8 noyabrga qadar jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan Prezidentning «Mamlakatimiz ta’lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoni loyihasini tahlil qilishda davom etamiz. Avvalgi maqolamizda biz bir-biridan farq qiladigan har xil kompetensiyalarni baholaydigan turli test tizimlarining mavjudligi ta’lim tizimini izdan chiqarishi, milliy o‘quv dasturida belgilangan maqsadlarni yo‘qqa chiqarishi mumkinligi haqida so‘z yuritgan edik. Mazkur maqolada loyihadagi ayrim, bizning nazarimizda, bahstalab takliflarni tahlil qilishga harakat qilamiz.

Hokimliklar changaliga qaytib

Hujjatning 14-bandida umumta’lim muassasalari direktorlarini tayinlash yoki lavozimidan chetlashtirish, shuningdek, ularga nisbatan intizomiy choralar qoʼllashda mahalliy kengashlarning roziligini olish tartibini belgilash taklif qilinmoqda. Bundan tashqari, ular har yili o‘z faoliyati natijalari to‘g‘risida kengashga hisobot berishlari zarur bo‘ladi.

Loyihaning 15-bandiga ko‘ra, hududiy xalq ta’limi boshqarmalari rahbarlari tegishli hudud hokimlarining maslahatchilari hisoblanadi.

Umid qilamanki, ta’lim tizimining mahalliy hokimliklarga bo‘ysunishi qanday fojiali oqibatlarga olib kelganini unutib qo‘ymaganmiz. O‘sha payt biz ta’lim tizimini — hududiy ta’limni boshqarish idoralari va ta’lim muassasalarini mahalliy ijro hokimiyati organlaridan ajratish kerakligi, ta’lim muassasalarining tegishli vazirlikka vertikal бўйсuniшини joriy etish zarurligi to‘g‘risida o‘z fikrimizni bayon qilib o‘tgan edik. O‘shanda mamlakat Bosh vaziri Abdulla Aripov Xalq ta’limi vazirligining yangi rahbariyatini tanishtirar ekan, maktablarning mahalliy hokimliklarga bo‘ysunishini bekor qilishni buyurgan edi.

Ta’lim to‘g‘risidagi yangi qonunda ta’lim tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish va uslubiy rahbarlik qilish tegishli vazirliklar (MTV, XTV, OO‘MTV) vakolatiga kiritilgan bo‘lib, mahalliy hokimliklarga asosan ta’lim muassasalari faoliyati uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish topshirilgan. Prezidentning maxsus farmoni bilan o‘qituvchilarni o‘z vazifa va majburiyatlaridan tashqari turli ishlarga jalb qilish taqiqlangan.

Shunga qaramay, garchi avvalgidek keng miqyosda bo‘lmasada, o‘qituvchilar baribir majburiy ishlarga jalb qilinayotganligi to‘g‘risida hanuzgacha xabarlar kelmoqda, XTV bunday holatlarga yo‘l qo‘yish mumkin emasligini eslatib, o‘qituvchilar huquqlarini himoya qilishga harakat qilmoqda. Vazir Sherzod Shermatovning o‘zi hokimliklarni ta’lim sifatini oshirish uchun sharoit yaratishga foydasi tegmasa, hech bo‘lmaganda xalaqit bermaslikka chaqirdi.

Aftidan, endi biz ta’lim tizimini hokimliklar qo‘l ostiga qaytarib, yaqin o‘tmishdagi xatoni takrorlamoqchimiz.

E’tirozlar bo‘lishi mumkin: mahalliy kengashlar — xalq saylagan vakillar maktab ishlariga aralashsa, buning nimasi yomon? Mavjud vaziyatga to‘g‘ri baho beraylik. Hokimlar kengash raisi bo‘lgan va konstitutsiyada belgilangan hokimiyatlar bo‘linishi tamoyiliga zid ravishda hatto parlamentning yuqori palatasi bo‘lmish Senatga «saylanayotgan» hozirgi tizimda kengashlar mohiyatan hokim qarorlarini rasmiylashtirishga xizmat qiladi, xolos. Ularning qo‘lidan hokim juda ham chegaradan chiqqan holatlarda prezidentga shikoyat qilishdan boshqa ish kelishi dargumon.

Direktorlar nomzodlarini kengash tasdiqlashi, aslida ularni hokimlar tasdiqlashini anglatadi, ta’lim idoralari rahbarlari uchun «hokim maslahatchisi» maqomi esa hokimlar ularga o‘zlariga bo‘ysunuvchilar sifatida qarashlariga olib keladi. Birovlarni omma oldida haqorat qiladigan, qo‘l ko‘taradigan, ko’zbo‘yamachilik bilan shug‘ullanadigan, maktab maydonlarini tadbirkorlarga berib yuboradigan, barcha qilmishlari uchun aksar hollarda «uzr» bilan qutulib qoladigan hokimlarni ta’limga yaqin yo‘latmaslik kerak. Shunda ta’lim tizimidagilar uchun ham, hokimlarning o‘zi uchun ham tinchroq bo‘ladi.

O‘rni kelganda aytish joiz, hujjatni muhokama qilishda ishtirok etgan ko‘plab vatandoshlarimiz ham taklif qilinayotgan o‘zgarishlar hududiy ta’lim boshqaruv idoralari va ta’lim muassasalari rahbarlarini hokimlarga to‘liq qaram qilib qo‘yadi deb hisoblashmoqda.

Balki yaqin kelajakda (kim bilsin!) kengashlar hokimlardan chinakamiga mustaqil bo‘lib, tegishli hudud aholisi manfaatlarini qog‘ozda emas, amalda himoya qila oladigan darajaga yetsa, ta’lim rahbarlarining kengashga hisobot berish g‘oyasi ijobiy natija berar.

Hozircha esa ta’lim muassasalarining tegishli vazirliklarga vertikal ravishda бўйсuнishini saqlab qolish lozim, soha rahbarlarining hisobotlarini esa vazirlikda ham eshitilish mumkin: zamonaviy dunyoda buni masofadan turib ham tashkil etish imkoni yo‘q emas.

Bahoning bahodan farqi bor

Yana bir qiziqarli, ammo juda ziddiyatli masala 11-bandda qayd etilgan universitetga kirishda o‘quvchining so‘nggi 6 yil ichida to‘plagan o‘rtacha bahosini hisobga olish taklifidir.

Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov taklif qilinayotgan o‘zgarishga izoh berar ekan, bu maktab baholariga bo‘lgan e’tiborni oshirib, o‘quvchini maktabda yaxshi o‘qishga undashini ta’kidladi. «Bola 11 yil maktabda o‘qiydi, ammo bir kun ichida uning taqdiri hal qilinadi. Balki o‘sha kuni uning issig‘i chiqqandir?» — dedi vazir va uning gapida jon borligini tan olish kerak. Maktablarda baholarni yaxshilash uchun korrupsiyaga yo‘l qo‘yilishi ehtimoli haqida so‘ralganda, u elektron kundalik tizimining joriy etilishi baholarni o‘zgartirishning oldini olishga yordam berishini aytib o‘tdi.

Darhaqiqat, bola test kuni o‘zini yomon his qilishi yoki unga bog‘liq bo‘lmagan boshqa holatlar kirish imtihonlarida o‘z bilimlarini ko‘rsatishiga xalaqit berishi mumkin. Testlar to‘g‘risidagi fanga — testologiyaga murojaat qiladigan bo‘lsak, bunday holatlar fanda inobatgan olingan. Testologiyada «o‘lchov xatoligi» degan tushuncha mavjud bo‘lib, unga ko‘ra, har qanday testda ўлчов xatoligi mavjud, ya’ni test sinovdan ўткaзилaётgaн kishining haqiqiy bilimlarini 100 foiz aniqlik bilan ko‘rsatib bera olmaydi.

Test ishlab chiquvchilarning vazifasi ushbu xatolikni minimallashtirishdan iborat. O‘lchash xatoligidan butkul qutulish imkonsiz. Shuning uchun ham test o‘tkazuvchi tashkilotlar mazkur xatolik qiymatini ўз hisobotlarida кўрсaтиб o‘tadilarki, test natijalari asosida qaror qabul qilishda uni inobatga olish imkoni bo‘lsin. DTMning testlarni o‘tkazishdagi yondashuvi o‘lchov xatoligining qiymatini hisoblashga imkon bermaydi. Demak, ushbu yondashuvni o‘zgartirish zarur.

Yana bir holat. Pedagogikada baholashning ikki turi mavjud: formativ va summativ. Formativ baho o‘quvchining kuchli va zaif tomonlari haqida ma’lumot berishi va o‘quvchiga ham, o‘qituvchiga ham keyingi qadamlarini rejalashtirish uchun imkon berishi lozim. Formativ baholash, odatda, sub’ektiv bo‘lib, biror o‘qituvchi tomonidan berilgan baho boshqa o‘qituvchi qo‘ygan bahodan farq qilishi mumkin. Axir, o‘qituvchilar ham odam, ular ham biror kimga ko‘proq yon bosishlari mumkin.

Summativ baholarni esa o‘zaro solishtirib bo‘ladi. O‘qituvchining tarafkashligidan xoli ravishda, bir maktabda A o‘quvchiga qo‘yilgan uch baho boshqa maktabdagi B o‘quvchiga qo‘yilgan uch baho bilan bir xil bilim darajasini anglatishi darkor. Buning uchun ma’lum shartlarning bajarilishi talab etiladi: bir xil baholash mezonlaridan foydalanish, barchaning ularni birdek talqin etishi, «so‘qirchasiga baholash» (tekshiruvchi kimning ishini baholayotganini bilmaydi) va hokazo.

Summativ baho formativ baholarning o‘rtacha qiymatiga teng bo‘la olmaydi. Ular butunlay har xil baholash turi bo‘lib, har birining o‘z vazifasi mavjud.

Muhim qarorlarni qabul qilishda (masalan, OTMlarga qabul jarayonida) aynan summativ bahoni hisobga olish zarur. Biroq bizning maktablarda qo‘llaniladigan baholash tizimi formativ va summativ baholashni bir-biridan farqlamaydi. Natijada, na birinchisiga, na ikkinchisiga qo‘yiladigan talablar hisobga olinmaydi.

Universitetga kirishda o‘zlashtirishning o‘rtacha ko‘rsatkichini hisobga olish ўқuв jarayonini baho ortidan doimiy quvishga aylantirib қўяди va natijada, baholash turlarining hech biri — na formativ, na summativ baholash — o‘z vazifasini bajarmaydi.

Darslik, darslik va yana darslik

E’tiborga molik yana bir jihat Respublika ta’lim markaziga (RTM) darsliklar mualliflarini tanlash, shuningdek, darslik va o‘quv qo‘llanmalarining original maketlarini yaratish vazifasining yuklanishi (4-band).

RTM bir vaqtning o‘zida darsliklarni ishlab chiqish va ekspertizadan o‘tkazish bilan shug‘ullanishi sifatli muqobil darsliklarning yaratilishiga imkon bermasligini aytib o‘tgan edik. Tan olish kerak, joriy yil to‘liq yangilangan informatika, tarbiya yoki ona (o‘zbek) tili kabi fanlar darsliklari bir qarashda ijobiy taassurot qoldiradi. Sababi — mavzular qiziqarli tarzda ochib berilgan, illyustratsiya va infografikadan o‘z o‘rnida foydalanilgan hamda o‘quvchining bilim olish faoliyatini rag‘batlantiruvchi topshiriqlar ishlab chiqilgan.

Ammo bu degani sifatli darsliklarni yaratishning barqaror tizimi yaratildi degani emas. RTM mualliflarni tanlash va darsliklar yaratish bilan shug‘ullanar ekan, darsliklarning sifati markaz rahbariyatining qarashlariga, nimani ustun qo‘yishiga bog‘liq bo‘lib qoladi. Sifatni har narsadan ustun qo‘yib, «tanish-bilish» va boshqa manfaatlar bir chetga surib qo‘yilsa, ehtimol, yuqori sifatli darsliklar ishlab chiqilar. Biroq hech nima abadiy emas — rahbarlar o‘zgarsa, yondashuv ham boshqacha bo‘ladi.

Shuning uchun darsliklarni yaratish va nashr etishda bozor mexanizmlari ishlashi zarur: darslikni noshirlarning o‘zi ishlab chiqadi, RTM esa ularni vazirlik vakolat bergan organ sifatida xolislik bilan, oldindan e’lon qilingan mezonlarga muvofiq baholaydi va ulardan o‘quv jarayonida foydalanishga ruxsat beradi. Qaysi nashriyot va muallif darsligini ishlatish esa maktab jamoasining ixtiyorida qoladi.

Bunday vaziyatda tizim shaxslarga bog‘liq bo‘lmaydi: darsliklarni yaratish va nashr etishga sarmoya kirituvchi noshirlar iste’molchi uchun raqobatlashib, doimiy ravishda sifatni ta’minlashga majbur bo‘lishadi. Bundan tashqari, mazkur yondashuv yangi kuchli mualliflar, uslubchilar va dizaynerlarning paydo bo‘lishiga hamda o‘quv adabiyotlari sanoatining shakllanishiga turtki beradi. O‘qituvchilarga tanlov imkoniyati berilib, ular o‘z o‘quvchilariga mos darsliklarni tanlashlari mumkin bo‘ladi.

Boshqa takliflar

Maqola so‘ngida qaror loyihasidagi boshqa ayrim takliflarga e’tiboringizni qaratmoqchimiz.

  • «Tayanch o‘quv rejasini takomillashtirish va umumiy haftalik o‘quv yuklamasini kamaytirish hamda o‘zaro uzviy bog‘liq fanlarni birlashtirish hisobiga ularning sonini optimallashtirish» (3-«a» band). Boshqa mamlakatlar bilan solishtirganda bizdagi maktablarda o‘quvchilarning o‘quv yuklamalari kattaligini hisobga olsak, optimallashtirish zaruriy qadam ekanligini ko‘rish mumkin. Ammo maktab o‘quvchilarining o‘quv yuklamalarini kamaytirish bilan bir qatorda, o‘qituvchilarning bir stavka uchun o‘tishlari lozim bo‘lgan dars soatlari miqdorini ham mutanosib ravishda qisqartirish haqida ham o‘ylab ko‘rish zarur. Bu ta’lim sifatini yaxshilashga yordam beradi va o‘qituvchilar daromadlarining qisqarishi oqibatida kelib chiqishi mumkin bo‘lgan ijtimoiy ziddiyatlarning oldini olishga imkon beradi.
  • «O‘quvchilarning fan bo‘yicha egallagan bilimlari bilan bir qatorda savodxonlik, kompetensiya hamda shaxsiy sifatlarini baholash tizimini joriy etish» (3-«a» band). Ta’lim tizimi o‘quvchilarning shaxsini hurmat qilishi kerak. Baholash tizimi ularning shaxsiy sifatlarini hisobga olishi mumkin emas. Aks holda, o‘qituvchilarda bir o‘quvchini o‘z mustaqil fikri borligi uchun, boshqasini sal chiroyliroq kiyingani uchun, yana birini esa qiziqqon xarakteri uchun baholarini ataylab tushirish vakolati paydo bo‘ladi. Bundan tashqari, o‘quvchining shaxsiy sifatlarini hisobga olish baholarning o‘ta sub’ektivligiga olib keladi va turli o‘qituvchilar tomonidan qo‘yilgan baholar bir-biridan tubdan farq qiladi.
  • «Pedagog xodimlarga malaka toifalarini berish, shuningdek talabgorlarni attestatsiyadan o‘tkazishda mutaxassislik yoki ixtisosliklariga mos keladigan fanlardan imtihonlar tashkil qilinadi» (7-band). O‘qituvchi uchun fanni bilish bilan bir qatorda, pedagogik mahoratga ega bo‘lish ham muhim rol o‘ynaydi. Agar o‘qituvchi o‘z fanini mukammal bilsayu, o‘quvchilar bilan ishlashni, o‘quv faoliyatini to‘g‘ri tashkil etishni bilmasa, o‘quvchiga uning bilimidan hech qanday foyda kelmaydi. Shu sababli, ko‘plab mamlakatlarda o‘qituvchilarni litsenziyalash va attestatsiyadan o‘tkazishda nafaqat fan bo‘yicha bilimlari, balki o‘z faoliyatiдapedagogika, ta’lim psixologiyasi va metodikasi sohasidagi bilimlarini qo‘llash qobiliyati ham hisobga olinadi.
  • «Oliy ta’lim tashkilotlarini xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlar reytinglarida munosib o‘rin egallashlarini ta’minlash maqsadida … milliy reytingda so‘nggi 5 yil davomida doimiy ravishda birinchi 3 ta o‘rindan birini egallagan oliy ta’lim tashkilotlariga akademik va moliyaviy mustaqillik berish» (20-band). Davlat OTMlari qanday boshqarilayotganini hisobga olsak, oliy o‘quv yurtlarini Oliy ta’lim vazirligining «iskanjasidan» ozod qilmay turib, ta’lim jarayoni va ilmiy tadqiqotlar sifatini oshirish imkonsiz. Quacquarelli Symonds, Times Higher Education yoki Academic Ranking of World Universities reytinglarini tahlil qilsangiz, ularda doimiy ravishda yuqori o‘rinlarni egallagan universitetlarda oliy ta’lim vazirligi yoki shunga o‘xshash tuzilmalar «bo‘yinturug‘i» yo‘qligining guvoh bo‘lasiz. Ta’lim sifati bo‘yicha xalqaro ekspert Bastian Baumann «Gazeta.uz»ga bergan intervyusida ta’kidlaganidek, universitetlar o‘rtasida raqobatni yo‘lga qo‘yish uchun ular ko‘proq erkinlikka ega bo‘lishi va davlat tomonidan o‘rnatilgan o‘rnatilgan talablar OTMlarni o‘ta tor ramkalarga solib qo‘ymasligi lozim. Barcha OTMlarga akademik va moliyaviy erkinlik berilmas ekan, na raqobat va na sifatni ta’minlash imkonsiz, busiz esa reytinglarda munosib o‘rinni egallab ham bo‘lmaydi.

Loyiha muhokamasi chog‘ida bildirilgan o‘rinli takliflar yakuniy hujjatda hisobga olinadi degan umiddamiz. Zero, ta’lim sohasidagi har qanday islohot va o‘zgarishlar puxta o‘ylangan, oqilona yondashuvni talab etadi.

P. S. Farmon loyihasining umumxalq muhokamasi 8 noyabrgacha belgilanligiga qaramasdan, bugun, 9 noyabr kuni «O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta’lim-tarbiya va ilm fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmoni (PF-6108) hamda farmon ijrosini ta’minlash maqsadida «Ta’lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarorining (PQ-4884) (qaror nusxasi «Gazeta.uz» tahririyatida mavjud) imzolangani e’lon qilindi.

6 noyabr kuni imzolangan qaror va unga ilova qilingan chora-tadbirlar rejasining to‘liq matni bilan tanishar ekanmiz, muhokama jarayonida bildirilgan aksar fikrlar inobatga olinmaganligining guvohi bo‘lish mumkin. Faqat muhokama jarayonida ko‘plab e’tirozlarga sabab bo‘lgan ayrim bandlar (xususan, maktab direktorlarini mahalliy kengashlar tasdiqlashi va lavozimidan ozod etilishi, hududiy ta’limni boshqarish organlariga hokim maslahatchisi maqomi berilishi singari) qarorning asosiy matnidan olinib, ilovaga «yashiringani» ko‘rinadi. Bu ham qiziq strategiya. Faqat bir savol tug‘iladi: loyihalar muhokama yakunlanmasdan tasdiqlanar ekan, muhokama jarayonida bildirilgan fikrlar inobatga olinmas ekan, bunday «muhokama»ning nima keragi bor?

Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin.

Maqola tarjimasi Khan Academy Oʻzbek tomonidan taqdim etildi.