«Trest 12» 5 trln so‘mga yaqin loyihalarni tendersiz amalga oshirgan — Antikorrupsiya agentligi

Antikorrupsiya agentligi rahbari Akmal Burxonov qurilish vaziri Botir Zokirovning oila a’zolariga aloqador bo‘lgan «Trest-12» kompaniyasi qo‘lga kiritgan loyihalarda manfaatlar to‘qnashuvi bo‘lganini tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur kompaniya tendersiz 5 tln so‘mlik (tahminan $471 mln) loyihalarni amalga oshirgan. Agentlik bu kabi muammolarni bartaraf etish uchun ikkita taklifni ilgari surmoqda.

O‘zbekistonda vaksinaning 2-dozasini olganlar soni 500 ming nafarga yetdi

O‘zbekistonda koronavirusga qarshi emlanganlar soni 1,7 mln nafardan oshgan bo‘lib, emlanganlar orasida 499 094 nafar fuqaro vaksinaning 2-dozasini qabul qilgan. Shuningdek, so‘nggi kun ichida 269 nafar bemor kasallikdan sog‘aygan bo‘lib, O‘zbekistonda sog‘ayish ko‘rsatkichi 96 foizni tashkil etmoqda.

YUNESKOning 44-sessiyasida Shahrisabzning tarixiy qismini regeneratsiya qilish masalasi ko‘tariladi

YUNESKO Umumjahon merosi qo‘mitasining Xitoyda bo‘lib o‘tadigan 44-sessiyasida Shahrisabzning tarixiy qismini regeneratsiya qilish loyihasi muhokama qilinadi. O‘zbekiston taklifiga binoan xorijlik ekspertlar 3 xil konsepsiyani ishlab chiqqan. Loyihalardan biri tanlangach, 2022 yildan amaliy ishlar boshlanishi mumkin.

O‘zbekiston Isroil bilan muntazam aviaqatnovlarni qayta tikladi

24 maydan boshlab Toshkent — Tel-Aviv — Toshkent muntazam aviaqatnovlari qayta tiklandi. Aviaqatnovlar haftaning dushanba kunlari amalga oshiriladi.

Jahongir Ortiqxo‘jayev reklama konstruksiyalari buzib tashlanayotganiga oid savolni javobsiz qoldirdi

Poytaxt hokimi yoshlar bilan uchrashuvdan so‘ng, xizmat avtomobiliga borgunicha jurnalistlar unga savol bilan murojaat qilishga urinishdi. Undan hech bir qarorsiz reklama bannerlari buzib tashlanayotgani haqida so‘ralganida, u savolni javobsiz qoldirdi va qadamini tezlashtirdi.

TATU filiali xodimi va uning sherigi pora bilan qo‘lga tushdi

Bosh prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, TATUning Samarqand filiali bo‘limi boshlig‘i va uning sherigi samarqandlik fuqaroga Qozog‘istondagi institutlardan birida o‘qiyotganligi haqida hujjat tayyorlab berish evaziga 3000 dollar olganida ushlangan.

O‘zbekistonlik para-dzyudochilar Bokuda 10 ta Gran-pri medallarini qo‘lga kiritishdi

Para-dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi Boku shahridagi Gran-pri musobaqasida 10 ta medalni qo‘lga kiritdi va umumjamoa hisobida 2-o‘rinni egalladi.

Misr samolyoti Toshkentning markazidan uchib o‘tdi

Misrning «Fly Egypt» aviakompaniyasi samolyoti Toshkentning markaziy hududidan uchib o‘tdi. Transport vazirligi mazkur holatni izohlab, samolyot «Toshkent» aeroportidan parvozni amalga oshirish jarayonida noto‘g‘ri manyovrni amalga oshirganini ta’kidladi.

«Bu yerda nosog‘lom muhit hukm surmoqda». Bola ombudsmani Samarqandda maktab-internat tarbiyalanuvchilari kaltaklangani holatini o‘rgandi

Samarqanddagi 63-sonli aqli zaif bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internati tarbiyalanuvchilari kaltaklangani bo‘yicha holat Bola ombudsmani tomonidan o‘rganib chiqildi. Suratdagi 2 nafar bolani otasi uyiga qaytarib olib ketgan, ko‘zi ko‘kargan bola esa tengdoshi bilan urishganini aytgan. «Muassasada nosog‘lom muhit hukm surmoqda», — deyiladi xabarda.

Pastdarg‘omdagi qizning o‘limi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Pastdarg‘om tumanidagi kanaldan 17 yoshli qizning murdasi topilgani yuzasidan o‘zini o‘zi o‘ldirishga undash moddasi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

O‘zbekiston MTJning Saudiya Arabistonida o‘tadigan uchrashuvlar uchun tarkibi e’lon qilindi

O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Vadim Abramov Saudiya Arabistonida o‘tadigan markazlashgan saralash bahslari uchun yakuniy tarkibni e’lon qildi. Tarkibga 28 nafar futbolchini jalb etilgan. Iyun oyida O‘zbekiston MTJ JCH-2022 hamda OK-2023 qo‘shma saralash bahslari doirasida Saudiya Arabistonida o‘tadigan markazlashgan turnirda Singapur, Yaman va Saudiya Arabistoni jamoalariga qarshi o‘yinlarda keyingi bosqich yo‘llanmasi uchun kurash olib boradi.

«Gazeta.uz»da chiqqan maqolalar:

Vodorod bombasini yaratishdan inson huquqlari himoyachisigacha. SSSRning eng mashhur dissidenti Andrey Saxarov

Akademik, vodorod bombasi ixtirochilaridan biri va SSSR huqumatiga qarshi kurash olib borgan, mamlakat tarixidagi eng mashhur dissident Andrey Saxarov shaxsi atrofidagi muhokamalar hozirgacha davom etmoqda. Saxarov so‘z, fikr va g‘oya erkinligini inson huquqlarini himoya qilish uchun yagona vosita deb bilgan. O‘z maqolalari va chiqishlari sababli muntazam ravishda KGB nazorati ostida bo‘lib, tintuvlarga, matbuotda ko‘plab haqoratlarga duchor bo‘lgan Andrey Saxarovning «g‘ayrifikrliligi» haqida «Gazeta.uz» maqolasida.

Umr bahosidagi daraxtlar

Narxlarning, tariflarning ko‘tarilishi yoki yangi bojlarning joriy qilinishi haqida so‘z borganda, kimdir hazillashib, yana kimdir umidsizlikka tushib: «Balki, havoni ham pullik qilarsizlar?» deb qo‘yadi. Shahar daraxtlarining ahamiyati va ularni kesishni to‘xtatish lozimligini eslata turib, «Gazeta.uz» kolumnisti Botir Qobilov har bir daraxtning qiymati juda yuqori ekanligi va shahar aholisi anchadan buyon nafaqat pul bilan, balki o‘z sog‘liklari bilan ham buning badalini to‘lab kelayotganini ta’kidlamoqda.