Oy boshida ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanidagi maktablardan birida o‘quvchilar dars vaqtida polda o‘tirgani aks etgan fotosurat va videoyozuv tarqaldi.

Viloyat prokuraturasi ma’lumotlariga ko‘ra, gap 1974 yilda qurilgan 420 o‘rinli 39-maktab haqida ketmoqda. Maktab binosini ta’mirlash uchun 2021 yilda 3,1 mlrd so‘m ajratilgan, qurilish-ta’mirlash ishlari «Avangard gidro-ekspress» MCHJ tomonidan olib borilib, 10 sentabrda yakunlangan.

Xalq ta’limi vazirligi tomonidan maktab binosiga qurilish ishlari yakunida 27 ta sinfxona uchun 405 ta parta, direktor, uning o‘rinbosari xonalariga 1 to‘plamdan hamda o‘qituvchilar xonasiga 2 to‘plamdan zaruriy jihozlar yetkazib berilishi belgilangan.

Biroq qurilish ishlari yakuni bo‘yicha hujjatlar rasmiylashtirilayotgani sababli, 08 sentabr kuniga qadar jihozlar yetkazib berilmagan. Shu sababli, maktab ma’muriyati tomonidan eski jihozlardan foydalanilib, o‘quv yili boshlangan, deyiladi xabarda.

O‘rganishda o‘qituvchilar N.S va O.S.ning maktab direktori bilan dars taqsimoti masalasida kelishmovchilik yuzaga kelgani aniqlangan.

«O‘quv yili boshlangan kunlari maktabda mavjud jihozlangan xonalarda dars o‘tish imkoniyati bo‘la turib, maktab ma’muriyatining tashkiliy masalalardagi kamchiliklarini ijtimoiy tarmoqlarda bo‘rttirib ko‘rsatish maqsadida 5 «a"-sinf o‘quvchilariga partalar joylashtirilmagan xonada dars o‘tilgan», — deyiladi xabarda.

11 sentabr kuni hodisa yuzasidan xalq ta’limi aziri Sherzod Shermatov munosabat bildirgan edi. U dastlabki ma’lumotlarga tayangan holda polda o‘tilgan darsning maktab rahbariyati va o‘qituvchilari o‘rtasidagi kelishmovchilikdan yuzaga kelganini tan olgan edi.

XTV rahbarining so‘zlariga ko‘ra, ta’mir ishlari tugamagani sababli darslarni vaqtinchalik boshqa maktabda yoki masofaviy o‘tkazish rejalashtirilgan bo‘lgan. Shu sababli yangi yangi mebellarni yetkazib berish ham to‘xtab turgan.

«Agar juda shoshilinch bo‘lib ta’mirdan chiqqan joyida o‘qishni tashkil etish juda zarur bo‘lsa o‘tgan yilgi mebelni vaqtincha ishlatib tursa ham bo‘lar edi. Maktabda o‘quvchi soni quvvatidan oshiq emas, shunga bir smenada o‘qishni tashkil etish uchun joy yetarli», — dedi Sherzod Shermatov.

«Shu orqali yarim asr davomida ta’mirlanmagan maktab ta’mirlanayotganiga Yakkabog‘dan o‘ziga xos minnatdorchilik bildirishibdi…» — deya qo‘shimcha qildi vazir.

O‘qituvchilar N.S va O.S. ta’lim-tarbiya jarayoni ishtirokchilarining sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatishga uringanlari uchun ularga maktab pedagoglari va kasaba uyushma a’zolarining qo‘shma yig‘ilishi qarori bilan hayfsan intizomiy jazosi berildi.

Shuningdek, tekshiruv natijasi bo‘yicha maktabning o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rish va o‘quv jarayonini to‘g‘ri tashkil qilishda mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan maktab direktori Sh.Q., o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari A.X. va xo‘jalik mudiri J.J.larga nisbatan intizomiy javobgarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atildi.