Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri va sobiq bosh vaziri Devid Kemeron Markaziy Osiyo bo‘ylab turnesi doirasida 23-aprel kuni O‘zbekistonda bo‘ladi. Safardan ko‘zlangan maqsad mintaqadagi iqtisodiyot, ta’lim hamda mustaqillikni qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

Britaniya elchixonasidan ma’lum qilishlaricha, “O‘zbekistonga Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri oxirgi marta 1997-yil fevralida tashrif buyurgan va u Malkolm Rifkind edi”. Tashrif bahona “Gazeta.uz” O‘zbekiston-Britaniya munosabatlarining ayrim sahifalarini o‘rgandi.

Tashqi ishlar vaziri Malkolm Rifkind tashrifi

Buyuk Britaniyaning Toshkentdagi elchixonasi “tashqi ishlar vazirimiz so‘nggi bor O‘zbekistonda 1997-yil fevralida bo‘lgan” deb ma’lumot berganiga qaramay, baxtga qarshi, o‘sha davr vaqtli matbuotidan buni tasdiqlovchi ma’lumotlar topilmadi. To‘g‘ri, Britaniya parlament qo‘mitasi tomonidan 1999-yil iyunida tayyorlangan ma’lumotnomada ham Malkolm Rifkind 1997-yil fevralida O‘zbekistonda bo‘lgani ta’kidlansa-da, ammo parlamentning boshqa bir hisobotida Rifkind tashqi ishlar va Hamdo‘stlik ishlari vaziri maqomida O‘zbekistonga faqat bir marta — 1996-yil yanvarida tashrif buyurgani ko‘rsatilgan. Bu tashrif o‘zbek matbuoti tomonidan ham nisbatan batafsil yoritilgan.

“Xalq so‘zi” gazetasining 1996-yil 4-yanvar sonidan“Xalq so‘zi” gazetasining 1996-yil 4-yanvar sonidan

Malkolm Rifkind 1996-yil 5−6-yanvar kunlari O‘zbekistonda bo‘lgan. Tashrif arafasida matbuotda Buyuk Britaniya tashqi ishlar vazirining O‘zAga bergan intervyu e’lon qilingan. Unda vazir ushbu lavozimga tayinlanganidan ko‘p o‘tmay O‘zbekistonga kelish imkoniyatiga ega bo‘lganidan mamnunligini ta’kidlab, yangi yilda O‘zbekiston xalqiga ham, Britaniya xalqi ham tinchlik, sihat-salomatlik va ravnaq tilagan.

“Xalq so‘zi” gazetasining 1996-yil 6-yanvar sonidan“Xalq so‘zi” gazetasining 1996-yil 6-yanvar sonidan

5-yanvar kuni Rifkind prezident Islom Karimov qabulida bo‘lgan. O‘zbekiston rahbari “ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar rivojlanib borayotganidan mamnuniyat izhor qilar ekan, bu borada Buyuk Britaniya ishbilarmon doiralari, xususan, O‘zbekiston bozorida muvaffaqiyatli faoliyat boshlagan Barclays Bank, Rothschild & Sons kabi banklar, BAT Industries va boshqa kompaniyalar vakillari munosib hissa qo‘shayotganini ta’kidlagan.

“Xalq so‘zi” gazetasining 1996-yil 6-yanvar sonidan“Xalq so‘zi” gazetasining 1996-yil 6-yanvar sonidan

“Janob Malkolm Rifkind samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Buyuk Britaniya O‘zbekiston bilan aloqalarni taraqqiy ettirishga alohida e’tibor berayotganini aytdi”, — deyiladi O‘zAning gazetalarda e’lon qilingan axborotida. Shu kuni britaniyalik amaldor Vazirlar Mahkamasida O‘zbekiston bosh vaziri O‘tkir Sultonov bilan, TIVda esa tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan ham muzokaralar o‘tkazgan. Shuningdek, “O‘zgidromet” va Britaniya elchixonasida tashkil etilgan tadbirlarda qatnashgan.

Rifkind tashrifning ikkinchi kuni — 6-yanvar, shanbada nimalar qilgani haqida o‘zbek matbuotida qaydlar yo‘q. Buning sababi esa juda jo‘n — bu vaqtda O‘zbekistonda yakshanba kuni chiqadigan gazetalar yo‘q edi, dushanba soni bor “Toshkent oqshomi”ni hisobga olmasa, barcha “kundalik gazeta”lar uchun hafta seshanbadan boshlanardi.

Qirollik oilasi a’zolari tashriflari

O‘zbekistonga dastlab Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizavetta Ikkinchining qizi malika Anna mehmon bo‘lib kelgan. 1993-yil 16-iyul kuni uni Toshkentda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Sodiq Safoyev kutib olgan. Ertasiga malika turmush o‘rtog‘i bilan birga O‘zbekiston prezidenti qabulida bo‘lgan.

“Xalq so‘zi” gazetasining 1993-yil 20-iyul sonidan“Xalq so‘zi” gazetasining 1993-yil 20-iyul sonidan

“Malika Anna Angliya va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar faqatgina iqtisodiy va savdo-sotiq sohasi bilan cheklanib qolmasdan, ilm-fan, madaniyat, sog‘liqni saqlash, atrof muhitni sog‘lomlashtirish, bolalarni himoya qilish, kabi sohalarni ham qamrab olishi lozimligi to‘g‘risidagi O‘zbekiston prezidentining taklifini qo‘llab-quvvatladi. Bu takliflarni amalga oshirishda shaxsan yordam berishga tayyor ekanini ma’lum qildi”, — deyiladi O‘zA axborotida.

Malika Anna 17-iyul kuni Alisher Navoiy haykali poyiga gul qo‘ygan, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga qarashli Qurbonov nomli bolalar ruhiy-asab kasalxonasida, Parkentdagi “Fizika-Quyosh” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasida, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida bo‘lgan. 18-iyul kuni esa Samarqandni aylanib, 19-iyul kuni Londonga jo‘nab ketgan.

Oradan uch yil o‘tib malika Annaning akasi — shahzoda Charlz O‘zbekistonga mehmon bo‘lib kelgan. Uning tashrifi 1996-yil 9-noyabr kuni boshlangan. U Britaniyaning Toshkentdagi elchixonasida uyushtirilgan Ikkinchi Jahon urushida halok bo‘lgan askarlarni xotirlash marosimida qatnashgan, Samarqand va Buxoroni ziyorat qilgan. 11-noyabr kuni Britaniyaning bo‘lajak qirolini O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov qabul qilgan.

“Prezident Islom Karimov shahzodaning O‘zbekistonga tashrifi katta voqea bo‘lganini, bu safar mamlakatimizga, xalqimizning boy tarixi va madaniyatiga e’tibor nishonasi ekanini ta’kidladi. Shahzoda Charlz hazrati oliylari O‘zbekiston bo‘ylab, jumladan, uning ajoyib go‘shalari bo‘lgan Samarqand va Buxoroga safari katta taassurot qoldirganini ta’kidladi. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashni yoqlab fikr bildirdi”, — deyiladi O‘zA axborotida.

Shahzoda 12-noyabr kuni “O‘zgidromet” va Temuriylar tarixi davlat muzeyida bo‘lgan, Buyuk Britaniya elchixonasi va British Council’ning O‘zbekistondagi vakolatxonalari ochilishlarida qatnashgan.

Boshqa vazir va amaldorlarning tashriflari

1993-yil 15-oktabr kuni Buyuk Britaniyaning tashqi ishlar va Hamdo‘stlik ishlari bo‘yicha davlat vaziri (tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari) Daglas Xogg prezident Islom Karimov qabulida bo‘lgan. Shu kunning o‘zida Vazirlar Mahkamasida bosh vazir O‘tkir Sultonov bilan uchrashgan. O‘zA axborotiga ko‘ra, ushbu uchrashuvda mehmon: “Biz mamlakatingiz rahbari Islom Karimovning Buyuk Britaniyaga safarini orziqib kutyapmiz”, deb aytgan. Xogg O‘zbekiston parlamenti va Tashqi ishlar vazirligida ham uchrashuvlar o‘tkazgan.

Umuman, Britaniya tashqi ishlar vazirining bir qator o‘rinbosarlari O‘zbekistonda bo‘lgan. Xususan, 2013-yil iyuni va 2014-yil aprelida Buyuk Britaniya tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari baronessa Saida Varsiy (u, bundan tashqari, 2012-yil aprelida ham portfelsiz vazir sifatida kelib ketgan), 2016-yil aprelida tashqi ishlar vaziri Tobias Ellvud, 2016-yil dekabri va 2019-yil aprelida tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari ser Alan Dunkan tashrif buyurgan. Ulardan faqat ser Dunkan O‘zbekiston prezidentida qabulida bo‘lgan.

“Narodnoye slovo” gazetasining 2012-yil 29-fevral sonidan“Narodnoye slovo” gazetasining 2012-yil 29-fevral sonidan

2012-yil fevralida Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Filipp Hammond (prezident Karimov tomonidan qabul qilingan), 2022-yil iyunida Buyuk Britaniya savdo vaziri Mayk Frir, qurolli kuchlari ishlari bo‘yicha kichik vazir 2021-yil sentabrida Jeyms Xippi, 2023-yil avgustida “eksport vaziri” maqomidagi parlament a’zosi Malkolm Offord ham O‘zbekistonda bo‘lgan. O‘zbekistonga kelib ketgan Britaniya parlamenti a’zolari — alohida, boshqa bir material mavzusidir.

Boris Jonson. Foto: Wikimedia / Pippa Fowles / No 10 Downing Street.Boris Jonson. Foto: Wikimedia / Pippa Fowles / No 10 Downing Street.

Qo‘shimcha o‘rnida: Avvalroq “Bi-Bi-Si O‘zbek xizmati” o‘z vaqtida London meri, Britaniya tashqi ishlar va bosh vaziri lavozimlarida ishlagan Boris Jonson bilan 2005-yilda bo‘lgan suhbatni e’lon qilgandi. 2005-yil kuzida, o‘sha vaqtda Britaniya parlamenti a’zosi bo‘lgan Jonson, ta’tilni oilasi bilan birga O‘zbekistonda o‘tkazgan. U jurnalist Ibrat Safo bilan suhbat davomida shunday degan: “Ta’tilimiz ajoyib o‘tdi. O‘zbekistonga borishni barchaga tavsiya qilaman”.