Foto: Yevgeniy Sorochin / “Gazeta.uz”
Poyezd jo‘nab ketdi
Shahar atrofiga qatnovchi elektrichkalarda kimlar yuradi va nega yo‘lovchilar undan qoniqishmayapti?
Shahar atrofidagi temir yo‘l aloqasi – yirik shaharlar transport tizimini rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishi hisoblanadi, lekin Toshkent elektropoyezdlari yo‘lovchilari ko‘rsatilayotgan xizmatlardan qoniqish hosil qilayotgani yo‘q. “Gazeta.uz” fotomuxbiri Yevgeniy Sorochin ulardan buning sababini so‘rab ko‘rdi.
Aholi o‘rtasida talabgir, arzon va xavfsiz bo‘lishiga qaramasdan, O‘zbekistonda shahar atrofidagi temir yo‘l aloqasi yaxshi rivojlanmagan. Elektrichkalar boshqa transport turlariga nisbatan tezlik bo‘yicha afzalliklarga ega. Ular avtotransport vositalariga qaraganda ekologik jihatdan toza va bir vaqtda ko‘proq odamlarni tashishga qodir.

Bugun Toshkent Xo‘jakent, Sirdaryo, Guliston, Xovos, Bekobod va Angren bilan shahar atrofi temir yo‘l aloqasi orqali bog‘langan. O‘tgan yilning yozidan boshlab Farg‘ona vodiysida Namangan-Andijon-Marg‘ilon-Qo‘qon yo‘nalishi bo‘yicha elektrlashtirilgan halqa temir yo‘li ishga tushirildi. Ushbu yo‘nalish bo‘ylab elektrichkalarham yo‘lga qo‘yildi. «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ maʼlumotlariga ko‘ra, elektrichkalarda kunlik yo‘lovchilar oqimi 8200 kishini tashkil qiladi.

Kompaniya Toshkent-Xo‘jakent yo‘nalishi uchun yangi elektropoyezdlar sotib olishni rejalashtirmoqda. Bundan tashqari, O‘TY “Gazeta.uz”ga kelgusida Angren-Toshkent yo‘nalishini Kelesga qadar uzaytirish, shuningdek, Xo‘jakentdan Kelesga Nazarbek orqali poyezd qatnovini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilayotganinini maʼlum qildi. Kompaniyaning xabar berishicha, Kelesni Toshkent bilan bog‘laydigan yo‘lda har kuni jiddiy tirbandliklar paydo bo‘lmoqda. Yangi yo‘nalishlarni ochish mazkur muammoni ijobiy hal qilishi mumkin. Buning uchun temir yo‘l qurishning hojati yo‘q – u allaqachon mavjud. Loyihalarning muddatlari hozircha nomaʼlum.

Shu bilan birga, bundan to‘rt yil muqaddam Bekobod-Toshkent-Bekobod yo‘nalishidagi qatnovlar sonini kuniga ikkitaga yetkazish rejalashtirilgan edi, lekin yangi tarkiblar yo‘qligi tufayli bu reja amalga oshmadi.

“Gazeta.uz” fotomuxbiri Yevgeniy Sorochin Toshkentdan Xo‘jakent va Sirdaryoga elektropoyezdda borib, yo‘lovchilarning O‘TY ko‘rsatayotgan xizmatlar haqidagi fikrlarini o‘rganishga harakat qildi.
Meʼyoridan ortiq darajadagi transport xavfsizligi choralari logistikaning tezkor bo‘lishiga to‘sqinlik qiladi. Har bir yo‘lovchi panjaradagi tuynukka qadar borishi, maʼlumotlari hech qayerga kiritilmaydigan pasportini ko‘rsatishi lozim – qo‘riqlash xizmati kuniga minglab hujjatlarni ko‘zdan kechirishi kerak bo‘ladi. Shundan so‘ng fuqarolar metall detektori orqali o‘tishi, yuklarini esa skanerlashi zarur.

Yo‘lovchilardan biri Ruslan otasi Shamil bilan birgalikda har oyda ikki marta Toshkentdan Sirdaryoga elektrichkada borib-keladi. Ular Sirdaryoda baliq ovlashadi. Biroq ular harakat jadvalidan qoniqish hosil qilmaydilar. Toshkentdan birinchi poyezd ertalab soat 9:35 da jo‘naydi. Bu baliqchilar uchun juda kech.
«Avvallari Toshkentdan ertalabki soat 5-6 da elektrichka bor edi. Agar biz soat 9:30 da yo‘lga chiqadigan bo‘lsak, qirg‘oqqa kunning ikkinchi yarmidagina yetib boramiz», – deydi Ruslan.

Ota-bola viloyatda bir necha kun qolib, so‘ngra poytaxtga qaytishadi. Qaytish jadvali ham noqulay ishlab chiqilgan. Dastlabki ikkita poyezd Sirdaryodan ertalab 4-5 da, keyingi poyezd esa – kunduzi soat 15 da ketadi. To‘g‘ri, Bekoboddan Toshkentga ertalab soat 8 da poyezd bor, lekin u payshanba kunlari yurmaydi.
«Poyezdlar orasidagi interval juda katta. Tasavvur qiling, Sirdaryodan Toshkentga boradigan ikki poyezdning jo‘nash vaqtlari orasida 9 soat bor. Oxirgisi shaharga soat 16:30 da jo‘naydi», – deya taʼkidlaydi Shamil aka.

Suhbatdoshlarimiz boshqa xohlagan transportda Toshkentdan Sirdaryoga borish va qaytish tezroq bo‘lsa ham ularning qimmatroqligi va xavfsiz emasligidan shikoyat qiladilar.
реклама
реклама
Maktab o‘quvchisi Erkin elektrichkadan oyiga bir necha marta foydalanishini aytadi. U Yangiyo‘ldan Sirdaryoga, onasi va do‘stlarini ko‘rishga boradi. Bolaning fikricha, poyezdlar Toshkentga juda erta yo‘lga chiqib, poytaxtdan juda kech qaytadi. Shu bilan birga, yo‘lovchilarga Yangiyo‘ldan Sirdaryoga poyezdda borish 4500 so‘m, taksida esa 20000 so‘mga tushadi.
Chipta sotuvchisi “Gazeta.uz” muxbiriga elektrichkalardan eng ko‘p «O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyasi xodimlari foydalanishlarini aytdi. Jadval ko‘proq ularga mos keladi. Bundan tashqari, ularning safar uchun imtiyozlari bor. Fuqaro yo‘lovchilari soni o‘quv yili boshlanishidan yozgi taʼtilgacha, shuningdek, paxta yig‘im-terim mavsumida ortadi.
“Gazeta.uz” muxbiri Sabina Bakayeva elektrichkalarning Toshkent-Xo‘jakent-Toshkent yo‘nalishidan tez-tez foydalanib turadi. Bu velosipedni demontaj qilmagan holda tog‘larga chiqish mumkin bo‘lgan yagona jamoat transportidir.

Ertalabki “elektrichka” poytaxtdan viloyatga soat 7 da jo‘naydi. Navbatdagisi esa soat 14:06 da. Toshkentliklar dam olish kunlari tez-tez elektrichkalarda sayohatga chiqib turadilar, biroq ishlayotgan odamlar nafaqat tog‘larda dam olishni, balki uxlashni ham xohlashadi. Biroq jamoat transporti bunga imkon bermaydi. Ustiga-ustak, Xo‘jakentdan oxirgi poyezd juda erta yo‘lga tushadi –16:42 da. Safar davomiyligini hisobga olsak – 2 soatu 15 daqiqa – yo‘lovchilar tog‘larga birinchi poyezd bilan borgan taqdirlarida ham bir kun to‘liq dam olmasdan ortga qaytishga majbur bo‘lmoqdalar.
Toshkent-Xo‘jakent-Toshkent yo‘nalishi uchun zamonaviy poyezdlar sotib olish rejalashtirilgan, bu safar vaqtini 1 soatga qisqartirib, yo‘lovchilar oqimini kuniga 2000 dan 12000 gacha oshirishga imkon beradi. Biroq kompaniya “Gazeta.uz”ga «talab yo‘qligi sababli» reyslar sonini ko‘paytirish rejalashtirilmayotganini maʼlum qildi.
Barcha noqulayliklarga qaramasdan, Toshkent elektropoyezdlarining o‘ziga xos jozibasi bor. Ulardagi muhitni shaharlararo poyezdlar bilan solishtirib bo‘lmaydi. Sekinligi tufayli poyezdda bo‘lish ko‘pincha maʼnosiz va maqsadsiz ishday ko‘rinadi. Elektrichkada yurish saraton jaziramasini esga soladi – g‘ildiraklarning bir maromdagi taraq-turug‘i yog‘och o‘rindiqlarga (Toshkent-Bekobod yo‘nalishidagi birgina tarkibda yumshoq o‘rindiqlar mavjud) joylashib olgan kishilarni allalaydi. Ayrim yo‘lovchilar spirtli ichimliklar ichishadi, bir-birlari bilan sokin suhbatlashishadi, kimdir krossvord yechadi.
реклама
реклама
Biroq bunday jozibaning o‘zi bilan qorin to‘ymaydi. Yo‘qotishlar elektrichkalarni kasodga uchratmasidan avval xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, shu jumladan qatnovlar sonini oshirish lozim. Hozirda shahar atrofi temir yo‘l xizmati faqat hududlar aholisining maʼlum bir kontingentiga xizmat ko‘rsatish uchungina mavjud. Toshkentga boradigan ertalabki elektropoyezdlar vaqti ishlaydigan fuqarolar uchun juda ertalik qiladi, Bekoboddagilar uchun esa juda ham kech. Bundan tashqari, harakatlanuvchi tarkib shunchalik eskirganki, yo‘lovchilar elektr poyezdlardan ko‘ra avtotransport vositalarini afzal ko‘rishga tayyor.

Poytaxtda tirbandliklar kuchayib borayotganini hisobga olib, Toshkent shahar atrofidagi temir yo‘l aloqalarini rivojlantirishga ko‘proq sarmoya kiritishi kerak. Ushbu ekologik toza transport juda ko‘p sonli yo‘lovchilarni tashib, ularni tirbandliklarda turishdan qutqarishga qodir.
Matnni Sabrina Fayzieva tayyorladi
Fotosuratlar muallifi: Yevgeniy Sorochin

Materiallarga bo‘lgan barcha huquqlar “Gazeta.uz” nashriga tegishli. www.gazeta.uz saytiga joylashtirilgan va “Gazeta.uz”ga tegishli foto-, grafik va boshq materiallardan uchinchi shaxslar tomonidan har qanday ko‘rinishda foydalanish taqiqlanadi.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi, u haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting