5 oktabr kuni Yevropada tabiiy gaz fyuchers shartnomasi narxlari rekord darajaga ko‘tarildi, deya xabar qilmoqda Fortune nashri. Energiya narxlarining keskin o‘sishi mintaqa iqtisodiyotining barcha sohalariga o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda. Xususan, qishda gaz tanqisligi yuzaga kelishi ehtimoli xonadonlarni isitish, elektr energiyasi ta’minoti va sanoat ishlab chiqarishga jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin.

Xabarda aytilishicha, seshanba kuni yevrozonada yetakchi hisoblangan Gollandiyaning TTF birjasida noyabr oyi uchun yetkazish shartlarida gazning narxi tarixan eng yuqori daraja — 14 foizdan ziyodga ko‘tarilib, megavatt soatiga 100 yevrodan (peshin vaqtida 107 yevrodan ziyod) yoki ming kub metr uchun 1197 dollardan oshdi. So‘nggi kunlarda gaz narxlari o‘sishi deyarli vertikal trendni namoyon qilmoqda.

Tabiiy gaz fyuchers shartnomalari narxining o‘sish dinamikasi. Foto: fortune.com

Euronews`ning xabar qilishicha, Yevropa mamlakatlari vazirlarining 4 oktabr kuni Lyuksemburgda bo‘lib o‘tgan uchrashuvi kun tartibidan energiya narxlari bilan bog‘liq masala ham o‘rin oldi.

Energiya inqirozidan mintaqadagi fuqarolar, xususan, elektr ta’minotchilari bilan o‘zgaruvchan narxli (qat’iy o‘zgarmas narxdan farqli o‘laroq) shartnoma tuzgan fuqarolar eng ko‘p aziyat chekishi kutilmoqda.

Qayd etilishicha, sentabr oyida yevrozonada inflyatsiya darajasi, Yevropa Markaziy banki yillik inflyatsiya maqsadining 2 foizlik stavkasidan farqli o‘laroq, 3,4 foizga ko‘tarildi. Energiya narxlari inflyatsiyasi 17 foizdan oshdi.

Xabarga ko‘ra, uchrashuv vaqtida Fransiya iqtisodiyot va moliya vaziri Bruno Le Mey YeI energiya bozorining asosiy kamchiligi — bu elektr energiyasi umumiy narxining tabiiy gaz narxiga bog‘langanligi ekanligini qayd etdi. Shuningdek, Le Mey energiya inqiroziga qarshi YeI miqyosida chora ko‘rish, shu jumladan spekulyatsiyalarga qarshi kurashish va narxlarning aniqligini ta’minlash uchun YeI bozorini tartibga solishni qayta ko‘rib chiqish lozimligini ta’kidladi.

Ispaniya vakili Nadia Kalvinyo butun YeI uchun «strategik gaz zaxirasini» yaratish — koronavirusga qarshi vaksinalarni jamoaviy sotib olishda qo‘llangan umumiy xaridlar sxemasini taklif qildi.

Biroq a’zo davlatlarning narxlar ko‘tarilishini cheklash bo‘yicha keng ko‘lamli qo‘shma chora-tadbirlarga munosabati turlicha.

Finlyandiya moliya vaziri Annika Saarikko bu borada Rossiyani tabiiy gaz eksportini global miqyosdagi talabga mos ravishda oshirishni istamaganligi tufayli narx inqirozini yanada kuchaytirganlikda aybladi.

Ma’lum qilinishicha, komissiya a’zo davlatlarga energiya inqirozini bartaraf etish va uni yumshatish uchun foydalanish mumkin bo‘lgan «instrumentlar jamlanmasi»ni taklif qilishga tayyorlanmoqda.

Yevropadagi vaziyat

Yevropada yuzaga kelgan energiya inqirozi yuzasidan Euronews nashri tayyorlagan materiallarga tayanilsa, bugungi kunga kelib Yevropada tabiiy gaz narxlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan olti baravarga o‘sgan. Gaz narxlarining keskin o‘sishi elektr energiyasi bozoridagi vaziyatga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda. Yevropa Ittifoqida (YeI) elektr energiyasining beshdan bir qismi tabiiy gaz hisobiga olinadi.

YeI tabiiy gaz iste’molida asosan importga tayanadi. Eurostat ma’lumotlariga ko‘ra, 2019 yilda YeI foydalaniladigan tabiiy gazning qariyb 90 foizini import qilishiga to‘g‘ri kelgan.

YeI tabiiy gaz importining eksportyorlar kesimida taqsimoti. Manba: Eurostat

Tabiiy gaz narxlari nega o‘sib bormoqda?

Euronews nashriga ko‘ra, dunyo miqyosida COVID-19 bilan bog‘liq karantin cheklovlarining yumshatilishi yoki butunlay bekor qilinishi va mamlakatlar tashqi iqtisodiy aloqalarining qayta tiklanishi ko‘plab turdagi tovarlarga, shu jumladan, tabiiy gazga bo‘lgan global miqyosdagi yalpi talabni rag‘batlantirdi.

Yevropa va Sharqiy Osiyoda o‘tgan qish mavsumining uzoqqa cho‘zilganligi natijasida mamlakatlarda gaz rezervuarlaridagi zaxiralar keskin kamaydi. Bu, o‘z navbatida, gaz bozori xaridorlari o‘rtasida raqobatni yuzaga keltirdi va narxlarning ko‘tarilishiga turtki bo‘ldi.

Yevropa gaz bozorida naxrlarning rekord darajada ko‘tarilishiga har ikki tomondan — talab va taklif bilan bog‘liq omillar o‘z ta’sirini o‘tkazganligi ta’kidlanmoqda. Jumladan:

  • O‘tgan qishning nisbatan sovuq kelganligi gaz iste’molini oshirdi, shu sababli Yevropada rezervuarlardagi gaz hajmi keskin kamaydi. Natijada yangi isitish mavsumi yaqinlashgani sayin qishning sovuq kelishi to‘g‘risidagi havotirlar va tabiiy gazga bo‘lgan talab bilan bir vaqtda narxlar ham oshib bormoqda.
  • Buning ustiga ko‘mir iste’molidan voz kechish va Yevropaning ayrim hududlarida energiya ta’minotini muvozanatda ushlab turuvchi shamol energiyasi ishlab chiqarishning qisqarishi ham tabiiy gazga bo‘lgan talabni oshirib yubordi.
  • Shuningdek, Yevropa tabiiy gaz ishlab chiqarishni kamaytirmoqda. Yevropaning eng yirik mahalliy tabiiy gaz ishlab chiqaruvchisi Gollandiya 2018 yilda asosiy gaz koni Groningenni foydalanishdan chiqarishni boshladi. «Yevropa gaz infratuzilmasi»dan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda Yevropada foydalanilayotgan gaz zaxiralari ulushi 74 foizni tashkil qiladi, o‘tgan yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 94 foizga teng edi.

YeI energiya inqirozida Rossiyaning roli va «Shimoliy oqim 2»

YeIning tabiiy gaz bo‘yicha eng yirik eksportyori Rossiya hisoblanadi. 2019−2020 yillarda YeIga jami gaz importining 40 foizdan ortig‘i Rossiya hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Xalqaro energiya agentligi (IEA) ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaning YeIga gaz eksporti hajmi 2019 yilgiga nisbatan kamaygan. Shuningdek, IEA Rossiyaning Yevropaga gaz eksportini oshirib, kelayotgan isitish mavsumi uchun tayyorgarlikda gaz rezervuarlarining munosib darajada to‘ldirilishini ta’minlash imkoniga ega ekanligini qayd etgan.

Mulohazalarga ko‘ra, Gazprom (Rossiya) «Shimoliy oqim 2» (NS2) gaz quvurini ishga tushirilishiga erishish maqsadida qasddan YeIga gaz yetkazib berish hajmini oshirishga shoshilmayotgan bo‘lishi mumkin. Yaqinda Yevropa parlamenti a’zolari Komissiyani bu borada tekshiruv o‘tkazishga chaqirishdi.

Ayrim ekspertlarning fikricha, Gazprom Yevropa gaz bozorida raqobat ta’minlanishi uchun o‘zining bozordagi ulushini 40 foizlik chegarada ushlab turishga qonunan haqli.

sentabrda Rossiya hukumati vakili yangi quvurning ishga tushirilishi Yevropada tabiiy gaz narxini «sezilarli darajada muvozanatlashtirishini» ma’lum qilgach, Rossiyaning gazni ataylab to‘xtatib qo‘ygan bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risidagi shubhalar yanada kuchaydi.

Foto: Samuel Bailey/WikiCommons

sentabr boshida Gazprom NS2 gaz quvurini qurish ishlari yakunlanganligini haqida rasman xabar bergan edi.

NS2 gaz quvuri Rossiyadan Yevropaga Boltiq dengizi orqali gaz yetkazib berilishini ta’minlaydi. Uzunligi 1200 km bo‘lgan mazkur gaz quvurining quvvati yiliga 55 mlrd metr-kubga teng bo‘lib, YeIga gaz yetkazib berish umumiy quvvatini ikki barobarga oshirish imkonini beradi.

Ta’kidlash joizki, NS2 loyihasi AQSh va Ukrainaning keskin qarshiligiga uchragan edi. Reuters`ning yozishicha, 2019 yil oxirlarida Donald Tramp hukumati sanksiyalari tufayli qiymati 11 mlrd dollarlik mazkur loyiha qurilishini bir muddat to‘xtatib turishga ham to‘g‘ri kelgan edi. Gap shundaki, Rossiyaning YeIga gaz eksportidan Ukraina tranzit davlat sifatida daromad olib kelgan. Bu borada Rossiya-Ukraina bitimining amal qilish muddati 2024 yilgacha. Shu sababli NS2`ning ishga tushirilishi Ukraina manfaatlariga zid kelishi mumkin.

Gazprom hozircha NS2`ni ishga tushirish Germaniya tomonidan ma’qullanishini kutmoqda. Germaniya hukumati sentabr boshida NS2`ni ishga tushirishni ma’qullashni hujjatlashtirish jarayonlari to‘rt oy vaqt talab qilishini ma’lum qilgan.

NS2`ni ishga tushirish orqali Rossiya YeI energiya bozoridagi o‘rnini yanada mustahkamlaydi. Ayrim mutaxassislar YeIning energiya bo‘yicha Rossiyaga qaramligi kuchayishi va Rossiya hukumati bundan siyosiy qurol sifatida foydalanishi mumkinligidan xavotirda.

Xalqaro energiya agentligi (IEA) munosabati

Ba’zi mulohazalarga ko‘ra, energiya inqiroziga YeIda iqlim siyosati — uglerod emissiyasi ruxsatnomasi narxlarining oshishi va toza energiyaga o‘tish bilan bog‘liq sa’y-harakatlar sabab bo‘lgan.

«Yevropa narxlari global gaz bozori dinamikasini ham aks ettiradi. Sharqiy Osiyo va Shimoliy Amerikada 2021 yilning birinchi choragida sovuq harorat kuzatildi. Undan keyin Osiyoda issiq oqim va turli mintaqalarda, jumladan Braziliyada qurg‘oqchilik kuzatildi. Bularning barchasi gazga bo‘lgan talabning oshishiga sabab bo‘ldi. Osiyoda, jumladan, Xitoy, Yaponiya va Koreyada gazga bo‘lgan talab yil davomida kuchli bo‘lib qoldi. Taklif tarafidan, dunyo bo‘ylab bir qator rejadan tashqari uzilishlar va kechikishlar, shunindek, 2020 yildan texnik xizmat ko‘rsatishning kechikishi tufayli suyultirilgan gaz ishlab chiqarish global miqyosda kutilganidan past bo‘ldi», — deya qayd etmoqda IEA.

«Dunyo bo‘ylab tabiiy gaz narxlarining so‘nggi paytdagi o‘sishi bir qancha omillarning natijasidir. Bu borada toza energiyaga o‘tish masalasini sabab qilib ko‘rsatish noto‘g‘ri», — deydi IEA ijrochi direktori Fotih Birol.

Ma’lum qilinishicha, Yevropada elektr energiyasi narxining keskin o‘sishi Yevropada gaz, ko‘mir va uglerod narxining oshishi bilan bog‘liq. Gaz narxining keskin ko‘tarilishi Yevropaning bir qator bozorlarida elektr energiyasini etkazib beruvchilarni elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun gazdan ko‘mirga o‘tishga majbur qildi.

«Elektr va gaz bozorlari o‘rtasidagi bog‘liqlik yaqin orada uzilmaydi. Gaz bugungi kunda ko‘plab mintaqalarda elektr bozorlarini muvozanatlashda muhim vosita bo‘lib qolmoqda. Toza energiya almashinuvi aniq nol emissiya yo‘liga o‘tishi bilan, global gazga bo‘lgan talab kamaya boshlaydi, lekin u elektroenergetika xavfsizligining muhim tarkibiy qismi bo‘lib qoladi. Bu, ayniqsa, elektr energiyasiga bo‘lgan talabning mavsumiy o‘zgarishi yuqori bo‘lgan mamlakatlarda to‘g‘ri keladi».