Vengriyaning OTP Bank banki yaqin ikki hafta ichida O‘zbekistonda “Ipoteka-bank”ni xususiylashtirish bo‘yicha birinchi bitimni yakunlashni rejalashtirmoqda. Bu haqda 17-may kuni Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining (YeTTB) Samarqandda bo‘lib o‘tgan biznes-forumida OTP Bank bosh direktori o‘rinbosari Laslo Vulf ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

“Ipoteka-bank”ni xususiylashtirish shartnomasi 2022-yil dekabr oyida imzolangan. Bitimga ko‘ra, OTP Bank O‘zbekiston Moliya vazirligiga tegishli bo‘lgan “Ipoteka-bank” aksiyalarining 100 foizini (jami aksiya paketining derli 97 foizi) ikki bosqichda: 75 foiz aksiyani darhol va qolgan 25 foizini 2 hafta ichida bo‘lishi kutilayotgan birinchi bitimning moliyaviy yakunlanishidan 3 yil o‘tib sotib oladi.

Mart oyi oxirida prezident bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda “Ipoteka-bank”dagi davlat ulushi 324 million dollarga sotilgani ma’lum bo‘lgandi. Bitim hali imzolanmagan, shuningdek, ko‘rsatilgan summa bankning 75% yoki 100% ulushi uchun to‘langani ham noma’lum.

OTP Bank bosh direktori o‘rinbosari Laslo Vulf O‘zbekiston bozoriga kirish to‘g‘risidagi qaror uch yil avval qabul qilinganini, chunki mamlakat OTP Bank`ning yanada jadal rivojlanishi uchun qulay ekanini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, urush va inqiroz boshlanganidan so‘ng bank rahbariyatida O‘zbekiston bozoriga kirishga arziydimi, degan shubha tug‘ila boshlagan, biroq oxir-oqibat “mamlakat iqtisodiyoti rivojlanishiga to‘la ishonch hosil qilgan holda” mahalliy bankni xususiylashtirish qaroriga kelgan.

“Biz 2022-yil dekabr oyida “Ipoteka-bank”ning 70 foiz ulushini sotib olish bo‘yicha shartnoma imzoladik va bankni rivojlantirish bo‘yicha ishlarni boshladik. Hali shartnomani yakunlamadik, lekin ikki hafta ichida uni yakunlashga umid qilamiz. Ammo shartnoma imzolangandan beri bank bilan juda faol aloqadamiz”, — dedi Laslo Vulf.

U O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti uch yil ichida 60 milliard dollardan 80 milliard dollarga o‘sgani, joriy yilda esa 84−85 milliard dollarga yetishi kutilayotganini ta’kidladi. “Oxirgi 3 yil ichida mamlakatda o‘zgarish bo‘ldi: bozor va bank sektori ancha rivojlangan, bu — ijobiy holat. Shu bilan birga, raqobat ham kuchaydi, ayniqsa, yangi raqamli banklar. Umuman olganda, barcha banklar ishi yaxshilandi”, — dedi OTP Bank direktori o‘rinbosari.

Laslo Vulfning ta’kidlashicha, OTP Bank bank filiallari va raqamli banking bilan gibrid model asosida rivojlanishni rejalashtirmoqda. “Filiallarda xizmat ko‘rsatish darajasini oshirish, kutish vaqtini qisqartirish, mijozlar ehtiyojini qondirish, korporativ mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, kesh-menejment, tariflar, moliyaviy sharoitlarni yaxshilash rejalarimiz bor”, — dedi u.