O‘zbekistonga kirishda koronavirusga ekspress test olish tartibi bekor qilindi

Respublika maxsus komissiyasi 25 yanvardan xalqaro aeroportlar, temir yo‘l vokzallari va avtomobil o‘tkazish chegara punktlarida fuqarolardan koronavirus infeksiyasiga ekspress test olish tartibini bekor qildi. Bunda tashrif buyuruvchilar kamida 48 soat oldin topshirgan manfiy PZR-test ma’lumotnomasini taqdim etishi lozim.

Yakshanba kuni qariyb 1300 kishida koronavirus aniqlandi

Yakshanba kuni 1296 kishining koronavirusga topshirgan PZR-testi ijobiy natijani qayd etdi. Bu ko‘rsatkich shanba kuni qariyb — 1500 dan oshgan edi. Ikki bemor kasallik oqibatida vafot etdi. Qolaversa, 172 kishida pnevmoniya aniqlandi.

Kinematografiya agentligi va Sevimli TV rahbarlari o‘rtasidagi manfaatlar to‘qnashuvi tasdiqlandi

Antikorrupsiya agentligi Kinematografiya agentligi rahbari Firdavs Abduxoliqov va uning tushmush o‘rtog‘i, qizi hamda o‘g‘li ta’sischilari bo‘lgan Sevimli TV o‘rtasida shartnomalar tuzilishi va subsidiyalar ajratishda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilganini aniqladi. Hujjatlar jinoyat ishini qo‘zg‘atish uchun Bosh prokuraturaga yuborildi.

Mirzo Ulug‘bek tumani aholisi hovlidagi qurilishga qarshi chiqmoqda

Poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumani «Kamolot» mahallasidagi beshta uyda yashovchi aholi daraxtlar o‘sib turgan hovlida ko‘p qavatli uy qurilishiga qarshi chiqdi. Ular miting o‘tkazishga ruxsat olish uchun murojaat qilishga majbur bo‘lganlarini aytishdi. Tuman hokimligi bunday holat bo‘lmaganiga qaramasdan, mitingga chaqiriq uchun javobgarlik haqida ogohlantirdi.

Qarshi davlat universitetida 40 ga yaqin daraxt kesib tashlandi

Ekologiya davlat qo‘mitasi Qarshi davlat universiteti hududida 40 ga yaqin daraxt noqonuniy ravishda kesilganini ma’lum qildi. Universitet bunga qadar uch marta daraxtlarni kesish uchun ruxsat so‘rab murojaat qilgan, ammo har gal rad javobini olgan.

Afg‘oniston transafg‘on temir yo‘lining yo‘nalishini tasdiqladi

«Tolibon» hukumati O‘zbekistonni Pokiston portlari bilan bog‘laydigan Mozori Sharif — Kobul — Peshovar temir yo‘l yo‘nalishi Bag‘lon va Bomiyon orqali o‘tishini ma’lum qildi.

JICA Ipak yo‘li madaniy merosini raqamli arxivlar orqali saqlashga $490 ming ajratadi

Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi O‘zbekistonda «Ipak yo‘li madaniy merosini raqamli arxivlar orqali saqlash» loyihasiga 490 ming dollar ajratadi, deb xabar qildi Madaniy meros agentligi.

Toshkentda mashinaga o‘q uzilgan holat ishtirokchilariga 15 sutkadan qamoq jazosi berildi

Sud qarori bilan Toshkentda bir haydovchi boshqa mashinaga o‘q uzgan holatning har ikki ishtirokchisiga 15 sutkadan ma’muriy qamoq jazosi belgilandi.

Oybek Tursunov «Kapitalbank» afillangan shaxslar ro‘yxatidan chiqarildi

Prezidentning kuyovi, tadbirkor Oybek Tursunov «Kapitalbank»ning afillangan shaxslar ro‘yxatidan chiqarildi. 2021 yilning noyabr oyi boshida u ushbu bankdagi ulushini 50 foizga oshirib, afillangan shaxslar ro‘yxatiga kirgandi.

Bohadir Abduvaliyev Yunusobod tumani hokimi bo‘ldi

Toshkent shahar prokurorining o‘rinbosari sifatida 2019 yildan beri ishlab kelayotgan Bohadir Abduvaliyev Yunusobod tumani hokimi etib tayinlandi. U mazkur lavozimda Jahongir Ibrohimovning o‘rnini egalladi.

Farg‘ona shahri va Bag‘dod tumaniga hokimlar tayinlandi

Farg‘ona viloyatining Bag‘dod tumani hokimi Vosiljon Nazarov Farg‘ona shahriga hokimi lavozimiga tasdiqlandi. Uning o‘rnini esa viloyat iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Yusufjon Xusainov egalladi.

Helvetas Swiss Intercooperation filiali O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tdi

Shveysariyaning Helvetas Swiss Intercooperation mustaqil tashkiloti Adliya vazirligidan ro‘yxatdan o‘tib, O‘zbekistonda o‘zining filialini ochdi. Tashkilot allaqachon, 4,8 mln franklik loyihani amalga oshirishni boshlab yuborgan.

DXX kiberxavfsizlik sohasida vakolatli organ etib belgilanishi mumkin

Qonunchilik palatasida deputatlar «Kiberxavfsizlik to‘g‘risida»gi qonun loyihasini muhokama qilmoqda. Hujjatda kiberxavfsizlik sohasidagi vakolatli davlat organi etib Davlat xavfsizlik xizmatini belgilash ko‘zda tutilgan.

Chilonzor tumanidagi omborxonada yong‘in sodir bo‘ldi

Toshkent shahri Bunyod ko‘chasidagi omborxonada yong‘in yuzaga keldi. FVV hozirda yong‘inni bartaraf etish ishlari olib borilayotganligini ma’lum qildi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida jabrlangan va halok bo‘lganlar yo‘q.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqolalar:

Tajribalar maydonchasi

O‘tgan haftada OTMlarga kirish test sinovlari tartibini yana o‘zgartiruvchi yangi qarorlar qabul qilindi. «Gazeta.uz» kolumnisti Komil Jalilov taklif etilayotgan yangiliklarni umumxalq muhokamasidan o‘tkazish hamda o‘zgarishlarni ilmiy asoslash zarurligi to‘g‘risida yozadi.

«Tariximizda ishlatgan juda eski texnologiyalarni hatto XXI asrda qo‘llashni boshlamadik» — Behzod Hoshimov zinasiz aeroport va tramvay haqida

Iqtisodchi Behzod Hoshimov O‘zbekiston texnologiyalarda ancha qolib ketganligini ta’kidlab, buni aeroport terminali zinali qurilganligi va yaqin o‘tmishda tramvaylardan voz kechilganligi bilan tushuntirib berdi. «Toshkent xalqaro aeroportining yangi kelish zali yoki ichki qatnovlar uchun qurilgan yangi aeroport binosi yap-yangi, lekin yonidagi 50 metr nariroqda, 50 yil oldin barpo qilingan binodagi texnologiyani ham ishlatmagan. Bilib turib voz kechilgandek», — deb yozadi iqtisodchi.