12 dekabr kuni Vengriyaning OTP Bank vakillari va O‘zbekistonning mutasaddi tashkilot rahbarlari ishtirokida «Ipoteka-bank»ni xususiylashtirish shartlari bitimi bo‘yicha oldi-sotdi shartnomasini imzolandi, deb xabar berdi Moliya vazirligi axborot xizmati.

Kelishuvda OTP Bank tomonidan bank boshqaruv raisi va bosh ijrochi direktori Shandor Chani hamda uning o‘rinbosari Laslo Volf ishtirok etdi.

Shuningdek, OTP Bank va Xalqaro moliya korporatsiyasi «Ipoteka-bank» bo‘yicha kelgusida hamkorlik qilishga kelishib oldi.

«Biz O‘zbekistonda bank sektorini xususiylashtirishdagi ishtirokimizni ajoyib imkoniyat deb bilamiz. Uzoq muddatli maqsadimiz OTP Group’ni O‘zbekiston bank bozoridagi asosiy ishtirokchisiga aylantirishdir. Bu kelishuv bizga 36 million kishilik bozorga kirishimizni ta’minlaydi. Bu xarid biz uchun yangi va qiyin vazifa. Ishonchim komilki, biz innovatsion mahsulotlarimiz va xizmatlarimiz bilan O‘zbekiston iqtisodiyotining yanada jadal rivojlanishiga hissa qo‘shishimiz va OTP Bank aksiyadorlari uchun katta qiymat yaratishimiz mumkin», — dedi bank boshqaruv raisi va bosh ijrochi direktori Shandor Chani.

Aktivlar hajmi bo‘yicha «Ipoteka-bank»ning bozordagi ulushi 8,5 foizni, chakana mijozlar soni esa 1,6 mlndan ortiqroq kishini tashkil etadi.

Shuningdek, bank hududiy markazlar sifatida faoliyat yuritayotgan 39 ta filiali, 193 ta mijozlarga xizmat ko‘rsatish shoxobchalari va muhim korporativ mijozlari bilan O‘zbekistondagi beshinchi yirik bank hisoblanadi.

So‘nggi uch yilda bank aktivlari kredit portfelida yiliga o‘rtacha 20 foizni, depozit portfelida esa 24 foiz o‘sishni qayd etdi. So‘nggi yillarda bankning soliq to‘lashdan keyingi foydasi (III chorak yakuni bo‘yicha 608 mln so‘mdan ortiqroq) ham barqaror o‘sib borayotganini ko‘rsatdi.

«Ipoteka-bank»ning ikkita kichik sho‘ba korxonasi bor: «Ipoteka lizing"(Ipoteka leasing) moliyaviy lizing kompaniyasi va «Imkon sug‘urta» sug‘urta sho‘ba korxonasi. Ikkala sho‘ba korxona ham bitimning bir qismidir. Bitimning moliyaviy yakuni 2023 yilning birinchi yarmida amalga oshirilishi kutilmoqda.

«Mahalliy bozorga OTP Bank’ga o‘xshash yirik xalqaro bankning kirib kelishi raqobatni kuchaytirishga, korporativ boshqaruv standartlarini takomillashtirishga va bank xizmatlari sifatini oshirishga yordam beradi», — dedi moliya vaziri Timur Ishmetov.

Ma’lumot uchun, Vengriyaning «OTP Bank»i joriy yilning aprel oyida Rossiya-Ukraina urushi sabab «Ipoteka-bank»ning xususiylashtirish bo‘yicha to‘lovlarni bir necha oyga ortga surish uchun murojaat qilgandi.

Rossiyaning Ukrainada olib borayotgan maxsus operatsiyasi sabab «OTP Bank» 30% zarar ko‘rgani ortidan Vengriya tomon ipoteka to‘lovlarini biroz muddatga kechiktirishni so‘ragan.

Biroz muddat o‘tib, oktabr oyining o‘rtalarida, bank III chorak yakuni bo‘yicha hisobot taqdim etdi va tomonlar oktabr oyida imzolangan anglashuv memorandumi orqali bankning xususiylashtirish jarayoni qayta tiklanganini ma’lum qilgandi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi 2019 yil 25 iyundagi tegishli qaroriga muvofiq, «Ipoteka-bank» ustav kapitalidagi davlat ulushi 2022 yilga qadar 50 foizdan kamaytirilishi belgilangandi. Bunda bank Xalqaro moliya korporatsiyasi ishtirokida xususiylashtirilishi ko‘zda tutilgan.

2020 yilning iyulida Vengriya tashqi ishlar va savdo vaziri Peter Siyartoning Toshkentga tashrifi chog‘ida «OTP Bank» ning O‘zbekiston bozoriga kirib kelishi ma’lum bo‘ldi. 2021 yilning fevralida «OTP Bank» O‘zbekistondagi banklardan birini xususiylashtirish jarayonida qatnashishi xabar qilingan edi.

O‘sha yilning sentabr oyida Vengriyaning «OTP Bank» banki «Ipoteka-bank» davlat ulushining 75 foizini sotib olishi haqida Iqtisodiy forumda bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov ma’lum qilgandi.

Shuningdek, vazir shu yilgi ikkinchi iqtisodiy forumda keyingi besh yil davomida O‘zbekistonda davlat ulushi bo‘lgan faqatgina bitta bank qolishi, va katta ehtimol bilan unda qanchadir miqdorda muomaladagi aksiyalar bo‘lishi mumkin ekanini aytib o‘tgandi.