20 sentabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyevning Islom taraqqiyot banki va OPEK xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi ishtirokida «Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish» loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.

Hujjatda aytilishicha, «Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish» loyihasini moliyalashtirish uchun Islom taraqqiyot banki tomonidan 5 yillik imtiyozli davrni o‘z ichiga oluvchi 20 yil muddatga 200 mln AQSh dollari miqdorida qarz ajratilishi to‘g‘risidagi qaror Islom taraqqiyot banki Direktorlar Kengashi tomonidan ma’qullangan.

Shuningdek, OPEK xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan 5 yillik imtiyozli davrni o‘z ichiga oluvchi 20 yil muddatga 75 mln AQSh dollari miqdorida qarz ajratilishi to‘g‘risidagi qaror OPEK Direktorlar Kengashi tomonidan ma’qullangan.

Qaror bilan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) tomonidan loyiha uchun 3,05 mln AQSh dollari miqdorida grant mablag‘i ajratiladi. Loyihani amalga oshirishda O‘zbekistonning ulushi 59,95 mln AQSh dollari miqdoridagi mablag‘lardan iborat.

Loyiha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlarining 20 ta tumanidagi 170 ta MFY (40 ta markaziy, 130 ta yondosh mahalla)larda amalga oshiriladi.