«Adolat» SDP rasmiy saytida partiya siyosiy kengashi raisi, prezidentlikka nomzod Bahrom Abduhalimovning «Muhtasham «siti"larga ruju qo‘yish ekologik tanglikni kuchaytiradi» sarlavhasi ostidagi maqolasi e’lon qilindi.

Maqolada atrof-muhit ifloslanishining inson salomatligiga ta’siri va O‘zbekistonda ekologik muammolar bilan bog‘liq vaziyat xususida fikr yuritiladi.

Qayd etilishicha, tadqiqotlarga ko‘ra, insoniyatning halokatiga urush, ocharchilik, kasalliklardan ham ko‘ra ekologiyaning ifloslanishi ko‘proq sabab bo‘lar ekan.

«Ekologiyaning ifloslanishi sabab o‘limga yuz tutganlar soni OITS, bezgak, sil qurbonlaridan 3 barobar ko‘pdir. Urushda halok bo‘lganlar esa ekologik muammo bois vafot etganlardan 15 marta kam ekan. Hatto Yer yuzini titratgan koronavirus vabosi ham ekologik muammolar oldida holva», — deya ta’kidlaydi partiya raisi.

Shuningdek, atrof-muhit ifloslanishi ba’zi saraton kasalliklari, allergik va infeksion kasalliklar kelib chiqishi, to‘satdan o‘lim sindromiga sabab bo‘lishi aytilgan. Bundan tashqari, maqolada ekologik muammolar sabab aqliy va jismoniy rivojlanishdan orqada bo‘lgan, nogiron bolalar dunyoga kelishi mumkinligi ta’kidlangan.

Bahrom Abduhalimov havodagi changga qarshi kurashishda sun’iy ko‘llardan foydalanish mumkinligini, lekin respublikada ko‘llarning birin-ketin yo‘q qilinayotganligini taassuf bilan qayd etgan:

«Bundan ancha yillar avval poytaxtdagi O‘zbekiston davlat konservatoriyasi binosi o‘rnida katta ko‘l bo‘lardi, hozir undan asar yo‘q. Yaqinda Milliy bog‘dagi ko‘l ham tag-tugi bilan yo‘q qilinib, o‘rniga allaqanday «siti» qaqqaytirib qo‘yildi. G‘afur G‘ulom nomidagi istirohat bog‘i ham shunday rejalar changalida turibdi. Afsuski, hozir bizda muhtasham «siti"larga ruju qo‘yilib, hayot va sog‘liq uchun foydali manbalardan voz kechilmoqda», — deydi prezidentlikka nomzod.

Partiya rahbari masalaning global miqyosdagi ahamiyatiga to‘xtalib, atrof-muhit hamda suv resurslari muhofazasiga bag‘ishlangan qator global va mintaqaviy muzokaralar, jumladan, Dublin konferensiyasi, «Yer sammiti», Yoxannesburgda bo‘lib o‘tgan Barqaror rivojlanish bo‘yicha jahon sammitini misol qilib keltirgan.

«O‘zbekiston Ekologik partiyasi „navnihol“ siyosiy kuch bo‘lishiga qaramay, ekologik muammolar hajman unga moslashmasligi tabiiy. Balki mazkur tashkilotning faoliyati atrof-muhitdagi vaziyatdan kelib chiqib, salmoq kasb etishi shart», — deya xulosa qilgan partiya rahbari.