Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari benzin narxi keskin oshgani haqida xabar qilishmoqda. Misol uchun bir litr Ai-91 markasidagi benzin 8100 so‘mgacha oshgan.


Ijtimoiy tarmoqlarda 30 sentabr kuni e’lon qilingan xabar. Post ostida qoldirilgan izohlarda foydalanuvchilar Ai-91 benzini uchun narx 8300 so‘mgacha ko‘tarilgani haqida yozib qoldirgan.

Energetika vazirligi vaziyatga izoh berar ekan, aholini ijtimoiy himoya qilish maqsadida «O‘zbekneftgaz» AJ Ai-80 benzinning narxini mahsulotni ichki bozorga katta hajmda realizatsiya (intervensiya) qilish hisobiga bir maromda ushlab turganini qayd etdi.

Brent nefti narxi uch yil ichida ilk bor 83 dollardan oshdi. Goldman Sachs banki xom-ashyo bozorida voqea rivoji yil yakuniga qadar Brent neftining 1 barreli uchun narx 90 dollargacha oshadi deb hisoblaydi, deya yozmoqda RBK.

Manba: RBK.

Neftning narxi oshishi fonida Energetika vazirligining ta’kidlashicha, «O‘zbekneftgaz» ishlab chiqarayotgan benzinning 78 foizidan ortig‘ini tashkil qiluvchi Ai-80 chakana narxda 5800−6100 so‘m etib sotilmoqda.

Xabarda qayd etilishicha, Ai-91, Ai-92, Ai-95 benzinlarining asosiy qismi chetdan olib kelinayapti yoki import xom-ashyodan ishlab chiqarilmoqda. Ularning narxi jahon neft bozori kon’yunkturasiga bog‘liq.

Vazirlik hisob-kitoblariga ko‘ra, 1 barrel 80 AQSh dollar bo‘lganda 1 litr Ai-91 va Ai-95 markali benzin o‘rtacha 8 900 so‘mni tashkil qiladi.


Energetika vazirligi O‘zbekistonda 2017 yildan beri benzin birja savdolari orqali sotilayotgani, shu bois narx bozor tamoyillari asosida shakllanishini qayd etdi. Shu jumladan, 2017 yilning noyabridan Ai-92, Ai-93, Ai-95 va Ai-98 markali, 2019 yilning 15 avgustidan esa — Ai-91 markali, 2020 yilning 1 mayidan esa — Ai-80 markali benzin narxini tartibga solish to‘xtatilgan.

«Mazkur avtobenzin narxlarini Hukumat qarorlari bilan belgilash amaliyotidan voz kechildi. Natijada sog‘lom raqobat muhiti shakllandi va iste’molchilarga maqbul narxlarda sifatli mahsulotlar yetkazib berish yo‘lga qo‘yildi», — deyiladi xabarda.

Ichki ishlab chiqarish va import

Davlat statistika qo‘mitasi rasmiy маълумотларига ko‘ra, 1 sentabr holatiga O‘zbekistonda 729,4 ming tonna (992,4 mln litr atrofida) benzin ishlab chiqarilgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5 foizga ko‘p. Shunga qaramasdan, 8 oy mobaynida mamlakatga 100 mln dollarlik 281,6 mln litr benzin (mamlakatda umumiy benzin iste’moli hajmining 22 foizi) import qilingan. Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichga qaraganda 3,2 marotaba ko‘proq.

O‘zbekistonga asosan yoqilg‘i Rossiyadan (139 mln litr), Turkmaniston (121 mln lirt), Qozog‘iston (16 mln litr) va Iroqdan (3,6 mln litr) olib kiriladi.

Davlat statistika qo‘mitasi маълумотларига ko‘ra, yil boshidan beri benzin narxi 28,2 foizga, propan esa — 27,3 foizga oshgan.