Prezident Shavkat Mirziyoyev 14-iyundagi “bolalarning dam olishlarini tizimli tashkil etish va sog‘lomlashtirish ishlarini yanada takomillashtirishga doir” qarori bilan xususiylashtirish rejalashtirilayotgan obyektlar ro‘yxatiga o‘zgartirishlar kiritdi.

Xususan, “Sijjak” va “Chotqol” dam olish maskanlari 2021-yildan boshlab xususiylashtirishga harakat qilinayotgan davlat mulklari ro‘yxatidan chiqarildi. Hozir “Sijjak” 124-maktab internati balansida bo‘lib, uning faoliyat turini o‘zgartirish va sotish taqiqlangan, “Chotqol” esa Kasaba uyushmalari federatsiyasi balansiga o‘tkazildi.

“Sijjak” 2021-yil aprel, 2022-yil aprel va oktabr oylarida savdoga qo‘yilgan, shunga qaramay 5,4 gektar maydondagi obyekt sotilmagan. Hududida “sport inshooti”, mehmonxona, uchta suzish havzasi, amfiteatr, kottej va boshqa binolar mavjud bo‘lgan obyekt 70 milliard so‘mga baholangan.

Ilgari bu dam olish maskani O‘zbekiston birinchi prezidentining qizi Gulnora Karimovaga tegishli bo‘lgan va sud tomonidan davlat hisobiga o‘tkazilgandi. Prezidentning 2018-yil 16-martdagi qarori bilan obyekt sport tashkilotlari ixtiyoriga o‘tkazilishi va O‘zbekiston futbol assotsiasiyasi qoshida milliy terma jamoalar uchun o‘quv-mashg‘ulot bazasi tashkil etilishi rejalashtirilgandi.

Davlat rahbarining 2019-yil dekabr oyidagi futbolni rivojlanishning yangi bosqichiga ko‘tarish to‘g‘risidagi qarori bilan yuqoridagi hujjatning ushbu bandi o‘z kuchini yo‘qotdi va terma jamoalar uchun o‘quv-tayyorlov markazi Toshkent viloyatining Yuqorichirchiq tumani, Yangibozor qishlog‘i hududida tashkil etilishi belgilandi.

2019-yil iyul oyida “Sijjak”ni O‘zbekiston Triatlon federatsiyasiga bepul foydalanishga topshirish rejalashtirayotgani ma’lum bo‘ldi. Ammo 2020-yil iyun oyida aktivni xususiylashtirishga qaror qilindi.

2021-yil yozida xususiylashtirilishi belgilangan “Chotqol” dam olish maskanini ham uch marta sotishga harakat qilingan. oktabr oyida lot 12,2 milliard so‘m narx bilan auksionga qo‘yilgan bo‘lsa, noyabr oyida Davlat aktivlari agentligi obyektni sotish bo‘yicha tender e’lon qilgan edi.