5 oktabr kuni Adliya vaziri Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilgan ishlar sarhisobiga bag‘ishlangan anjumanda kelgusidagi ustuvor vazifalarga ham to‘xtalib o‘tdi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar berdi.

«Birinchisi, Hukumat ixcham bo‘lishi kerak. O‘zbekistonga juda katta davlat apparati to‘g‘ri kelmaydi. Unga ketadigan xarajatlar juda ko‘p. Undan ko‘ra iqtisodni rivojlantirishga yo‘naltirishimiz kerak. Qancha davlat organi ko‘p bo‘lsa, shuncha iqtisodiyot yurib ketishi qiyin bo‘ladi», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, buning natijasida «tadbirkorning ishlashi qiyin bo‘ladi».

«Chunki davlat organi degani bu — byurokratiya degani. Bu qo‘shimcha vakolat, qo‘shimcha boshqaruv funksiyasi degani. Shuning uchun bu borada biz o‘sha botib ketgan qo‘llarimizni qaytarib olishimiz kerak. Bu byurokratiya natijasidagi korrupsiya, mana shu qo‘llardagi negativ faktorlarni yo‘qotishimiz kerak. Buni birinchi darajadagi muammo sifatida oldimizga qo‘yishimiz kerak», — dedi Ruslanbek Davletov.

Vazirning ta’kidlashicha, nomarkazlartirish jarayoni jadal davom ettirilishi kerak.

«Hamma narsa uchun Toshkentga kelaverish [kerak emas]. Hozir oddiygina chegaradan (kirish-chiqishda talab qilinadigan hujjatlar nazarda tutilmoqda — tahr.) veterinariya, SES sohasida ayrim xulosalarni olish uchun kerak bo‘lsa Toshkentgacha kelib ketadi. O‘zi kelmasa ham hujjati keladi. Bu juda noto‘g‘ri jarayon. Shuning uchun bularni maqbullashtirib, odamlarga qulay, yengil tizimni yaratishimiz kerak», — dedi Adliya vazirligi rahbari.

Mazkur anjumanda u shuningdek, davlatning ayrim funksiyalarini xususiy sektorga berishning ahamiyatiga to‘xtalib o‘tgan edi. «Ko‘p holatlarda xususiy sektor davlatga qaraganda yaxshi ishlaydi», — dedi Ruslanbek Davletov.

Bundan tashqari, vazir jamiyat ochiqlik siyosati orqali mansabdorlarni tarbiyalashini ta’kidlagandi. «Agar amaldorning bitta qadami birovga yoqmaydigan qadam bo‘lsa, albatta yashirishga harakat qiladi, ko‘p holatlarda shunaqa», — dedi u. Vazirning fikricha, ochiqlik «qaysidir vazirlik uchun qiyin bo‘lishi mumkin, lekin jamiyat uchun yaxshi».