20−30 sentabr kunlari O‘zbekistonda 4−5 yoshdagi bolalarni poliomelitga qarshi ommaviy emlash jarayonlari bo‘lib o‘tadi, deya xabar bermoqda Sanitariya-epidemiologiya xizmati.

Vaksinalarni mamlakatning davolash-profilaktika muassasalari emlash punktida olish mumkin. Bolalarni emlash uchun hududlarga 1,2 million doza inaktivlangan poliomiyelit vaksina yetkazib berilgan.

Milliy emlash kalendariga asosan, poliomiyelitga qarshi emlash bolaning 2, 3, 4 va 16 oyligida va 7 yoshida oilaviy poliklinikalarda OPV-og‘iz orqali yuboriladigan poliomiyelit vaksinasi bilan amalga oshiriladi.

IPV-inaktivlangan poliomiyelit vaksinasi bilan bolalar 4 oyda bir marotaba emlanadi. Emlash bir marotabalik shprits bilan in’eksiya usulida o‘tkaziladi, vaksinaning bir dozasi — 0,5 ml mushak orasiga yuboriladi.

Farg‘ona viloyati SEO va JS xizmati Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining rasmiy ma’lumotlariga tayanib, Afg‘oniston va Tojikistonda sentabr oyida 31 ta holatda poliomiyelit virusining 2-tipi aniqlanganligini ma’lum qildi.

SEO xizmati vaksinalar va immunoprofilaktika bo‘limi boshlig‘i Dilorom Tursunova «Gazeta.uz»ga bergan izohida O‘zbekistonda oxirgi marotaba poliomelit holati 1995 yil Qoraqalpog‘istonda aniqlanganligini ta’kidladi. «1996 yildan beri respublikada poliomelit holatlari uchramagan. JSST tavsiyalariga muvofiq 1997 yildan boshlab mamlakatga polio virus kirib kelishining oldini olish uchun poliomelit va o‘tkir paralichlar bo‘yicha faol epidemiologik kuzatuv olib borilmoqda», — dedi u.

Shu yilning mart oyida Tojikiston va Afg‘onistonda poliomelit holatlari aniqlanganligi sababli Surxondaryo viloyatida 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida ommaviy emlash o‘tkazilgan.

Poliomelit nima?

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, poliomelit yuqori infeksiyali kasallik bo‘lib, uni viruslar chaqiradi. Kasallik asab tizimini shikastlaydi bir necha soatlarda umumiy falajlikka olib kelishi mumkin. Poliomelit asosan 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarni

Virus ifloslangan oziq-ovqat mahsulotlari va suv orqali o‘tadi, ichakda ko‘payadi va u yerdan asab tizimiga o‘tishi mumkin. Zararlanganlarning ko‘pida kasallik alomatlari bo‘lmaydi, lekin axlat chiqarganda virusni ham chiqaradi va shu orqali virusni boshqa odamlarga uzatishi mumkin.

Zararlanishning har 200 ta holatidan birida umrbod falajlik (asosan oyoqlorda) yuzaga keladi. Birinchi alomatlar — isitma, toliqish, bosh og‘rig‘i, qayd qilish, oyoq-qo‘llardagi og‘riqlar, bo‘yin qotib qolishi.

Poliomiyelit davolanmaydi, uning oldini faqat emlash bilan olish mumkin. Bir necha marotaba yuborilgan vaksina bolani deyarli butun umri davomida himoya qiladi.