Adliya vaziri Ruslanbek Davletov «O‘zbekiston: besh yil ichidagi jadal islohotlar» xalqaro anjumanida o‘tgan yillar davomida amaldorlarni o‘zgarishiga turtki bo‘lgan omillar haqida fikr bildirdi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar bermoqda.

«Yangi «Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida"gi, «Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida"gi, «Davlat xususiy sheriklik to‘g‘risida"gi qonunlar bizni faoliyatimizni, ya’ni qanday qadam bosishimizni o‘zgartirdi. «Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida"gi qonunni oladigan bo‘lsak, uni ichida belgilangan talablar asosida biz xalq bilan bo‘ladigan munosabatimizni tartibga solayapmiz», — dedi u.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, yangi talablarga asosan 33 ta holatda ochiq ma’lumotlar shaklida majburiy joylashtirish kerak bo‘lgan axborotlar belgilangan.

«Ochiqlik indeksi davlat idoralari o‘rtasida belgilanadigan bo‘layapti. Bu ochiqlik degani aytishga oson, biz ham hukumatda ishlaymiz. Agar [amaldorning] bitta qadami birovga yoqmaydigan qadam bo‘lsa, albatta yashirishga harakat qiladi, ko‘p holatlarda shunaqa. Shuning uchun ham ochiqlik katta mas’uliyat», — dedi Ruslanbek Davletov.

Uning ta’kidlashicha, ochiqlik siyosati «qaysidir vazirlik uchun qiyin bo‘lishi mumkin, lekin jamiyat uchun yaxshi».

«Kerak bo‘lsa o‘sha rahbarlarni xonasini ta’mirlash uchun, mashinasi uchun qancha pul ketkazayapti. Jamiyatimiz „bu mutasaddi mana bunday mashina olibdi, bu undan olibdi“ degan masalani qo‘yyapti. Bu bizni ham mas’uliyatimizga ta’sir qilayapti. Keyingi safar ozgina arzonroq mashina olishga harakat qilamiz. Ya’ni, jamiyat ochiqlik orqali [mansabdorlarni] tarbiyalaydi. Buni ham tan olishimiz va faoliyatimizga to‘g‘ri ta’sirini ham aytishimiz kerak», — dedi vazir.

Avvalroq, adliya vaziri Harakatlar strategiyasini ro‘yobga chiqarish uchun 311 ta qonun, 2000 ga yaqin O‘zbekiston prezidentining farmon va qarorlari qabul qilinganini aytgan edi.

Qolaversa, Ruslanbek Davletov davlatning ayrim funksiyalarini xususiy sektorga berish borasida ham fikr bildirdi. «Ko‘p holatlarda xususiy sektor davlatga qaraganda yaxshi ishlaydi», — degan edi u. Shuningdek, vazir O‘zbekistondagi qamoqxonalar xususiy sektorga o‘tkazilmasligini qo‘shimcha qildi.