonun buzgan — Biznes-ombudsman

Biznes-ombudsman 2021 yilda davlat organlari tadbirkorlar faoliyatini tekshirishda yo‘l qo‘ygan huquqbuzarliklar tahlilini e’lon qildi. Unga ko‘ra, 1200 dan ortiq holatda eng ko‘p soliq organlari (238 ta), Agroinspeksiya (167 ta) va Ekologiya qo‘mitasi (166 ta) qonunbuzilishiga yo‘l qo‘ygan. Qolaversa, Transport vazirligi idoralarining mansabdorlariga jinoyat ishi ochish bo‘yicha prokuratura organlariga 8 ta taklif kiritilgan.

Qarshida fuqaro «Mikrokreditbank» mas’ullari bilan 1,1 mlrd kredit pullarini o‘zlashtirgani aytilmoqda

Qarshi tumanida fuqaro «Mikrokreditbank» mas’ul xodimlari bilan boshqa fuqaro nomiga korxona ochib, 1,9 mlrd so‘m kredit ajratib bergani va shundan 1,1 mlrd so‘mni mahsulot xaridi uchun o‘tkazish orqali talon-toroj qilgani aytilmoqda. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

«O‘zbekistonda xorijiy davlatlar tomonidan harbiy xizmatga yollash boshlangani haqidagi ma’lumotlar asosga ega emas» — Mudofaa vazirligi

Mudofaa vazirligi O‘zbekistonda xorijiy davlatlar tomonidan harbiy xizmatga yollash boshlangani haqidagi ma’lumotlar hech qanday asosga ega emasligini ma’lum qildi. «O‘zbekiston harbiy xizmatchilari mamlakatdan tashqaridagi harbiy harakatlarda ishtirok etmaydi», — deyiladi bayonotda.

Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi tashkil etildi

Prezident farmoniga asosan Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi tuzilishi munosabati bilan Mahalla vazirligi nomi o‘zgartirilib, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi sifatida qayta tashkil etildi. Shunga muvofiq, eski lavozimlar tugatilib, yangilari joriy etilmoqda. Qolaversa, 1 iyulgacha «Mahalla to‘g‘risida» gi qonun loyihasi ishlab chiqilishi ham belgilandi.

Endi alimentdan qarzdorlikni davlat to‘lab beradi, keyinchalik MIB uni undirib oladi

Prezident 172 ming nafar ota o‘z farzandi uchun aliment to‘lamagani, bugungi kunda jami 115 mlrd so‘m qarzdorlik mavjudligini tanqid qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, endi alimentdan qarzdorlikni davlat to‘lab beradi, keyinchalik MIB qarzni undirib oladi. Buning uchun «Aliment to‘lovlari» jamg‘armasi tashkil etilib, unga dastlab 50 mlrd so‘m ajratiladi.

2021 yilda 39 mingga yaqin xotin-qizlar oilada zo‘ravonlik bo‘layotgani haqida murojaat qilgan — prezident

Prezident seshanba kungi videoselektorda 2021 yilning o‘zida 39 mingga yaqin xotin-qizlar oilada zo‘ravonlikka uchraganini ma’lum qildi. «Mahallada ishlamaganimizni natijasi shu», — dedi Shavkat Mirziyoyev. Uning so‘zlariga ko‘ra, endi tazyiqqa uchragan ayollar himoyasi sud tomonidan ta’minlanadi, himoya orderi esa bir yilgacha muddatga beriladi.

Deputatlar «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ma’qulladi

Chorshanba kuni deputatlar «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ma’qulladi. Hujjat bilan davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reyestri yuritiladi va ularga nomzodlar ochiq tanlov asosida tanlab olinadi. Davlat xizmatchisiga tadbirkorlik bilan shug‘ullanish, xizmati evaziga jismoniy va yuridik shaxslardan mukofot yoki sovg‘a olish, chet el fuqaroligiga ega bo‘lish, O‘zbekistondan tashqarida bank hisobraqami ochish, ko‘chmas va boshqa mulkka egalik qilish taqiqlanmoqda. Hujjat Senatga yuborildi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim xodimlari uchun ko‘krak nishonlar ta’sis etish taklifi bildirildi

Oliy va o‘rta maxsus ta’limda fidokorona mehnat qilayotgan, tashabbuskor, soha rivojiga munosib hissa qo‘shgan fuqarolarni 2 turdagi ko‘krak nishon bilan taqdirlash taklifi ilgari surildi. Mukofotlar 1 oktabr — Ustoz va murabbiylar kuni bayrami arafasida topshirish rejalashtirilmoqda. G‘oliblarga nishon bilan birga BHMning 4 baravarigacha pul mukofoti ham berish ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston va BMT Kontrterror boshqarmasi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni tayyorlaydi

Prezident Shavkat Mirziyoyev BMT bosh kotibi o‘rinbosari — Kontrterror boshqarmasi rahbari Vladimir Voronkovni qabul qildi. Tomonlar «Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik» rezolyutsiyasi doirasida ko‘p tomonlama tadbirlar o‘tkazish, yoshlarni ekstremizm va terrorizmning salbiy ta’siridan himoya qilish, «qaynoq nuqtalar»dan qaytarilgan shaxslarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish sohasida tajriba almashish hamda kadrlar tayyorlash yo‘nalishida hamkorlik qilish imkoniyatlarini muhokama qilishdi.

O‘zbek paxtasi tizimli bolalar mehnati va majburiy mehnatdan holi bo‘ldi — XMT

Xalqaro mehnat tashkiloti O‘zbekiston 2021 yilgi paxta yetishtirish hamda yig‘im-terim mavsumida bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berganini ma’lum qildi. Xususan, 2021 yilda terimchilarning 99 foizi ixtiyoriy, taxminan bir foizi esa bevosita yoki bilvosita majburlash orqali ushbu jarayonga jalb etilganini ma’lum qilgan. Terimchilarning uchdan ikki qismini xotin-qizlar tashkil etadi.

O‘zbekiston vaksina uchun shpritslarni qabul qilib oldi

Chorshanba kuni COVAX dasturi doirasida O‘zbekistonga Pfizer vaksinasi bilan emlashda ishlatish uchun 669 ming dollarlik shprits va ularni xavfsiz utilizatsiya qilish uchun qutilar keltirildi.

Koronavirusga qarshi emlanmagan 45 mingdan ortiq xodimlar ishdan chetlashtirildi

SES avgust oyidan buyon 89 mingdan ortiq ishchi-xodimlar koronavirusga qarshi vaksina olmaganini aniqladi. Ularning 45 mingdan ortig‘i vaqtincha ishdan chetlashtirilgan.

Yanvar oyida O‘zbekiston banklarining muammoli kreditlari 503 mlrd so‘mga ortdi

1 fevral holatida O‘zbekiston banklarining kredit portfelidagi muammoli kreditlar (NPL) ulushi 5,4 foiz yoki 503 mlrd so‘mga ko‘paydi. NPL o‘sishining asosiy qismi davlat ulushi mavjud banklar hisobiga to‘g‘ri keladi. Ushbu banklarda NPL 453 mlrd so‘mga ortgan. Xususiy banklarda esa bu ko‘rsatkich qariyb 50 mlrd so‘mni tashkil etdi.

O‘zbekistonda Lada avtomobillari narxi oshdi

Rubl kursidagi jiddiy tebranishlar va Rossiyaga qarshi sanksiyalar fonida «AvtoVAZ» avtomobil ishlab chiqaruvchisi Lada avtomobillari narxini o‘rtacha 15 foizga oshirdi. O‘zbekistonda ham ushbu kompaniya mashinalarining narxi oshgan.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqolalar:

Rossiya-Ukraina o‘rtasidagi mojaro O‘zbekiston iqtisodiyotiga va migrantlarga qanday ta’sir qilishi mumkin?

Rossiya moliya tizimiga qo‘llanilgan sanksiyalar va rubl qadrsizlanishi O‘zbekiston iqtisodiyotiga qanday ta’sir qilishi mumkin? Rossiyadagi o‘zbek migrantlari hozirgi sharoitda nima qilgani ma’qul? Ehtimoliy inqiroz oqibatlariga qarshi kurash uchun qanday choralar ko‘rish kerak? «Gazeta.uz» shu va boshqa savollar bo‘yicha iqtisodchi mutaxassislar fikri bilan qiziqdi.