Kecha, 5 oktabr kuni Kun.uz nashri Shahrisabz tumanida joylashgan 58-maktab jismoniy tarbiya o‘qituvchisi Nazrullo Shukrulloyev murojaatini e’lon qildi. O‘qituvchining ma’lum qilishicha, mazkur maktabdagi sport zalining poli batamom chirib ketgan. Yangi o‘quv yilida o‘quvchilar chirigan pol ustida shug‘ullanishga majbur bo‘lmoqda.

“N.Shukrulloyevning yozishicha, u joriy yilda holat haqida 4−5 marta turli tashkilotlarga murojaat qilgan. Ammo natija bo‘lmagan. O‘ylaymizki, viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi mutasaddilari mazkur muammoga e’tibor qaratadi”, — deyiladi xabarda.

Foto: Kun.uz

Holat bo‘yicha Qashqadaryo viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati munosabat bildirdi.

Unga ko‘ra, mazkur holat tegishli mas’ullar ishtirokida o‘rganilmoqda.

Xabarda yozilishicha, Shahrisabz tumani xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 58-umumiy o‘rta ta’lim maktabi “G‘ilon” MFYga qarashli “G‘ilon” qishlog‘ida joylashgan. Maktab 1967 yil qurilgan va 2014 yilda 200 o‘rinli yangi o‘quv binosi qurilgan.

Mavjud 2 ta 240 o‘rinli o‘quv binolari mukammal ta’mirlangan. 2019 yilda maktab filialiga Investitsiya davlat dasturi asosida 96 o‘rinli o‘quv binosi qurilgan.Jami quvvati bugungi kunda 776 o‘quvchi o‘rinli, o‘quvchilar soni 557 nafar, navbatlilik koyeffitsenti 0.7 foiz va maktabning umumiy yer maydoni 1.75 gektarni tashkil etadi. Maktabning 12×24 metr o‘lchamdagi sport zali 2007 yil qurilgan. Maktab tog‘li hududda joylashganligi, yer osti suvlari yer yuzasiga yaqinligi, namgarchilik yuqoriligi natijasida sport zalining pol qismi juda tez vaqtda yaroqsiz holatga kelgan.

Foto: Kun.uz

Qayd etilishicha, 2022 yil “Mahalliy budjet” hisobidan maktab sport zalining pol qismi yangidan ta’mirlash rejalashtirilgan.

Hozirda mavjud imkoniyatlardan foydalanib, maktab sport zalini birlamchi ta’mirlash choralari ko‘rilayotgani aytildi.

May oyida Xalq ta’lim vaziri Sherzod Shermatov 2018−2020 yillarda 2615 ta maktabni rekonstruksiya qilish va qurish uchun 2016 yilga va o‘tgan yillarga nisbatan 3−4 baravar ko‘p mablag‘ ajratilganligini ma’lum qilgan edi. Unga ko‘ra, 2021 yilda investitsiya dasturi doirasida 689 ta maktabni ta’mirlash, 23 tasini qurish rejalashtirilgan.

“Shu bilan birgalikda, aholining o‘sishi va yillar davomida yig‘ilib qolgan muammolar hisobiga 3000 dan ortiq ta’mirtalab maktab bor (135 tasini qurish, 1177 tasini rekonstruksiya qilish, 1695 tasini kapital ta’mirlash kerak). Ularning yoniga sport zali, oshxonasi, burjuy pechkasi, atrofini o‘rashi kabi muammolarni qo‘shsak, taxminan 36 trln so‘m (Markaziy bankning 4 maydagi kursi bilan 3,5 mlrd dollar) mablag‘ talab etiladi. Lekin bizning bir yillik investitsiya dasturimiz 2 trln so‘m atrofida mablag‘ bo‘ladi”, — degan edi u.

Sherzod Shermatovning ta’kidlashicha, 2018−2020 yillarda O‘zbekistonda 57,7 mingta yangi uylar qurilgan bo‘lsa, atigi 56 ta yangi maktab bunyod etilgan, yana 158 ta maktab qurish talab etiladi.