Guardian nashrining xabar berishicha, 17 sentabr kuni «Tolibon»ning ta’lim vaziri mamlakatda 7−12-sinf o‘quvchilari uchun darslar, afg‘on hisobi bo‘yicha yangi hafta boshlanishi — shanba kunidan, 18 sentabrdan davom ettirilishi haqida ma’lum qilgan edi.

«Barcha erkak muallimlar va o‘quvchilar ta’lim muassasalarida bo‘lishlari lozim», deyilgan e’londa. Qizlar va muallimalar esa tilga olinmagan.

«Hozircha Afg‘oniston yarim aholisining o‘rta ta’lim olishiga cheklov o‘rnatgan yagona davlat bo‘lib qolmoqda», — deyiladi xabarda. Mazkur farmon bilan «Tolibon» o‘zining ayollar huquqlari masalasidagi pozitsiyasini jahon hamjamiyatiga yana bir bor namoyon qilganligi ta’kidlanadi.

«Tolibon» mamlakatda o‘z nazoratini o‘rnatgan ilk kunlarda endilikda ayollarga munosabat 1990 yillardagi kabi bo‘lmasligi, ayollar huquqlari kafolatlanishi, ular Islom qonun-qoidalari asosida ilm olishlari va ishlashlari mumkinligini ma’lum qilgan edi.

Biroq hozirgi kungacha mamlakat poytaxti va boshqa viloyatlarda ayollar huquqlarining cheklanishi, jumladan, ayollarning jamiyatga aralashuvi, ishlashi, mahramsiz ko‘chaga chiqishi, hatto ayrim tumanlarda boshlang‘ich ta’lim olishi ham taqiqlanishi va boshqa shu kabi holatlar kuzatilmoqda. «Tolibon» rasmiylari bu kabi holatlarni «xavfsizlik nuqtai nazaridan», deya izohlaganligi aytilmoqda.

Toliblar vakili Zabihulla Mujohid qizlarning maktabga qatnashi uchun xavfsiz muhitni yaratish va xavfsiz transport bilan ta’minlash kerakligini ta’kidladi.

«Biz qizlarning maktab ta’limini olishiga qarshi emasmiz, lekin biz hali maktabga qatnashini ta’minlaydigan mexanizm ustida ishlayapmiz. Xavfsiz transport va xavfsiz muhitni kafolatlash kerak. Avvalgi hukumat davrida bunday bo‘lmagandi. Ko‘rib turibsizlar, hozir qizlar universitetlarda ta’lim olishda davom etmoqda. U yerda transport yetarlicha xavfsiz», — dedi Mujohid Spiegel nashriga bergan intervyusida.

«Ta’lim va savodxonlik Islomda shu qadar ulug‘lanadiki, „Tolibon“ qizlarning ilm olishini Islomga muvofiq taqiqlay olmaydi. Shuning uchun doim ularning [qizlar maktablarining] xavfsizlik kuchaytirilganida ochilishini aytib kelishadi. Hech qachon bunday bo‘lmadi. Ular maktablarni ochishmadi», — deydi Afg‘oniston tahlilchilar tarmog‘i direktori Keyt Klark.

«Tolibon» avvalroq barcha boshlang‘ich ta’lim o‘quvchilari maktabga qaytishlari va oliy ta’lim muassasalarida qizlar guruh tomonidan o‘rnatilgan yangi tartiblar doirasida ta’lim olishlari mumkinligini ma’lum qilgan edi. «Lekin o‘rta ta’lim muassalari ochilmas ekan, oliy ta’limga ruxsat berilishida hech qanday ma’no yo‘q», — deb yozmoqda Guardian.

YUNESKO bosh direktori Odri Azule «Tolibon»ning qizlarga o‘rta ta’limni cheklash bilan bog‘liq xavotirlarini ma’lum qildi. Taqiqning doimiy bo‘lishi mamlakatda ayollar huquqlari jiddiy buzilishiga olib kelishi va ta’lim sohasining taraqqiyotiga jiddiy putur yetkazishi mumkin.

«Afg‘oniston kelajagi afg‘onistonlik qiz va o‘g‘il bolalarning ta’lim olishiga bog‘liq», — deydi Odri Azule. «Biz Afg‘onistondagi barcha mas’ul shaxslar va rasmiylarga murojaat qilib, maktablarning bosqichma-bosqich ochilishi doirasida hamma bolalar uchun hech qanday to‘sqinliksiz ta’lim olish imkoniyatini ta’minlashga chaqiramiz». U, shuningdek, ayol o‘qituvchilarni maktabga qaytarish ham bir xil darajada ahamiyatli ekanligini ta’kidlagan.

Odri Azulening so‘zlariga ko‘ra, qizlarning o‘rta maktabga qaytishi qanchalik ortga surilsa, ularning ta’limda ortda qolishi va boshqa maktabga qaytmaslik ehtimoli shunchalik ortadi. Buning o‘rniga qizlar erta turmushga chiqishadi, bu esa ularni oliy ma’lumot olish va hayotda o‘z o‘rnini topish imkoniyatidan mahrum qiladi.

Harakat rahbarlari qizlarga boshlang‘ich ta’limning kafolatlanishini va’da qilganligiga qaramay, ayrim chekka hududlarda buning aksi kuzatilmoqda. Xususan, Qandahorning ko‘plab tumanlari va Panjvayda hukumat vakillari bu masalani bee’tibor qoldirayotganliklari va ortga surayotganliklari, izoh so‘ralganida esa, hududda ta’limni yo‘lga qo‘yish uchun moliyaviy shart-sharoit yo‘qligi, hukumat bu borada xalqaro hamjamiyatning moliyaviy ko‘magiga muhtoj ekanligi ro‘kach qilinganligi aytilmoqda.

Bundan tashqari, «Tolibon» hukumati qizlarning universitet darajasini olishlariga qarshilik yo‘qligini bildirganligiga qaramay, bu borada o‘rnatilgan tartib-qoidalarning amaliyotda ishlashi vaqt va mablag‘ talab etadi.

Xususan, 11 sentabrda «Tolibon» hukumati oliy ta’lim vaziri Abdul Boqi Haqqoniy tomonidan e’lon qilingan qator tartib-qoidalarga ko‘ra, qizlar va o‘g‘il bolalar alohida sinflarda o‘qitiladi. «Biz o‘g‘il bolalar va qiz bolalar birga o‘qishlariga ruxsat bermaymiz», — deya ma’lum qilgan edi Haqqoniy.

Qizlar universitetga islomiy tartib-taomilga muvofiq hijobda kelishlari lozim (hijob deganda, faqat boshni yopadigan ro‘mol nazarda tutilganmi yoki yuzni ham yopish kerakmi — noma’lum).

Qizlarga faqat ayol o‘qituvchilar dars berishi mumkin. Shuningdek, Haqqoniyning so‘zlariga ko‘ra, universitetda qizlarga o‘qitiladigan fanlar ham qayta ko‘rib chiqiladi.

Guardian`ning yozishicha, mamlakatdagi universitetlarda qizlar uchun alohida guruhlar, uning ustiga, yuqorida sanab o‘tilgan tartib-qoidalarga muvofiq, tashkil etish imkoniyati mavjud emas. Ba’zilarida ayol muallimalar yetishmaydi, ba’zilarida talabalar. Natijada qizlar uchun o‘quv dasturidagi ko‘plab fanlarni bekor qilishlariga to‘g‘ri kelmoqda.

«„Tolibon“ [o‘g‘il bolalar va qizlarni] ajratib o‘qitishni buyuradi. Lekin biz Afg‘onistondagi eng katta va eng yaxshi moddiy-texnik bazaga ega universitetlardan biri bo‘laturib, buni amalga oshirishga imkoniyatimiz yo‘q», — deydi Hirot universiteti professori.

Qayd etilishicha, «Tolibon» rahbarlariga ayollar ishlashiga mamlakat miqyosida qachon ruxsat etilishini so‘rab murojaat qilinganida, ularning aksariyati bir xil — «tez orada» degan javob berishgan.

Associated Press 18 sentabr kuni mamlakatdagi sobiq ayollar ishlari vazirligi binosi yangi tashkil etilgan rag‘batlantirish, axloqqa yo‘naltirish va jinoyatlarning oldini olish vazirligiga bo‘shatib berilganligi haqida yozdi.

Sobiq vazirlik maslahatchisi Sara Sirat AP`ga yo‘llagan video xabarida shunday degan: «Baxtga qarshi, Tolibon islom amirligining hukumatida [ayollarga] joy yo‘q. Ayollar ishlari vazirligini yopish orqali ular kelgusida ayollarga o‘z huquqlarini qaytarish yoki davlat xizmati va boshqa sohalarda ishlash imkoniyatini berish rejalarida yo‘q ekanligini ko‘rsatdilar».

Xuddi shu kuni Kobulda ayollar qator norozilik namoyishlarini o‘tkazdilar. Bunga ayollar ishlari vazirligining yopilishi bilan bir vaqtda Kobulning muvaqqat hokimi davlat xizmatidagi ayollarning ishga chiqishlarini taqiqlash to‘g‘risida ko‘rsatma berganligi sabab bo‘lganligi aytilgan. Hokimning buyrug‘iga ko‘ra, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasidagi ayrim erkaklar bajarishi mumkin bo‘lmagan vazifalarda va ayollar jamoat hojatxonalarida band bo‘lgan ayollargina o‘z mehnat faoliyatini davom ettirishlari mumkin.

Afg‘on ayollari ko‘plab masalalarda murosaga kelishlari mumkin, lekin ta’lim olish va mehnat qilish masalasida emas, deya takrorlamoqda afg‘on ayollari.

«Ko‘pdan-ko‘p ayollar shu ziddiyatlar sabab erlarini yo‘qotgan, endi ularning yagona chorasi — ishlash… Bizga bozorga borishga yoki piknikda hordiq chiqarishga ruxsat berilmasa, hechqisi yo‘q. Lekin ishlashimizga ruxsat berishlari kerak, bo‘lmasa farzandlarimizni qanday boqamiz?» — deydi qandahorlik Parvana.

«Butun dunyoga ayting, bu cheklovlarni olib tashlashi, munosabatini o‘zgartirishi uchun «Tolibon»ga ko‘proq bosim o‘tkazishsin, — deydi tibbiyot sohasi talabasi Gulalay. — Kasbim bo‘lmasa, o‘qishimga ruxsat berishmasa, xavfsizlikning men uchun hech qanday ahamiyati yo‘q. Bu xavfsizlik faqat «Tolibon»ga kerak».

Inklyuziv hukumat tuzilishi va’da qilinganiga qaramay, muvaqqat hukumat tarkibida birorta ayol kishi tayinlanmagan. «Tolibon» matbuot xizmati vakili Sayid Zikrulloh Hoshimiy Tolo News kanaliga bergan intervyusida ayollarning vazifasi — bolalarni dunyoga keltirish va voyaga yetkazish ekanligini ta’kidlagan.

«Hukumatda ayollarga zarurat yo‘q», — deya qo‘shimcha qilgan u.