Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti (“Narxoz”) sobiq prorektori Idiyev Nodir Fozilovichga nisbatan qidiruv e’lon qilingani haqida xabar berilgan edi.

Buxoro viloyati IIBning “Gazeta.uz"ga ma’lum qilishicha, u 2 mln dollarni o‘zlashtirganlikda gumonlanmoqda.

“Asakabank” ma’lumotlariga ko‘ra, Nodir Idiyev bankning ichki audit xizmati boshlig‘i lavozimlarida faoliyat olib borgan.

“Asakabank” matbuot xizmatining “Gazeta.uz” ga ma’lum qilishicha, 2017 yilda bankning sobiq amaldorlari maqsadli kreditlarni o‘zlashtirish bilan bog‘liq noqonuniy xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ygan.

“Bu qonunbuzarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri bankning ichki audit xizmatlari tomonidan aniqlandi. Aynan bank o‘z tashabbusi bilan bu holatga huquqiy baho berish va qo‘shimcha tergov hamda protsessual choralar ko‘rish uchun tegishli huquqni muhofaza qilish organlariga xabar berdi”, — deyiladi xabarda.

“Asakabank” bank operatsiyalari paytida sodir etilishi mumkin bo‘lgan har qanday noqonuniy harakatlarni keskin qoralaydi va bunday holatlarga shubha qilingan taqdirda, vaziyatga huquqiy baho berish uchun darhol huquqni muhofaza qilish organlarini jalb qiladi.

Iyul oyida “Asaka bank” AJ Buxoro viloyati filiali sobiq mansabdori “Osiyo taraqqiyot banki” mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilgan 2 mln AQSh dollari miqdoridagi imtiyozli kredit mablag‘larini soxta hujjatlar asosida firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritmoqchi bo‘lgani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Kecha “Gazeta.uz” so‘roviga binoan Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti matbuot xizmati sobiq prorektor Nodir Idiyevning 2021 yil iyul oyida mehnat ta’tiliga chiqib ketganligi va shu bilan qaytib kelmaganligini aytgan edi. Avgust oyida esa unga nisbatan qidiruv e’lon qilingan. Universitet matbuot xizmatiga ko‘ra, qidiruvdagi shaxsning jinoyatlari “universitet bilan umuman bog‘liq emas”.

Ayni vaqtda Nodir Idiyevga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (ko‘p miqdordagi firibgarlik) va 209-modda “a” bandi (Mansab soxtakorligi, takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan) bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Huquqiy jihatdan ko‘p miqdordagi firibgarlik deganda BHMning 500 yoki undan ko‘proq baravari (135 mln so‘m va ko‘proq) tushuniladi.