Davlat tender komissiyasi Yagona umumrespublika protsessing markazidagi (Uzcard brendi) 75 foiz davlat ulushini sotish to‘g‘risidagi qarorini e’lon qildi, deb xabar berdi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi matbuot xizmati.

«Gazeta.uz» 2020 yil may oyida prezident kuyovi Oybek Tursunov kompaniya ustav fondidagi 75 foiz ulush egasiga aylangani haqida yozgandi. O‘sha yilning avgust oyida u Uzcard kompaniyasi ta’sischilari safidan chiqdi va 75 foiz ulush beshta davlat bankiga — «O‘zmilliybank» (51%) hamda 6 foizdan — «O‘zsanoatqurilishbank», «Asaka» bank, «Ipoteka-Bank» va «Aloqabank"ka o‘tkazildi.

2022 yil mart oyida iqtisodiyotda davlat ishtirokini yanada qisqartirish va xususiylashtirishni jadallashtirish dasturi doirasida banklarning Uzcard va Toshkent fond birjasidagi ulushlari Davaktivga o‘tkazildi.

Tender komissiyasi Uzcard`ning 75 foiz davlat ulushini mustaqil baholash tashkilotini jalb etgan holda baholatib sotilishi to‘g‘risida qaror qabul qildi.

«Mas’uliyati cheklangan va qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, jamiyatning qolgan ishtirokchilari davlat ulushini sotib olishda imtiyozli huquqdan foydalanishlari mumkin. Hozirda qolgan 25 foizi (har biri 6,25 foizdan) to‘rt nafar jismoniy shaxs — Mansur Po‘latovich Usmonov, Kamron Anvarovich Akbarov, Timur Maxmudjanovich Azadov va Obid Alimjonovich Agzamxodjayev o‘rtasida taqsimlangan.

Ular sotib olishdagi imtiyozli huquqdan foydalanmagan taqdirda ushbu davlat ulushini ommaviy savdolar orqali sotish choralari ko‘riladi.