Vengriyaning «OTP Bank»i joriy yilning III choragi yakuni bo‘yicha bergan hisobotida, tomonlar oktabr oyida imzolangan anglashuv memorandumi orqali bankning xususiylashtirish jarayoni qayta tiklanganini ma’lum qildi.

«Biz jarayonni qayta boshladik va hozirda tasdiqlovchi tekshiruv jarayonini amalga oshiryapmiz. Katta ehtimol bilan bitim amalga oshishi kutilmoqda…[chunki] biz bundan juda manfaatdormiz. Ayniqsa, „Ipoteka-bank“ investitsiyalar uchun jozibador imkoniyatga ega deb hisoblaymiz», — deydi bankning moliyaviy va strategik bosh direktori.

Ma’lumot uchun, Vengriyaning «OTP Bank»i joriy yilning aprel oyida Rossiya-Ukraina urushi sabab «Ipoteka-bank»ning xususiylashtirish bo‘yicha to‘lovlarni bir necha oyga ortga surish uchun murojaat qilgandi.

Rossiyaning Ukrainada olib borayotgan maxsus operatsiyasi sabab «OTP Bank» 30% zarar ko‘rgani ortidan Vengriya tomon ipoteka to‘lovlarini biroz muddatga kechiktirishni so‘ragan. To‘lov shartlari o‘zgarishi haqida ma’lumot berilmagan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi 2019 yil 25 iyundagi tegishli qaroriga muvofiq, «Ipoteka-bank» ustav kapitalidagi davlat ulushi 2022 yilga qadar 50 foizdan kamaytirilishi belgilangandi. Bunda bank Xalqaro moliya korporatsiyasi ishtirokida xususiylashtirilishi ko‘zda tutilgan.

2020 yilning iyulida Vengriya tashqi ishlar va savdo vaziri Peter Siyartoning Toshkentga tashrifi chog‘ida «OTP Bank» ning O‘zbekiston bozoriga kirib kelishi ma’lum bo‘ldi. 2021 yilning fevralida «OTP Bank» O‘zbekistondagi banklardan birini xususiylashtirish jarayonida qatnashishi xabar qilingan edi.

O‘sha yilning sentabr oyida Vengriyaning «OTP Bank» banki «Ipoteka-bank» davlat ulushining 75 foizini sotib olishi haqida Iqtisodiy forumda bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov ma’lum qilgandi.

Shuningdek, vazir shu yilgi ikkinchi iqtisodiy forumda keyingi besh yil davomida O‘zbekistonda davlat ulushi bo‘lgan faqatgina bitta bank qolishi, va katta ehtimol bilan unda qanchadir miqdorda muomaladagi aksiyalar bo‘lishi mumkin ekanini aytib o‘tgandi.