O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24-martdagi qarori bilan 2023-yilga mo‘ljallangan Davlat aktivlarini xususiylashtirish bo‘yicha yangi dasturni tasdiqladi.

Hujjatda aytilishicha, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, hokimliklar va boshqa davlat idoralari tomonidan 30 mingdan ortiq davlat muassasasi, davlat ishtirokidagi korxonalar va ular tizimidagi korxonalar, shuningdek, ko‘chmas mulk obyektlari tahlil qilinib, qisqartirish bo‘yicha takliflar kiritilgan.

Davlat rahbari tomonidan davlat ulushi bo‘lgan 1001 ta obyektlar ro‘yxati tasdiqlandi, ular ochiq kimoshdi savdolari orqali to‘liq sotilishi rejalashtirilgan.

Spot’ning yozishicha, gap 39 ta yirik davlat kompaniyasi, 8 ta bank, 20 ta vazirlik, shuningdek, boshqa davlat organlari va mahalliy hokimiyat organlarining sho‘ba korxonalari hamda firmalaridagi ulushlari haqida bormoqda.

Sotilayotgan obyektlardan:

  • “O‘zavtosanoat”ning 50 ta aktivi, shu jumladan dilerlik markazlari (ular 2018-yildan xususiylashtirila boshlagan);
  • “O‘zbekiston temir yo‘llari”нинг UzXCMG, “O‘ztemiryo‘lkonteyner”, “Ko‘prikqurilish” trestidagi улушлари;
  • “O‘zbekneftgaz”ning 14 ta neft bazasi, UNG Petro yoqilg‘i quyish shoxobchalari, “Tatneft” qo‘shma korxonasidagi ulushi, “Buxoro”, “Nasaf”, “Mash’al” futbol klublari va boshqalar;
  • “O‘zkimyosanoat”ning 8 ta ulushi, jumladan Ammofos Maxam va Maxam-Chirchiq;
  • Uztelecom’ning Buzton va East Telecom internet provayderlaridagi (minoritar), shuningdek, GOC-UZ optik tolali kabel zavodidagi ulushlari;
  • UzCaseMash O‘zbekiston-Amerika qo‘shma korxonasida 25%;
  • LG CNS Uzbekistan QKda 20%;
  • Uztrade tashqi savdo davlat kompaniyasi;
  • UzVC venchur fondi;
  • “O‘zbekiston” mehmonxonasi (80,1 foiz), “Foton” AJ (85,6 foiz) va boshqalardagi davlat ulushlari.

Aktivlarni kim oshdi savdosiga qo‘yishda zarurat tug‘ilganda ularning joriy faoliyati profilini saqlab qolish yoki ular asosida aniq bir yo‘nalishda faoliyatni tashkil etish kabi shart-sharoitlarni belgilashni hisobga olish topshirildi.

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga Davaktiv bilan birgalikda ro‘yxatdagi korxonalarga berilgan mutlaq huquqlarni inventarizatsiya qilish va ularni bekor qilish bo‘yicha takliflar kiritish topshirildi.

Shuningdek, kim oshdi savdosiga davlat va davlat ulushiga ega kompaniyalarga tegishli 1046 ta ko‘chmas mulk obyekti qo‘yiladi. Ko‘chmas mulkning asosiy qismi Toshkentda sotilishi kerak — 150 ta obyekt, deya qayd etadi Spot.

Avval xabar qilganimizdek, hujjatda aksiyalari “xalqchil IPO”ga qo‘yiladigan 40 ta davlat korxonasi ro‘yxati ham tasdiqlangan.