Shavkat Mirziyoyev qoraqalpog‘istonlik saylovchilar bilan uchrashuv davomida kelgusi besh yilda Qoraqalpog‘istonni rivojlantirish uchun 43 trln so‘m yo‘naltirilishini ta’kidladi. Bu haqda «Mikrofon ko‘targan ayol» Telegram kanali xabar berdi.

O‘zLiDeP nomzodining qayd etishicha, ushbu mablag‘larning 10 trln so‘mi budjetdan, 19 trln so‘mi xalqaro moliya tashkilotlaridan va 14 trln so‘mi bank kreditlari evaziga jalb qilinadi.

Ushbu mablag‘lardan samarali foydalanish uchun hukumat, markaziy iqtisodiy idoralar va Vazirlar Kengashining ish uslubi to‘liq o‘zgarishi aytildi.

Ma’lum qilinishicha, bunda Toshkentdagi vazirlar va tarmoqlar rahbarlari Vazirlar Kengashi bilan birga ish natijalari bo‘yicha har chorakda Jo‘qorg‘i Kengesda hisobot beradi. Bu masala Senatning alohida nazorati ostida bo‘ladi va muntazam ravishda muhokama qilib boriladi.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonda kelgusi 5 yilda yangi ish o‘rinlari qanday yaratilishi bo‘yicha ma’lumot bergani xabar qilingandi.