«Jizzax» erkin iqtisodiy zonasidagi ADM Jizzakh korxonasida LADA avtomobillarini seriyali yig‘ish boshlandi. Yirik uzelli yig‘ish usulida (SKD) birinchi bo‘lib LADA Vesta SW va LADA XRAY modellarini ishlab chiqish yo‘lga qo‘yildi. Tez orada ular safiga LADA Largus ham qo‘shiladi. Bu haqda LADA avtomobillarining rasmiy importchisi hisoblangan Roodell kompaniyasi «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi.

Ishlab chiqarish «AvtoVAZ»ning uskunalar, texnologik jarayonlar va sifat nazorati bo‘yicha barcha talablarini inobatga olgan holda tashkil etilgan. Loyihani amalga oshirish orqali 200 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi. Kompaniyadan ta’kidlanishicha, xodimlar zarur tayyorgarlikdan o‘tkazilgan.

«Mahalliy yig‘ilish LADA avtomobillarini iste’molchilar uchun, birinchi navbatda, kredit dasturlari va Trade-in sharofati bilan yanada uyg‘unroq qiladi», — deya qayd etdi kompaniya.

2020 yilda O‘zbekistonda 18 ta dilerlik markazini o‘z ichiga olgan Roodell dilerlik tarmog‘i orqali 5000 dan ziyod LADA avtomobillari sotildi.