Olmaliq shahrida yashovchi, 1988 y.t. fuqaro S.Sh.S. qalbaki 100 ming so‘mlik kupyuradan iborat jami 50 mln so‘mni 5 mln so‘mga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi. Bu haqda DXX axborot xizmati xabar berdi.

Shuningdek, S.Sh.S. ning yashash manzilida 2 mln 600 ming so‘m miqdoridagi qalbaki 100 ming so‘mlik kupyuralar borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

Dastlabki surishtiruv harakatlari davomida ushbu qalbaki pullar Olmaliq shahrida yashovchi, 1999 y.t. U.M.X. va Piskent tumanida istiqomat qiluvchi, 2001 y.t. M.S.X. lar tomonidan kompyuter va rangli printer yordamida tayyorlanganligi ma’lum bo‘lib, ular ham hibsga olingan.

Shuningdek, ushlangunga qadar ular tomonidan jami 210 mln so‘m miqdoridagi qalbaki 100 ming so‘mlik kupyuralar muomalaga chiqarib yuborilganligi aniqlandi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddasiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.