Buxoro neftni qayta ishlash zavodida yuqori oktanli avtomobil benzinini ishlab chiqarishni yo‘lga quyish bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazildi. Texnologik qurilmalarda rejim tanlandi, natijada AI-98 yuqori sifatli etellanmagan benzin ishlab chiqarish o‘zlashtirildi, deb xabar berdi «O‘zbekneftgaz» matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, AI-98 markali avtomobil benzini, asosan, siqish darajasi 12 dan 14 gacha bo‘lgan dvigatelli avtomobillarda ishlatiladi. AI-98 benzini yuqori detonatsiyaga qarshi xususiyat (oktan xarakteristika)lari tufayli dvigatel quvvatini oshiradi hamda tezlanish dinamikasini yaxshilaydi, tebranish, shovqin darajasini pasaytiradi, shuningdek, yonilg‘i sarfini sezilarli darajada kamaytiradi.

Ta’kidlanishicha, mazkur markali avtomobil benzinini ishlab chiqarishda xorijiy mutaxassislarning ko‘magisiz izlanishlar olib borilgan.

AI-98 avtomobil benzinining dastlabki partiyasi ishlab chiqarildi va 380 tonna hajmdagi benzinning fizik-kimyoviy xususiyatlari standartga binoan muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazilgan.

Buxoro neftni qayta ishlash zavodi tomonidan joriy yilning sentabr-dekabr oylarida 36,5 ming tonna AI-91, 13,1 ming tonna AI-92 1,4 ming tonna AI-95, shundan 848 tonnasi «QuWatt» rusumidagi yuqori oktanli avtobenzin ishlab chiqarilishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, 14,9 ming tonna Yevro-4, 11,4 ming tonna Yevro-5 rusumidagi dizel yonilg‘ilari ishlab chiqarilishi, 2021 yilning ikkinchi yarim yillik yakuniga qadar «Uzbekneftegaz GTL» sintetik kerosinini saqlash uchun 5000 kub metr hajmda 2 dona saqlash sig‘imini qurish ishlarini yakuniga yetkazish rejalashtirilgan.

Hozirda Buxoro neftni qayta ishlash zavodida 19 dan ortiq markaga ega bo‘lgan 9 ta turdagi mahsulot ishlab chiqarilmoqda.