O‘zbekiston davlat banklarini xususiylashtirish yana kechiktirilishi mumkin, dedi Fitch Ratings direktori o‘rinbosari Pavel Kaptel. Ularning sotuvdan oldingi tayyorgarlik ishlari hamon davom etmoqda. Davlat aksiyalarini o‘z vaqtida sotish xalqaro moliya tashkilotlarining banklar kapitaliga kirishiga ham bog‘liq.
Prezident 33 ta don korxonalarini xususiylashtirishni tezlatish bo‘yicha topshiriq berdi. U vazirlik va hokimliklar aktivlari sotuvining sustlashib borayotganini tanqid qildi. Masalan, Toshkent shahrida 25 gektar yer auksionga qo‘yilib, keyin qaytarib olingani sababli budjetga 600 mlrd so‘m kelib tushmagan.
Prezident bosh vazir o‘rinbosariga yil oxirigacha 70 ta, 2025-yilda esa O‘zbekistonning barcha tumanlari bo‘yicha master-rejalar ishlab chiqish topshirig‘ini berdi. Shuningdek, u ba’zi hokimlar paxta maydonlarini elektron platformaga integratsiya qilish to‘g‘risidagi farmoniga zid ish tutayotganini aytdi.
Davaktiv “Paxtakor futbol klubi” MCHJning 100 foiz davlat ulushi savdoga chiqarilganini ma’lum qildi. Klubning yangi egasi akademiya va klub faoliyatini davom ettirishi, klub balansidagi barcha sport obyektlaridan, jumladan, futbol maydonidan faqatgina sport faoliyati yo‘nalishlarida foydalanishi kerak bo‘ladi.
Shavkat Mirziyoyev “Donmahsulot” tarkibidagi savdoga chiqarilgan 43 ta korxonadan bor-yo‘g‘i 10 tasi sotilganini, ayrimlari 2−3 yildan beri sotilmasdan turganini, bunga sabab esa xususiy sektorga bermaslik uchun narxi sun’iy oshirib yuborilganini ta’kidladi.
“O‘zbekiston shampani” aksiyadorlik jamiyatidagi davlat ulushi 72 milliard so‘mga sotildi. Shampan, gazli va ko‘piklanadigan vinolar ishlab chiqaruvchi zavodning xaridori Euro Pack kompaniyasi bo‘ldi.
“Biokimyo” spirt zavodining davlatga tegishli 51 foiz ulushi 118 mlrd so‘mga (9,6 mln dollar) sotildi. Xaridor umumiy ovqatlanish va oziq-ovqat yetkazib berish xizmatlarini ko‘rsatuvchi Mega comfort business bo‘ldi.
Davaktiv agentligi “O‘ztemiryo‘lkonteyner” AJning davlat ulushini xususiylashtirish jarayonini to‘xtatdi. Chunki korxona “O‘zbekiston temir yo‘llari”ni isloh qilish doirasida “Temiryo‘lkargo”ga aylantirilmoqda.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Sharq” nashriyotining qaysi binolari madaniy meros obyekti ekanini aniqlash bo‘yicha Madaniy meros agentligi bilan kelishib oldi. Agentlik O‘zA binosi bunday obyekt emasligini, lekin uning tashqi ko‘rinishini saqlab qolish xususiylashtirish sharti bo‘lishini ta’kidladi.
Madaniy meros agentligi yagona mulkiy majmua sifatida savdoga chiqarilishi aytilgan “Sharq” va O‘zA binolari madaniy meros obyekti ekanini va xususiylashtirish mumkin emasligini ma’lum qildi. Ularni auksiondan olib tashlash bo‘yicha Davaktiv agentligiga ogohlantirish berildi.
Markaziy bank rahbari davlat banklarini xususiylashtirish nega kechiktirilayotgani haqida gapirib, “bu nafaqat bizning xohishimizga, balki xorijiy investorlarning ishonchiga ham bog‘liq”, deb ta’kidladi. O‘tgan yilgi geosiyosiy inqiroz investorlarning postsovet mamlakatlari bozoriga kirishini qiyinlashtirgan.
Davaktiv “Biokimyo” AJ ustav kapitalidagi 51 foiz va “Andijon biokimyo zavodi” AJdagi 76 foiz davlat ulushini xususiylashtirish jarayoni boshlanganini e’lon qildi. Korxonalarning ustav fondi 9,6 mlrd va 24 mlrd so‘m, ikkala zavodning ham ishlab chiqarish quvvati yiliga 1,83 mln dekalitrni tashkil etadi.
O‘zbekiston prezidenti o‘zining avvalgi qarorlariga o‘zgartirishlar kiritib, “Sijjak” va “Chotqol” dam olish maskanlarini xususiylashtiriladigan obyektlar ro‘yxatidan chiqarib tashladi. Ilgari Gulnora Karimovaga tegishli bo‘lgan “Sijjak” maskani bir necha bor sotuvga qo‘yilgan, lekin sotilmay qolgandi.
“Ipoteka-bank”ni xususiylashtirish bo‘yicha birinchi bitim ikki hafta ichida yakunlanishi rejalashtirilmoqda, dedi OTP Bank direktori o‘rinbosari Laslo Vulf. Uning so‘zlariga ko‘ra, OTP 2022-yil dekabr oyida xususiylashtirish to‘g‘risidagi bitim imzolangandan beri “Ipoteka-bank”ni rivojlantirish ustida ishlamoqda.
Toshkent markazidagi Raqamli texnologiyalar vazirligi va “Aloqabank” ma’muriy binolari elektron auksionda Black Gold Industry kompaniyasi tomonidan 387 mlrd so‘mga sotib olindi. “Aloqabank” auksiondan bir kun avval ushbu kompaniyaga 15 yil muddatga 14 foiz stavkada 390 mlrd so‘m kredit bergan.
O‘zbekiston prezidenti 2023-yilda 1000 dan ortiq davlat obyektlarini sotish ko‘zda tutilgan dasturni tasdiqladi. Gap 39 ta yirik davlat kompaniyasi, 8 ta bank, 20 ta vazirlik, boshqa davlat organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining sho‘ba korxonalari hamda firmalaridagi ulushlari haqida bormoqda.
Prezident O‘zbekistonda davlat ulushi «xalqchil IPO» orqali sotiladigan 40 ta yirik korxona va bank ro‘yxatini tasdiqladi. Ilk bor NKMK va OKMK, O‘zmetkombinat, «O‘ztelekom», Milliy bank, Sanoatqurilishbank kabi yirik korxonalarning o‘rtacha 2 foiz aksiyalari aholiga taklif etiladi.
Niderlandiyaning Tropidia Holding kompaniyasi «O‘zbekkimyomash» zavodi ustav kapitalidagi 44,71 foiz ulushini 37 mlrd so‘mga sotib olmoqda.
«Ural energetika qurilish kompaniyasi» «Elektrqishloqqurilish» kompaniyasining nazorat paketini sotib oladi. 58,41 foiz aksiyalarni xususiylashtirish bo‘yicha bitim qiymati 93,2 mlrd so‘mga baholanmoqda.
2023 yilda davlat aktivlarini xususiylashtirish O‘zbekiston davlat budjetiga 10 trln so‘m daromad keltiradi, deb taxmin qilmoqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi. Bu oldingi yilgi prognozga nisbatan 66,6 foizga ko‘p. Daromadlar davlat budjeti taqchilligini qoplashga yo‘naltiriladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting