5 oktabr kuni bo‘lib o‘tgan Harakatlar strategiyasi sarhisobiga bag‘ishlangan anjumanda adliya vaziri Ruslanbek Davletov davlat idoralarining xususiy sektor bilan yaqindan ishlash masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi.

«6 ta funksiya xususiy sektorga o‘tdi, buni davom ettirishimiz kerak. Ko‘p holatlarda xususiy sektor davlatga qaraganda yaxshi ishlaydi. Mana notariuslar masalasida bizga rosa qarshilik bo‘lgan edi. Ko‘p odam qo‘llab-quvvatlamadi… Ishlab ketdi, kamchiliklari bor, biz buni ustida turib, boshqarib borayapmiz. Lekin effekt berayapti. Ya’ni juda katta huquqiy ahamiyatga ega bo‘lgan, huquqiy oqibat olib keladigan xatti-harakatlarni ham davlat nomidan notarius tasdiqlab berayapti», — dedi vazir.

Uning ta’kidlashicha, «shunday og‘ir funksiyalarni notariusga bera olgan davlat, demak boshqa sohalarni ham bera oladi».

«Davlat xizmatlari sohasida ham [xizmatlarni xususiy sektorga] bera olamiz. Ko‘p davlatlar, xattoki, qamoqxonalarni ham xususiy sektorga bergan. Men buni taklif qilmayapman, boshqacha o‘ylamaslik kerak. Fikrim shundan iboratki, xususiy sektor bilan dadil ishlashimiz lozim», — dedi Davletov.

Tadbir yakunida vazir jurnalistlar bilan suhbatlashar ekan, yuqoridagi fikrlari bilan aynan nimani nazarda tutganiga aniqlik kiritdi.

«Biz, albatta, qamoqxonalarni xususiy qo‘llarga berishni taklif qilmaymiz. Nuqta. Men buni boshqa davlatlarda qo‘llaniladi, deya misol tariqasida aytib o‘tdim, xolos. Davlat alohida funksiyalarini xususiy sektorga berishi mumkin. Bu normal holat. Biroq, buning uchun yaxshi tartibga solish mexanizmlari, qonunlar bo‘lishi kerak. Prezidentning funksiyalarni topshirishni amalga oshirish algoritmi to‘g‘risidagi qarori hamda qanday qilib tahlilni o‘tkazish va funksiyalarni xususiy sektorga berishni to‘liq, batafsil va bosqichma-bosqich tartibga soladigan hukumat qarori mavjud», — dedi adliya vaziri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda davlatning ayrim funksiyalarini xususiy sektorga berish bosqichiga faol o‘tilmoqda.

«Men bekorga sud ekspertizasini misol qilib keltirmadim. Bu davlat ishtiroki bo‘lishi kerak bo‘lgan juda muhim soha. Lekin, biz bu sohada ham xususiy qo‘llarga berishimiz mumkin bo‘lgan ko‘plab yo‘nalishlarni ko‘rdik. Biroq, ularning faoliyati ustidan shaffof nazorat mexanizmlariga ham ega bo‘lishimiz kerak. Shuning uchun biz xususiy sud ekspertlari tomonidan beriladigan barcha turdagi ekspertizalar hisobga olinadigan va qayd etiladigan elektron tizimni shakllantirmoqdamiz», — dedi Ruslanbek Davletov.

Ta’kidlanishicha, muayyan sohalarga e’tibor qaratgan holda funksiyalarni alohida-alohida tartibda o‘tkazish mexanizmlarini tanlash kerak. «Adliya vazirligi bu kabi funksiyalarni berishni ma’qullaydi», — dedi u.

O‘zbekiston qachondir qamoqxonalarni xususiy sektorga o‘tkazishi mumkinmi degan savolga adliya vaziri «yo‘q» deb javob berdi.

Avvalroq, «Milliy tiklanish» nomzodi Alisher Qodirov o‘zining saylovoldi dasturida jazoni ijro etish muassasalarini IIVdan Adliya vazirligi tizimiga o‘tkazishni taklif qilgan edi.

Mazkur mavzuda 2020 yilning fevral oyida Ruslanbek Davletov «Gazeta.uz» muxbiriga Adliya vazirligi jazoni ijro etish muassasalarini o‘z qaramog‘iga olish rejasida emasligini aytgandi. Vazir shuningdek, qamoqxonalarda qiynoqlar va zo‘ravonlikka qarshi samarali kurash uchun tizimning o‘zida islohot qilsa bo‘lishini qo‘shimcha qilgandi.

2021 yilning fevralida Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev qamoqxonalarda qiynoqlar aniqlanmayotganiga muassasalardagi tibbiy xodimlar IIVga bo‘ysunishini sabab qilib ko‘rsatgan edi.