Birlashgan Millatlar Tashkiloti Afg‘onistondagi gumanitar inqirozni bartaraf etish bo‘yicha xalqaro sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi mumkin, dedi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov.

TIV rahbari 21 sentabr kuni Buyuk Britaniya Mudofaa vazirining parlamentar o‘rinbosari, Qurolli kuchlar davlat vaziri Jeyms Hippini qabul qildi.

Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlik va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar muhokama qilindi. Afg‘onistondagi mavjud vaziyat va mamlakatni tinch yo‘l bilan rivojlantirishga qaratilgan xalqaro sa’y-harakatlar yuzasidan fikr almashildi.

Eslatib o‘tamiz, avgust oyida Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Teri Hakala BMT agentliklari Surxondaryo viloyatidagi yuk markazida Afg‘onistonga gumanitar yordam ko‘rsatish uchun katta ombor tashkil qilayotganini ma’lum qilgan.

Sentabr oyi o‘rtalarida BMT matbuot xizmati BMT Jahon oziq-ovqat dasturining asosiy logistika markazini Afg‘onistonga yordam ko‘rsatish doirasida Termizda joylashtirishga qaror qilinganini e’lon qilgan. Hozirgacha BMT idoralari tomonidan ushbu mamlakatga yuborilgan gumanitar yuklar Pokiston orqali yetkaziladi.

O‘zbekistonning o‘zi Afg‘onistonga 1,3 ming tonnalik insonparvarlik yukini yubordi. Yuk 25 vagonli poyezd bilan qo‘shni davlatning «Hayraton» temir yo‘l vokzaliga olib kelingan bo‘lib, unda un, yog‘, go‘sht, guruch, birinchi zarur mahsulotlar, shuningdek, tibbiy mahsulotlar va bolalar uchun trikotaj kiyimlari bo‘lgan.

Avvalroq Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Afg‘onistonda, birinchi navbatda, gumanitar inqirozning oldini olish kerakligini ta’kidlagan edi.«Buning uchun biz mamlakatdagi haqiqiy real hokimiyat bilan ish olib borishimiz kerak. Boshqa yo‘l yo‘q», — degan edi u.