Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi UzAssets investitsiya kompaniyasi «Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi» MCHJ ustav fondidagi 100% ulushini sotdi, deb xabar berdi agentlik.

FNQIZ xaridori esa O‘zbekistondagi eng yirik neft va gaz sohasidagi xususiy korxona Sanoat Energetika Guruhi (sobiq Jizzakh Petroleum) kompaniyasi bo‘ldi. Kelishuv narxi esa 100 mln AQSh dollarini tashkil qildi.

Xususiylashtirish jarayoni uchun konsultant sifatida KPMG Valuation and Consulting xalqaro konsalting kompaniyasi, aktivni baholash uchun «Katta to‘rtlik»ga kirgan xalqaro baholash kompaniya jalb qilindi, «Dentons» xalqaro yuridik firmasi esa huquqiy ko‘mak ko‘rsatdi.

Neft va gaz sohasidagi 30 dan ortiq turli xil xorijiy va mahalliy investorlarga investitsion tizer (kompaniya xaqida qisqacha ma’lumot) yuborildi hamda ularning uchtasi ishtirokida ochiq tanlov jarayoni tashkil etildi.

«Xususiylashtirish bo‘yicha konsultantning qabul qilingan takliflarni o‘rganish natijalari asosida tavsiyalarini inobatga olgan holda, mustaqil baholash natijalaridan yuqori bo‘lgan narx parametrlari hamda barcha belgilangan malaka mezonlariga javob beradigan eng maqbul taklif tanlab olindi», — deyiladi xabarda.

O‘rganish natijalarini hisobga olgan holda Sanoat Energetika Guruhi MCHJ XK kompaniyasi ochiq savdo jarayoni natijalari g‘olibi sifatida tanlandi. Bunda kompaniyaning «malaka talablariga muvofiqligi, hudud neft va gaz sanoatidagi katta tajribasi, zavod faoliyati uchun zarur bo‘lgan xom ashyo konlarining mavjudligi, korxonaning bahosidan yuqori sotib olish narxini taqdim etgani» inobatga olingan.

Bitim doirasida SEG zavodni modernizatsiya qilish uchun 380 million AQSh dollaridan ortiq investitsiya kiritish majburiyatlarini bajarishni o‘z zimmasiga oladi. Shuningdek, kompaniya zamonaviy va ekologik toza benzin, «Yevro-5» talablariga javob beradigan dizel yoqilg‘isi, Jet A-1 reaktiv yoqilg‘isi, suyultirilgan tabiiy gaz ishlab chiqarishni ko‘paytirish, neft agregatlarini modernizatsiya qilish, shuningdek, ishlab chiqarish quvvatini kamida 2 million tonnaga oshirishni ta’minlashi kerak.

Investitsiya majburiyatlaridan tashqari, xaridor quyidagi ijtimoiy majburiyatlarni ham qabul qilmoqda:

  • 2 yil mobaynida Korxonada mavjud ish o‘rinlarini va ishchilar sonini saqlab qolish (tabiiy sabablar bilan bo‘shaydigan ish o‘rinlari bundan mustasno), amaldagi ish haqi fondi miqdorini kamaytirmaslik va jamoa shartnomasi shartlarini yomonlashtirmaslik;
  • xodimlarning ish haqlarini bitim imzolash sanasidagi miqdordan kamaytirmaslik;
  • jamoa shartnomasining asosiy shartlari saqlanishini ta’minlash;
  • boshqa ijtimoiy majburiyatlarni maksimal darajada saqlash.

Farg‘ona NQIZ haqida

Davaktiv agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, korxona, mamlakatdagi dastlabki ishlab chiqarish quvvati 6,5 million tonnani tashkil etadigan eng yirik neftni qayta ishlash zavodlaridan biri bo‘lgan. Uning tarixi 1959 yildan boshlanadi, 1907 yilda ishga tushirilgan Olti-Ariq yoqilg‘i ishlab chiqarish quvvati shular jumlasidandir. O‘tgan asrning 60-yillarida FNQIZ G‘arbiy Sibir konlaridan xom ashyo bilan ta’minlangan, shuningdek, butun sobiq Sovet xom ashyosini qayta ishlash tizimining bir qismi bo‘lgan. So‘nggi 20 yil davomida zavodda modernizatsiya va rekonstruksiya ishlari amalga oshirilmagan.

Zavodning to‘liq ishlashi uchun asosiy qiyinchiliklardan biri bu O‘zbekiston hududida xom ashyoning yetishmasligidir. Covid-19 pandemiyasi korxonaning moliyaviy faoliyatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatib, neft ta’minotining yetishmasligini oshirdi hamda neft mahsulotlariga talabni kamaytirdi.

Zavod 60 turdagi neft mahsulotlari va yoqilg‘i-moylash materiallarini, shu jumladan (2021 yildan) «Yevro-4» va «Yevro-5» standartlariga mos keluvchi dizel yoqilg‘isini ishlab chiqaradi.

2020 yilda 900 ming tonnadan ortiq neft xom-ashyosi qayta ishlandi (shundan 422 ming tonnasi — tolling) va 822 ming tonna neft mahsulotlari ishlab chiqarildi.

2020 yilda daromad 231 mln dollarni, yalpi foyda esa — 54 mln dollarni tashkil etdi. Oxirgi uch yil davomida o‘rtacha yillik sof foyda — 19 mln dollarga yetdi.

Mahsulotlarning 94 foizga yaqini mahalliy bozorga sotiladi, qolgan qismi eksport qilinadi. Neftni qayta ishlash zavodida taxminan 6500 kishi ishlaydi.

Zavod 2021 yil may oyida sotuvga qo‘yilgandi.

Sanoat Energetika Guruhi haqida

Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini Jizzakh Petroleum MCHJ QKning ishonchli boshqarmasiga o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilingandi. Jizzakh Petroleum qo‘shma korxonasi 2017 yilda «O‘zbekneftgaz» va Gas Project Development Central Asia tomonidan tashkil etilgan. Loyihaga ko‘ra, tomonlarning ustav fondidagi ulushi «O‘zbekneftgaz»ning ulushi 60 foizdan 30 foizga kamayishi, xorijiy kompaniyaning ulushi esa 40 foizdan 70 foizga ko‘payishi bilan o‘zgargandi.

2020 yilning iyulida ta’sischilar tarkibi quyidagicha ko‘rinishda edi: Kiprning Belvor Holding Limited kompaniyasi (68%), «O‘zbekneftgaz» (30%) va Gas Project Development Central Asia (2%), keyinchalik esa ulushlar «O‘zbekneftgaz» va Belvor Holding Limited o‘rtasida 49 foizdan taqsimlab olindi.



2021 yilning oktabrida «O‘zbekneftgaz» Jizzakh Petroleum`dagi 49 foiz ulushini Kiprning Belvor Holding Limited ofshoriga sotish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bundan tashqari kompaniyaning yuridik nomi va statusi ham o‘zgardi. Endi u Sanoat Energetika Guruhi deb nomlanadi.

OAV Belvor Holding Limited kompaniyasini Eriell Group (asosiy aksioneri) hamda Enter Engineering (O‘zbekistondagi eng yirik pudratchilarning biri, aksionerlari qatorida «Gazprombank» bor) kompaniyalarining boshqaruv raisi hisoblanmish Baxtiyor Fazilov bilan bog‘liqligi borligini qayd etishadi.

U shuningdek, Samarqandda turistik majmuani qurayotgan Samarkand Touristic Centre kompaniyasiga rahbarlik qiladi. Tadbirkor Samanqand xalqaro aeroporti boshqaruvi va o‘z xizmatlarini dollarga bog‘lab narxlash vakolatini qo‘lga kiritgan Air Marakanda kompaniyasini boshqaradi.

Sanoat Energetika Guruhi kompaniyasi rahbari lavozimida esa avvalroq «O‘zbekneftgaz» kompaniyasi rahbari va iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari sifatida ishlagan Shokir Fayzullayev faoliyat yuritadi.

SEG sayti ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniya O‘zbekistondagi eng yirik vertikal integratsiyalangan neft va gaz kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Uning hibosiga 80 foizga atrofida neft qazilmalari va 105 ta kondagi 22 foiz tasdiqlangan zaxiralar to‘g‘ri keladi. 2020 yilda umumiy qazib olish ulushi 498,7 ming tonna neft va 497,4 mln kub metr tabiiy gazga teng bo‘lgan.