O‘zbekistonda yurak va o‘pka transplantatsiyasi yo‘lga qo‘yiladi — Senat

O‘zbekistonda kelajakda buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyotini yiliga 250 taga yetkazish, jigar transplantatsiyasini esa 50 taga yetkazish rejalashtirilgan, ma’lum qildi Senat matbuot xizmati. Shuningdek, yurak transplantatsiyasini joriy etish va yiliga 50 ta amaliyot hamda o‘pka transplantatsiyasini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilmoqda.

O‘zbekistonda birinchi marta AI-98 markali benzin ishlab chiqarildi

O‘zbekiston tarixida ilk bor Buxoro neftni qayta ishlash zavodi tomonidan AI-98 markali benzin ishlab chiqarildi. 380 tonna hajmdagi benzinning fizik-kimyoviy xususiyatlari standartga binoan muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazilgan.

Jizzax va Samarqandda prokurorlar pora bilan qo‘lga tushdi

Jizzax viloyatidagi tuman prokurori jinoyat ishiga aloqador shaxsni kamoqqa olmaslik uchun 2 ming dollar so‘ragan. Samarqand viloyatidagi tuman prokurorlaridan birining o‘rinbosari sudlanuvchiga tayinlangan jazoni og‘irroq jazo turiga o‘zgartirishga harakat qilib, birinchi yengilroq jazoni o‘z kuchida qoldirish uchun 10 ming dollar talab qilgan. DXX boshqa shunga o‘xshash korrupsiya holatlari haqida ham xabar berdi.

Bolalarni poliomelitga qarshi emlash boshlandi

20 sentabrdan boshlab O‘zbekistonda bolalarni poliomelitga qarshi ommaviy emlash boshlandi. Bu Tojikiston va Afg‘oniston poliomelit holatlari aniqlanganligi bilan bog‘liq. Mamlakat hududlariga 1,2 million doza vaksinalar yetkazib berildi.

O‘zbekistonda LADA avtomobillarini seriyali ishlab chiqarish boshlandi

Roodell kompaniyasi ADM Jizzakh zavodida LADA avtomobillarini yig‘ishni boshladi. Birinchi bo‘lib Vesta SW va XRAY modellarini ishlab chiqish yo‘lga qo‘yildi. Tez orada ular safiga Largus ham qo‘shiladi.

ITB va OPEK O‘zbekistondagi qishloq joylarini rivojlantirish uchun $275 mln ajratadi

Islom taraqqiyot banki va OPEK xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan O‘zbekistondagi qishloq joylarini rivojlantirish loyihasi uchun $275 mln miqdorida qarz ajratiladi. Loyiha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlarining 20 ta tumanidagi 170 ta MFY hududlarida amalga oshiriladi.

DXX Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida firibgarlik holatlariga chek qo‘ydi

Parkent tumanida yashovchi shaxs fermer xo‘jaligi rahbariga bankdan 3 mlrd so‘m kredit ajratilishini aytib, undan kredit miqdorining 10 foizini berishini so‘radi. Shuningdek, Farg‘ona viloyatida mansabdor shaxs qum barxanlaridan litsenziyasiz foydalanishiga ruxsat berish uchun 5,6 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.

Farhod Arziyev: Rossiya bilan do‘stona munosabatlarni rivojlantirish — O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri

Rossiya bilan yaqin sheriklik va do‘stlik aloqalarini rivojlantirish O‘zbekiston xalqaro hamkorligining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir, dedi mamlakat tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Farhod Arziyev Toshkentda o‘tkazilgan “Valday” klubi konferensiyasida.

BMT Afg‘onistondagi gumanitar inqirozni bartaraf etish sa’y-harakatlari mas’uliyatini olishi mumkin — Abdulaziz Kamilov

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Afg‘onistondagi gumanitar inqirozni bartaraf etish bo‘yicha xalqaro sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi mumkin, deb hisoblaydi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov.

Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonda kelgusi 5 yilda ish o‘rinlari qanday yaratilishi bo‘yicha ma’lumot berdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonda saylovchilar bilan uchrashuvda 6 ming nafar ishsiz aholi uchun, ixcham issiqxonalar qurib berilishini ma’lum qildi. Aholi tomorqalarining suv ta’minotini yaxshilash orqali, 12 ming fuqaroning bandligi ta’minlanadi.

Kelgusi yilda Qoraqalpog‘istonda 1−4 sinf o‘quvchilari uchun bepul tushlik beriladi — prezident

Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonda saylovchilar bilan uchrashuvda kelgusi yildan boshlab 1−4 boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun bepul tushlik berish yo‘lga qo‘yilishini ta’kidladi.

Qoraqalpog‘istonni rivojlantirish uchun 43 trln so‘m yo‘naltiriladi — Shavkat Mirziyoyev

O‘zLiDePning prezidentlikka nomzodi Shavkat Mirziyoyev kelgusi 5 yilda Qoraqalpog‘istonni rivojlantirish uchun 43 trln so‘m yo‘naltirilishini ta’kidladi. Ushbu mablag‘lar davlat budjeti, xalqaro moliya tashkilotlari va bank kreditlari hisobidan ajratiladi.

Toshkent shahar IIBB boshlig‘iga yangi o‘rinbosar tayinlandi

Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining o‘rinbosari — IIBB huzuridagi tergov boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchisi lavozimiga Dilmurod Mirsodiqov tayinlandi.

Jahongir Ortiqxo‘jayev Toshkentning uchta tumani hokimiga “hayfsan” berdi

Toshkent hokimi poytaxtning uch tumani hokimlariga “hayfsan” e’lon qildi. Bunga ularning birinchi yarim yillikda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarini kamaytirishga yo‘l qo‘yganliklari sabab bo‘lgan.

“Bizda sitilarga ruju qo‘yilib, sog‘liq uchun foydali manbalardan voz kechilmoqda” — “Adolat” nomzodi

“Adolat” partiyasidan prezidentlikka nomzod Bahrom Abduhalimov shaharlarda “siti” qurishga ruju qo‘yilganligini tanqid qildi. Partiya rahbari havodagi changga qarshi kurashishda foyda berishi mumkin bo‘lgan sun’iy ko‘llar respublikada birin-ketin yo‘q qilinayotganligini taassuf bilan qayd etgan.

Qashqadaryoda bolalarni polga o‘tqazib dars o‘tgan o‘qituvchilarga hayfsan berildi

Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanidagi maktabning ikki o‘qituvchisiga bolalarni polda o‘tqazib dars o‘tgani uchun hayfsan berildi. Viloyat prokuraturasi o‘qituvchilarning jihozlangan xonalarda dars o‘tish imkoniyati bo‘la turib, maktab ma’muriyati kamchiliklarini bo‘rttirib ko‘rsatish maqsadida shu ishga qo‘l urganini ma’lum qildi. Maktab rahbariyatiga nisbatan ham intizomiy javobgarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atildi.

“Gazeta.uz"da chiqqan maqolalar:

Poyezd jo‘nab ketdi. Elektrichkalarda kimlar yuradi va nega yo‘lovchilar undan qoniqishmayapti?

Shahar atrofidagi temir yo‘l aloqasi — yirik shaharlar transport tizimini rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishi hisoblanadi, lekin Toshkent elektropoyezdlari yo‘lovchilari ko‘rsatilayotgan xizmatlardan qoniqish hosil qilayotgani yo‘q. “Gazeta.uz” fotomuxbiri Yevgeniy Sorochin ulardan buning sababini so‘rab ko‘rdi.

“Tolibon” qizlarning ta’lim olishini cheklamoqda, Kobulda davlat xizmatidagi ayollar ishga chiqishi taqiqlandi

“Tolibon” o‘rta ta’limdagi qizlarning maktabga borishini chekladi. Kobulda davlat xizmatida ishlovchi ayollarga ishga chiqish taqiqlanib, faqat ayrim kasb egalariga ishlashga ruxsat berildi. “Tolibon” rasmiylari bu holatlarni “xavfsizlik nuqtai nazaridan” deya izohlamoqda. “Kasbim bo‘lmasa, o‘qishimga ruxsat berishmasa, xavfsizlikning men uchun hech qanday ahamiyati yo‘q. Bu xavfsizlik faqat “Tolibon"ga kerak”, — deydi tibbiyot sohasida ta’lim oluvchi afg‘on qizi. “Tolibon” matbuot xizmati vakili hukumatda ayollarga zarurat yo‘qligini, ularning vazifasi bolalarni dunyoga keltirish va tarbiyalash ekanligini ta’kidladi.