20 sentabr kuni Oliy Majlis Senati Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash, Yoshlar, madaniyat va sport masalalari hamda Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitalari tomonidan akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida «Inson a’zolari va to‘qimalari transplantatsiyasi to‘g‘risida"gi qonun loyihasi muhokama qilindi.

Yig‘ilishda ilgari O‘zbekistonda buyrak va jigar transplantatsiyasi amaliyotlari o‘tkazilmasligi oqibatida ko‘pchilik bemorlar xorijiy mamlakatlarda katta mablag‘ evaziga davolangani, hatto ayrimlari bevaqt vafot etgani haqida ta’kidlandi, deyiladi Senat matbuot xizmati xabarida.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda buyrak, jigar va o‘zak hujayrasini ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yishga imkoniyat yaratildi. Natijada bugungi kungacha mamlakatda 700 dan ortiq ana shunday operatsiya muvaffaqiyatli bajarilgan.

Respublikada 5 ming nafar bemor jigar sirrozidan azob cheksa, ularning 500 nafari, ya’ni 10 foizi jigar transplantatsiyasi amaliyotiga muhtoj. Bugungi kunga qadar mamlakatda jami 10 ta jigar transplantatsiyasi amalga oshirilgan.

«Istiqbolda buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyotini yiliga 250 taga yetkazish, jigar transplantatsiyasini esa yiliga 50 taga yetkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, yurak transplantatsiyasini joriy etish va yiliga 50 ta amaliyot hamda o‘pka transplantatsiyasini yo‘lga qo‘yish va yiliga 30 ta amaliyotni bajarish nazarda tutilgan», deyiladi xabarda.

«Tadbir doirasida senatorlar inson a’zolari va to‘qimalarini ko‘chirib o‘tkazish amaliyotini xorijda katta mablag‘ va vaqt sarflamasdan O‘zbekistonda ham amalga oshirish mumkinligiga urg‘u berdilar. Shuningdek, inson a’zolari va to‘qimalari transplantatsiyasi borasida qonunchiligimizda belgilangan normalar bugungi kun talablariga mos emasligi, shu bois, mazkur qonun loyihasida aniq tartiblar belgilab berilayotganligi ta’kidlandi», deya qayd etdi yuqori palata matbuot xizmati.