Prezidentning 4 oktabr kuni «Xirurgiya xizmatini transformatsiya qilish, hududlarda jarrohlik amaliyotlari sifatini oshirish va ko‘lamini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi.

Unga ko‘ra, 2022−2023 yillar davomida kam invaziv va yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari ko‘lami oshirilishi, shu jumladan, tuman (shahar)larda amalga oshiriladigan amaliyotlar turi 60 tadan 79 taga, hududlarda esa 130 tadan 168 taga yetkazilishi belgilanmoqda.

Qolaversa, V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida yurak va o‘pka transplantatsiyasi joriy etiladi.

Hujjat bilan, Xirurgiya markazi, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga 2022 yil yakuniga qadar barcha hududlarda buyrak transplantatsiyasi amaliyoti yo‘lga qo‘yish vazifasi yuklatilmoqda.

Xirurgiya markazi va hududiy davlat tibbiyot muassasalarining xorijiy tillarni yaxshi biladigan xodimlari 2021−2022 yillarda xirurgiya sohasi uchun dolzarb yo‘nalishlar bo‘yicha nufuzli xorijiy tibbiyot muassasalari va markazlariga malaka oshirish va stajirovka o‘tash uchun yuboriladi. Shuningdek, Xirurgiya markazi faoliyatiga yetakchi xorijiy mutaxassislar jalb etiladi.

Malaka oshirish va stajirovka o‘tash uchun yuboriladigan xodimlarga Xirurgiya markazi bilan tuziladigan shartnoma shartlariga muvofiq, Xirurgiya markazi va hududiy davlat tibbiyot muassasalarida ishlab berish majburiyati yuklatiladi.

Xorijiy mutaxassislarning mehnatiga haq to‘lash shartnomada kelishilgan shartlarga muvofiq amalga oshiriladi. Ular uchun ikki tomonga aviachiptalarni sotib olish xarajatlari (uzoq muddatli mehnat shartnomalari tuzilganda bir yilda ikki martadan oshmagan holda) hamda respublika mehmonxonalarida yashash xarajatlari tegishli davlat tibbiyot muassasasi tomonidan milliy valyutada to‘lanadi.

Barcha xarajatlar Sog‘liqni saqlash vazirligining Iqtidorli va malakali tibbiyot mutaxassislarini qo‘llab-quvvatlash hamda tibbiyot muassasalariga jalb qilish jamg‘armasi va mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.