Foto: Sardor Durumov
Samolyotlar parvozini
yuz yil bo‘lsa ham kuzatardim
Aviaspotting nima va nima sababdan odamlar havo kemalarini suratga oladilar?
Bolalikda nigohlaringizni ko‘kka qaratib, hayajon bilan “samolyot!” deya hayqirganlaringiz yodingizdami? «Temir qushlar»ga bo‘lgan bu qiziqish, garchi yoshlari ulg‘aygan bo‘lsa ham, aviaspotterlarni hamon tark etgani yo‘q. Ular ko‘pchilikning nazaridan chetda qolgan go‘zalliklarni ko‘ra olganliklari bois har qanday ob-havoda ham laynerlarning uchish-qo‘nishlarini fotosuratga olishga shoshadilar. “Gazeta.uz” O‘zbekiston spotterlari bilan ularning sevimli mashg‘ulotlari, o‘lkamiz va xorijdagi spotting farqi haqida suhbatlashdi.
Sardor Durumov
BIM-mutaxassis (texnologiyalar, bino va murakkab sanoat konstruksiyalarini informatsion modellashtirish)
Samolyotlar har doim men uchun ustuvor bo‘lgan. Ularning kuch-qudrati haqida o‘ylaganimda hayajonga tushaman. Menga ularning ulug‘vor o‘lchamlari, fusunkor livreyalari (tegishliliga oid belgilar) va bahaybat dvigatellari yoqadi. Inson qo‘li bilan yaratilgan barcha parvoz vositalariga bo‘lgan mehr bolaligimda meni varraklar uchirish borasida ustaga aylantirdi. Bu ishda qo‘lim shunchalar kelishdiki, har safar varraklarni yana-da balandroqqa va uzoqroqqa uchirardim, kech tushgandagina ularni spinningga (maxsus g‘altak – tarj.) tushirib olardim.

Bola boshim bilan samolyotlarni kuzatish uchun Urganch aeroportiga borardim. Eski terminalning ikkinchi qavatida perron va uchish-qo‘nish yo‘lagini tomosha qilish mumkin bo‘lgan kuzatuv maydonchasi bor edi.
Hozirgi kunda spotterlar durbin, daftar va qalam bilan emas, balki fototexnika va hatto radiopriyomnik bilan qurollangan. Radiopriyomnik uchuvchilar va nazoratchilar o‘rtasidagi suhbatlarni tinglash uchun kerak – bu, masalan, Avstraliya va Shimoliy Amerikada keng rivojlangan.

Dunyo ekstremallari 13000 m balandlikdagi samolyotlarni tasvirga oladilar. Bu kabi tasvirlar uchun ular kameralariga teleskoplar o‘rnatadilar. Videospotting ham ommalashgan.

Baʼzida spotterlar samolyotlarni qiziqarli rakursdan tasvirga olish uchun murakkab yo‘lni bosib o‘tishadi. Pulkovoda borish qiyin bo‘lgan ana shunday nuqta bor, unga o‘rmon orqali uch kilometr yurish kerak.

Spotterguide.net saytida butun dunyo bo‘ylab 500 ta aeroport uchun shu kabi yo‘nalishlar haqidagi maʼlumotlar joylashtirilgan. Platformada xavfsizlik xizmatlarining talablari, tasvirga olish vaqtlari, spotting maqsadida muayyan manzil uchun qanday obyektiv tanlash bo‘yicha tavsiyalar va boshqalarni topish mumkin.
Spotterlar kuzatilgan samolyotlarning shaxsiy hisobini yuritadilar. Masalan, 2009 yilda Pulkovodagi birinchi spottingimdan beri men 2500 dan ortiq bort raqamlarini to‘pladim.

2014 yildan buyon Istanbul (Turkiya), Le-Burje (Fransiya), Farnboro (Angliya), Melburn (Avstraliya) shaharlarida bo‘lib o‘tgan xalqaro aviasalonlarda qatnashib kelaman.

2019 yilda men spotterlar tanlovida nominatsiyalardan birini qo‘lga kiritdim. U Pulkovoda kuzgi spotting jarayonida ro‘y berdi. Baholash kompaniyasi va Turkish Airlines mening fotosuratimni tanladi va men Istanbulga uchishim kerak edi, biroq pandemiya o‘z tuzatishlarini kiritdi.

Yana bir muvaffaqiyat – Brisben aeroporti fotosurati. U shu qadar muvaffaqiyatli bo‘lganki, Avstraliyadan menga aloqaga chiqishdi va bu ishni yillik hisobotda chop etishga ruxsat so‘rashdi.
Ko‘pgina mamlakatlarda, shu jumladan Qozog‘iston va Qirg‘izistonda rasmiy spotting doimiy va tez-tez o‘tkaziladi. Mamlakatimizda yaqinda oltinchi “Drimlayner” kutib olinganida va ikkita Airbus vertolyotini qabul qilish paytida muz eriy boshladi. Umid qilamanki, qachonlardir yakkam-dukkam spotting irmoqchalari yil bo‘yi sodir bo‘ladigan voqealarga to‘la daryoga aylanadi.
Samolyotlarni kamera bilan suratga olish shart emas. Ularning sehrlovli uchishi va qo‘nishini shunchaki tomosha qilish ham mumkin. Afsuski, O‘zbekistonda buning uchun munosib shart-sharoit mavjud emas. Yevropaning ko‘plab aeroportlarida bunday sharoitlar mavjud. Masalan, Manchesterda aeroport atrofida panjara bo‘ylab yo‘lakcha barpo etilgan bo‘lib, u yerda odamlar piyoda yuradi va velosiped haydaydi. Bizda ham shunday joylarni tashkil qilish uchun barcha sharoitlar mavjud.

Masalan, Toshkentdagi xalqaro aeroportning janubiy tomonida bo‘sh yer uchastkasi bor, o‘shayerda yo‘lakcha qurib, kichik platformani o‘rnatish mumkin. Bir-ikki yilda bu yerga nafaqat mahalliy odamlar, balki butun dunyodan spotterlar ham oqib keladi, bu esa mamlakatimizning sayyohlik salohiyatini ham oshirgan bo‘lardi.
реклама
реклама
Agar shunday sharoitlar yaratilsa, spotting saytlarida Toshkent xalqaro aeroportiga qo‘nayotgan yoki u yerdan uchayotgan samolyotlarning minglab yuqori sifatli, chiroyli va betakror fotosuratlari paydo bo‘ladi. Hozir bizda nima bor? Deyarli hech narsa.
O‘zbekiston aeroportlari atrofida samolyotlarni suratga olishga to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqiq yo‘q. Ammo aviatsiya xavfsizligini nazorat qiluvchi organlardan – mudofaa va ichki ishlar vazirliklari, shuningdek, Davlat xavfsizlik xizmatidan ruxsat olish kerak.

O‘ylaymanki, mamlakatning barcha aeroportlarida bir nechta nuqtalarni tanlash va kelishish kerak, bu yerda spotterlar yilning istalgan vaqtida hech qanday ruxsatsiz kelib tasvirga olishlari mumkin bo‘lishi kerak. Aks holda, tasvirga olish uchun doim ruxsatnomani qo‘lga kiritish jarayonlaridan o‘tish har qanday spotterning ishtiyoqini so‘ndirib yuboradi.
100 yil yashaganimda, butun asr davomida samolyotlarning uchishi va qo‘nishini kuzatgan bo‘lardim. Va shunda ham to‘ymagan va yana bir yil berishlarini so‘ragan bo‘lardim. Umid qilamanki, men qarilikni ularni tomosha qilish bilan o‘tkazaman.
Anton Abramov
Sanoat uskunalarini ishlab chiqarish va sotish bilan shug‘ullanadigan kompaniyada texnik direktor
Bugungi kunda aviaspotting sanʼatga aylandi, chunki texnologiya tufayli samolyotlarni qo‘lda hisoblash shart emas. Biz shunchaki laynerlarni suratga olmaymiz, balki buni iloji boricha chiroyliroq uddalashga harakat qilamiz, toki hatto aviatsiyaga befarq odamlar ham «temir qush»ning go‘zalligiga eʼtiborini qaratsin. Axir, aviatsiya muhandislikning cho‘qqisi hisoblanadi. Ko‘p tonnali mashinalarning parvozida jozibali va sehrli nimadir bor.
Muhitdin Ishanxo‘jayev
yurist, DXSh mutaxassisi
Yigirmanchi asr boshlarida Britaniya qirollik armiyasi ko‘ngillilari samolyotlarni durbin orqali kuzatib, quyruqlaridagi raqamlarini daftarlarga yozib olishardi. Ammo reaktiv samolyotlar paydo bo‘lishi bilan bu harakat armiya uchun befoyda bo‘lib qoldi va aviaspotting fuqarolik yo‘nalishiga aylandi.

Hozirda hatto samolyotlarni “Flaytradar” orqali kuzatadigan odamni hamspotterlar deb atash mumkin.
Samolyotlar muhandislik moʻjizasi va muhandislarning uzoq yillik mashaqqatli mehnatidir. Ular o‘zlarida nafosat va qudratni mujassam etadi. Boeing 757ga bir nazar tashlang: qanchalar nozik, nafis, murakkab aerodinamik samolyot. Yoki Il-76 – qanotlari yelkasida tutashib, polvonlardek ko‘krak kerib turgan“toshkentlik” zabardast harbiy transport samolyoti. Axir ularni sevmasdan bo‘ladimi?

Men bolaligimdayoq samolyotlarga oshiq bo‘lganman. Menda harbiy samolyotlarning nakleykalari bor edi. Mobil telefonlarda kameralar paydo bo‘lishi bilan suratga ola boshladim. Biroz vaqt o‘tgach, men aviaspotting borligi haqida bilib qoldim va shu tariqa ikkita sevimli mashg‘ulotimni birlashtirishim mumkinligini anglab yetdim.

Aviaspotting – baliq oviga o‘zshaydi. “Flaytradar”dan noyob mehmon yoki qiziqarli bortni aniqlaysan, shamol yo‘nalishini topishga harakat qilasan yoki maxsus onlay xizmatlar orqali qo‘nish yo‘nalishini aniqlaysan, quyosh nurini hisobga olib, eng maqbul nuqtani belgilaysan, keyingi rejalarni tuzib, kutasan.

Birinchi spottingimda men DHL maxsus livreyasi tushirilgan Boeing 777 yuk samolyotini tasvirga olishga muvaffaq bo‘lgan edim. Har dushanbada samolyot Toshkentga qo‘nib, yoqilg‘isini to‘ldirib oladi, baʼzida O‘zbekistonga ham yuk tushiradi. So‘ngra mashina Gongkongga yo‘l oladi.
Uch yil oldin, men havaskorlar bir jamoaga qo‘shilishlari kerakligini tushunib yetdim. Men Aviaspotter Telegram kanalini yaratdim, unda dastlab har xil samolyotlar haqida, keyin pasayish va qo‘nish haqidagi maʼlumotlarni eʼlon qilib bordim. Keyinchalik biz guruh yaratdik, unda hozirda 300 ga yaqin kishi – aviakuzatuvchilar va aviatsiya sohasi ishchilari – texniklardan tortib amaldorlargacha bor.

Havaskorlar Mudofaa vazirligi va Uzbekistan Airways taklifiga binoan muntazam ravishda spottingga borishadi. Ular birgalikda mahalliy aviamedia sohasida kontent yaratmoqdalar. Bizga tan olinish qiziq. Bizga mahalliy ommaviy axborot vositalari havola beradi, bizning suratlarimiz jetphotos.com, planespotters.net, airliners.net va boshqa obro‘li saytlarda eʼlon qilinadi. Bu platformalar fotosuratlarga nisbatan juda qattiq talablar qo‘yadilar. Sardor Durumov O‘zbekiston spotterlari orasida eng muvaffaqiyatlisi bo‘ldi. U Sankt-Peterburgda yashaydi.
Chet elda tasvirga olishga deyarli hech qanday cheklovlar yo‘q, shuning uchun bizning sportterlar chet elga xuddi festivalga otlanayotgandek jo‘naydilar. Umuman olganda, tegishli belgilar va taxtachalar bilan taqiqlanmagan joylarda samolyotlarni suratga olishga ruxsat beriladi.

O‘zbekistonda aeroportlarda suratga olish mumkin emas. Ularda tasvirga olish uchun ruxsat olish deyarli imkonsiz. Men bu mavzuni bir necha bor ko‘targanman, lekin har doim «xavfsizlik xodimlaridan javob kutyapmiz» degan javobga to‘qnash kelganmiz. Bugungi taqiqlarning ko‘pchiligi Sovet davridan qolib ketgan. Masalan, uchish-qo‘nish yo‘lagi va boshqarish yo‘laklari maxfiy hisoblanadi, shuning uchun biz ularni kadrga kiritmaslikka harakat qilamiz. Vaholanki onlayn sunʼiy yo‘ldosh xaritalarida yo‘laklarni ham, yo‘llarni ham, aviaturargohni ham ko‘rish mumkin.
Boshqa mamlakatlarda esa spotting muntazam ravishda o‘tkaziladi. Baʼzi Yevropa aeroportlarida maxsus jihozlangan maydonchalar, minoralar va hattoki panjaralarda tirqishlar bor. Bizda esa – beton devor va qurolli soqchilar turgan minoralar.

Jahon amaliyotida aeroportlar va aviakompaniyalar o‘z brendini targ‘ib qilish va ochiqligini namoyish etish uchun spottinglar tashkil etib turadi. Aviakompaniyalar uchun bu o‘z mashinalarining suratlarini olish va marketing kampaniyalarida ishlatishning qo‘shimcha usuli. Bizning aviakompaniyamiz hali bu darajaga yetib kelgani yo‘q.
Asqar To‘ranazarov
moliyachi, tadbirkor
Bolaligimdan men uchta narsaga qiziqardim: aviatsiya, Qadimiy Misr va paleontologiya. Agar dinozavrlar tirik bo‘lganida, men ularni ham, samolyotlarni ham kuzatardim.

Birinchi spotting tajribasi bolaligimda ro‘y bergan, o‘shanda amakim samolyotlarni kuzatish mumkin bo‘lgan joyni bilishini aytgan. U joy Fayzobod tomonidan edi. U yerda tepalikni topdik, uning ustiga chiqdik va uchish-qo‘nish yo‘lagining bir qismini ko‘rdik. O‘zim bilan plyonkali fotoapparatim bor edi, lekin men shunchaki «temir qush»larni tomosha qilishni xohlardim.
Spotting – bu samolyotlar ortidan fotoov. Ayniqsa, qandaydir noyob yoki maxsus laynerning kelishini kutayotganingizda, bu juda qiziq. Aviaspotterlar – aviatsiya blogerlari. Ular bu sohadagi turli tadbirlarni yoritadi va sifatli kontent taqdim etishadi.
реклама
реклама
Spotting tufayli men ajoyib odamlar bilan uchrashdim. Parvozlar va ular bilan bog‘liq bo‘lgan barcha narsalar mening hayotimni ajoyib maʼno va ijobiy his-tuyg‘ular bilan to‘ldiradi.
Yuridik jihatdan, O‘zbekistonda fuqarolik havo kemalarini tasvirga olishda va umuman olganda huquqiy tartibga solish borasida hech qanday cheklovlar mavjud emas. Biroq amalda baʼzida cheklovlarga duch kelamiz. Siz shunchaki aeroport panjarasi yaqinida aylanib, samolyotlarni suratga olishingiz mumkin emas. Ko‘pincha bu minoradan hushtak chalish bilan tugaydi, militsiya guruhi kelishi mumkin. Menga hushtak va «tasvirga mumkin emas» degan baqiriqning o‘zi yetarli va men doim ketardim. Adolat uchun shuni aytish kerakki, aviatsiya sohasidagi ko‘pchilik, shuningdek, harbiylar, bunday cheklovlar o‘tmishning qoldig‘i ekanligini juda yaxshi bilishadi.
Mamlakatimizda Mudofaa vazirligi va Harbiy havo kuchlari ochiqlik va qiziqish ko‘rsatmoqda. Bu yil Uzbekistan Airports, Uzbekistan Airways va Uzbekistan Helicopters ochiqlikni namoyish etdi. Ilgari, buni faqat orzu qilish mumkin edi.
Iskandar Sharafov
O‘zbekistonda hozircha spotterlarning rasmiy hamjamiyati yo‘q. Lekin ko‘pchiligimiz bir-birimizni yaxshi bilamiz. Biz bo‘lajak aviahodisalar, eksklyuziv laynerlarning parvozlari va reyslari haqidagi maʼlumotlarni almashishga harakat qilamiz, chunki kuch birlikda.

Samolyotlarning ishqibozlari bor, vintqanotlar va hatto havo sharlarini sevuvchilar bor. Baʼzilar fuqarolik samolyotlarini suratga olishmoqda, boshqalari harbiy.
Bilishimcha, aviakompaniyalar va aeroportlar aviaspotterlar uchun tanlovlar o‘tkazib turadi. Mukofotlar ko‘pincha bepul parvozlar, “millar”, noyob atributikalar va baʼzida fototexnikadan iborat bo‘ladi. Tashkilotchilar esa ajoyib suratlarga ega bo‘lishadi, ishtirokchilar o‘zlarining sevimli mashg‘ulotlaridan zavq olishadi.

Har kim spotter bo‘lishi mumkin. Fototexnikalar bilan ishlash istagi, vaqti va ko‘nikmalari bo‘lsa yetarli. Ammo har qanday odam sevimli mashg‘uloti bilan shug‘ullana olishi mumkin bo‘lgan umumiy xususiyat bor: xobbiga cho‘ntagingiz ko‘taradigan darajada sarmoya kiritishingiz kerak.
Sarvar Haydarov
«Новости Ташкентского неба»
Telegram-kanali muallifi
Samolyotlarga muhabbat bobomdan yuqqan. U Chkalov zavodida ishlardi, meni aviatsiya tadbirlariga olib borardi va samolyotlar haqida so‘zlab berardi.

Men «Novosti tashkentskogo neba» Telegram kanali muallifiman, ushbu kanalda mahalliy aeroportlar bilan bog‘liq hodisalar, aviatsiyamiz, qiziqarli parvozlar va Harbiy havo kuchlarini qurollantirishdagi yangiliklar haqida yozaman. Oliy harbiy aviatsiya maktabi bilan birgalikda men IamPilot ruknini yuritaman, unda men oliy maktabga kirish shartlari, imtihonlar va boshqalar haqida hikoya qilaman.

Negadir bizning aeroportlarda samolyotni tasvirga olish mantiqsiz ravashda taqiqlangan, garchi buning hech qanday yomon joyi yo‘q bo‘lsa ham. Bu o‘tmishning asossiz aks-sadolaridan boshqa narsa emas. Butun dunyoda aeroportlarning o‘zlari spotterlarni taklif qiladi, chiroyli fotosuratlar olish uchun tanlovlar o‘tkazadi. Aeroportlar hududidagi baʼzi binolarni suratga olish mumkin emasligiga qo‘shilaman. Ammo samolyotning bunga nima aloqasi bor?
“Gazeta.uz” internet-nashriga joylashtirilgan materiallardan foydalanish shartlari bilan quyidagi havola orqali tanishishingiz mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi, ularni boshqalar bilan bo‘lishishni xohlaysizmi? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting