O‘zbekiston “quruqlik portlari” to‘g‘risidagi bitimga qo‘shildi

O‘zbekiston xalqaro yuklarni tashishni soddalashtirishga mo‘ljallangan “Quruqlik portlari” to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimga qo‘shildi.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarning haydovchilikka tayyorlash kurslarida o‘qish xarajatlari kompensatsiya qilinadi

Hukumat qarori bilan ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarga haydovchilikka tayyorlash kurslarining xarajatlari kompensatsiya qilinadi. Bunda kompensatsiya miqdori BHMning 4 baravarigacha bo‘lishi mumkin. Shuningdek, safarbarlik chaqiruvchi rezervidagi xizmatni o‘tash badali ham qoplab beriladi.

Shavkat Mirziyoyev va Gurbanguli Berdimuhamedov nimalar haqida kelishishdi?

Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning O‘zbekistonga tashrifi doirasida mamlakatlar avtomobillar va elektrotexnika yig‘ish hamda turizm sohasida klasterlar tuzish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish to‘g‘risida kelishuvga erishishdi. Turkmaniston tomoni 300 mln dollarga o‘zbek tovarlarini xarid qilishni rejalashtirmoqda va “Turkmanboshi” dengiz porti infratuzilmasini taklif qilmoqda.

“Ko‘p holatlarda xususiy sektor davlatga qaraganda yaxshi ishlaydi” — Ruslanbek Davletov

Adliya vaziri seshanba kuni o‘tkazilgan anjumanda davlatning ayrim funksiyalarini xususiy sektorga berishning ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdi. “Ko‘p holatlarda xususiy sektor davlatga qaraganda yaxshi ishlaydi”, — dedi Ruslanbek Davletov. Uning fikricha, buning uchun tartibga solish mexanizmlari va qonunlar bo‘lishi kerak. Shuningdek, vazir O‘zbekistondagi qamoqxonalar xususiy sektorga o‘tkazilmasligini ta’kidladi.

“Narxoz"ning sobiq prorektori 2 mln dollarni o‘zlashtirganlikda gumonlanmoqda

Qidiruvga berilgan TDIU sobiq prorektori Nodir Idiyev 2 mln dollarni o‘zlashtirganlikda ayblanayotganligi ma’lum bo‘ldi.

O‘zbekiston va Turkmaniston elektr energiya yetkazib berish bo‘yicha qo‘shimcha kelishuv imzoladi

Turkmanistondan O‘zbekistonga elektr energiyasi yetkazib berish haqidagi kelishuv yana bir yilga uzaytirildi. Umumiy hajmlar va narxlar oshkor qilinmadi, ammo ITSV rahbarining birinchi o‘rinbosari Laziz Qudratovning so‘zlariga ko‘ra, tariflar avvalgi darajada saqlanib qolgan.

2022 yildan barcha viloyatlarda buyrak transplantatsiyasi amalga oshiriladi

Prezident qarori bilan 2022 yildan yakuniga qadar barcha hududlarda buyrak transplantatsiyasi amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida esa yurak va o‘pka transplantatsiyasi joriy etiladi.

Toshkent viloyatida soxta 100 ming so‘mlik kupyuralarni sotayotgan shaxslar ushlandi

Toshkent viloyatida qalbaki 100 ming so‘mlik kupyuradan iborat jami 50 mln so‘mni 5 mln so‘mga sotayotganlar qo‘lga olindi. Ular bunga qadar jami 210 mln so‘m miqdoridagi qalbaki 100 ming so‘mlik kupyuralar muomalaga chiqarib yuborilganligi aniqlandi.

Qiziqchi Valijon Shamshiyev bolalar maktabi direktori etib tayinlandi

Qiziqchi Valijon Shamshiyev Yashnobod tumani “Barkamol avlod” bolalar maktabi direktori lavozimiga tayinlandi.

Jamiyat ochiqlik orqali mansabdorlarni tarbiyalaydi — Adliya vaziri

Ruslanbek Davletov jamiyat ochiqlik siyosati orqali mansabdorlarni tarbiyalashini ta’kidladi. “Agar amaldorning bitta qadami birovga yoqmaydigan qadam bo‘lsa, albatta yashirishga harakat qiladi, ko‘p holatlarda shunaqa”, — dedi u. Vazirning fikricha, ochiqlik “qaysidir vazirlik uchun qiyin bo‘lishi mumkin, lekin jamiyat uchun yaxshi”.

Shahrisabzda maktab o‘quvchilari jismoniy tarbiya darsini poli chirib ketgan sport zalida o‘tishdi

Shahrisabzdagi maktablardan birida o‘quvchilar poli chirib kergan sport zalida shug‘ullanyotgani haqida xabarlar tarqaldi. Qashqadaryo viloyati xalq ta’limi boshqarmasiga ko‘ra, 2022 yil maktab sport zalining pol qismi yangidan ta’mirlash rejalashtirilgan. Hozirda mavjud imkoniyatlardan foydalanib, ta’mirlash choralari ko‘rilmoqda.

Energetika vazirligi benzin narxi oshishiga izoh berdi

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda yil boshidan beri benzin narxi 28,2 foizga oshgan. Xususan, ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari asosan Ai-91 narxi 8100 so‘mgacha oshgani haqida izohlar qoldirishmoqda. Energetika vazirligi Ai-80 narxi ichki bozordagi intervensiya hisobiga ushlab turilganini, Ai-91, Ai-92, Ai-95 narxi esa jahon neft bozoriga bog‘liq ekanligini ma’lum qildi.

“Hukumat ixcham bo‘lishi kerak” — Ruslanbek Davletov

Adliya vaziri seshanba kungi anjumanda O‘zbekistonga juda katta davlat apparati to‘g‘ri kelmasligi, unga ketadigan xarajatlar juda ko‘pligini ta’kidladi. “Hukumat ixcham bo‘lishi kerak”, — dedi Ruslanbek Davletov. U shuningdek, fuqarolar biror tashkilot xulosasi uchun viloyatdan Toshkentga qatnashiga to‘g‘ri kelishini ham tanqid ostiga oldi.

O‘zbekiston prezidenti AQSh kongressmenlari bilan uchrashdi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSh kongressmenlari Don Beykon, Dug Lamborn, Troy Nels va Avgust Pflyugerni qabul qildi. Uchrashuvda Nebraska, Kolorado va Texas bilan hamkorlik bo‘yicha loyiha va dasturlar muhokama qilindi.

“Gazeta.uz"da chiqqan maqolalar:

Yevropada energiya inqirozi: gaz narxining keskin o‘sishi sabablari va oqibatlari

Yevropada tabiiy gaz narxlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan olti baravarga o‘sdi. 5 oktabr kuni tabiiy gaz fyucherslari narxi ming kub metr uchun qariyb 1200 dollarga yetdi. Yaqinlashayotgan isitish mavsumida gaz tanqisligi xavfi xonadonlarni isitish, elektr energiyasi ta’minoti va sanoat ishlab chiqarishga jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin. Yevropa gaz bozorida naxrlarning rekord darajada ko‘tarilishining sabablari va buning oqibatlari haqida “Gazeta.uz” maqolasida.

“Samolyotlar parvozini yuz yil bo‘lsa ham kuzatardim”. Aviaspotting nima va nega odamlar samolyotlarni suratga oladilar?

Bolalikda nigohlaringizni ko‘kka qaratib, hayajon bilan “samolyot!” deya hayqirganlaringiz yodingizdami? “Temir qushlar"ga bo‘lgan bu qiziqish, garchi yoshlari ulg‘aygan bo‘lsa ham, aviaspotterlarni hamon tark etgani yo‘q. Ular har qanday ob-havoda ham laynerlarning uchish-qo‘nishlarini fotosuratga olishga shoshadilar. “Gazeta.uz” O‘zbekiston spotterlari bilan ularning sevimli mashg‘ulotlari, o‘lkamiz va xorijdagi spotting farqi haqida suhbatlashdi.