O‘zbekiston va Turkmaniston elektr energiyasini yana bir yil davomida yetkazib berish bo‘yicha o‘zaro bitim imzoladi, deya xabar qildi investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Laziz Qudratov «Gazeta.uz»ga Gurbanguli Berdimuhamedovning 5 oktabrda Toshkentga tashrifi doirasida.

«[Bitim] keyingi yilga ham uzaytirildi… Narxlar aniq oldingi darajada saqlangan», — dedi u.

Energetika vazirligi matbuot xizmatining «Gazeta.uz»ga aniqlik kiritishicha, Turkmanistondan O‘zbekistonga elektr energiyasini yetkazib berish «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» va «Turkmanenergo» kompaniyalari o‘rtasida 2019 yil 29 noyabrda imzolangan kelishuv va unga qo‘shimcha bitimlarga muvofiq ravishda amalga oshirilmoqda.

«2022 yilning yanvaridan dekabrigacha elektr energiyasini yetkazib berish «Turkmanenergo» DEEK va «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari"AJ o‘rtasidagi navbatdagi qo‘shimcha bitim asosida amalga oshiriladi», — deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, Energetika vazirligi yetkazib beriladigan elektr energiyasi hajmi va narxini ma’lum qilishdan bosh tortdi. 2019 yil dekabr boshida qo‘shni respublikadan ikki kun ichida 14,9 mln va 15,4 mln kVt*s elektr energiya importi amalga oshirilgani ma’lum qilingandi.

2020 yil fevralida Turkmanistondagi yuqori voltli elektr uzatish tarmog‘ida yuzaga kelgan avariya natijasida O‘zbekistonga elektr energiyasini yetkazib berish 780 MVt dan 60 MVt ga tushib ketgan edi.

O‘zbekiston so‘nggi uch yil ichida aholi iste’moli va sanoat uchun qo‘shni davlatlardan elektr energiyasi importini qayta tikladi. 2018 yilda Qirg‘iziston va Tojikistondan import qayta yo‘lga qo‘yildi, 2019 yil iyulida — Qozog‘istondan Markaziy Osiyo energetika tizimi ishlaridagi ishtiroki doirasida.

2020 yilda O‘zbekiston 115,7 mln dollarlik yoki 2019 yilga nisbatan 2,1 baravar ko‘p elektr energiyasi import qildi. 2021 yilning dastlabki 8 oyi ichida ushbu ko‘rsatkich 110 mln dollarga yetdi. Shu bilan birga, mamlakat 2020 yilda 135 mln dollarlik, 2021 yilning yanvar-avgustida esa 82,5 mln dollarlik elektr energiyasini eksport qilgan.