O‘zbekistonda shaxsiy manfaatlar uchun hokimiyatni egallab olish xavfi 2025 yilgacha eng yuqori darajaga yetishi mumkin. Jahon banki tomonidan o‘tkazilib, bir necha kun muqaddam e’lon qilingan mamlakatning ikkinchi tizimli diagnostikasida bu haqda so‘z boradi.

Sobiq ittifoq hududidagi boshqa davlatlar, xususan Rossiya va Ukrainadagi qayta o‘zgartishlar tajribasi oligarxlarning shakllanishi va davlatni egallab olish eng ko‘p islohotlar jarayoning o‘ta muhim ikki bosqichida sodir bo‘ladi, deyiladi hisobotda. Ular — davlat nazoratining qisqarishi hamda yer davlat korxonalarini xususiylashtirish jarayoni.

Har ikki bosqich ham hukumat tomonidan belgilab berilgan eng muhim ustuvor yo‘nalishlar bo‘lib, kelgusi besh yillikda O‘zbekistonning tizimli diagnostika natijalariga asoslanadi.

Postsovet hududidagi o‘tish davri iqtisodiyotida olingan saboqlar ham odatda ikki xil manfaatlar mavjudligini ko‘rsatadi:

  • xususiylashtirish natijasida paydo bo‘layotgan yangi resurslar ustidan nazoratni qo‘lga kiritish hirsi (erta va o‘rta bosqichlarda jarayonga qo‘shilganlar yutib ketadi);
  • bugun ta’sirli o‘rinlarni egallagan va islohotlar jarayoniga to‘sqinlik qilishdan manfaatdor bo‘lgan shaxslar.

«Maslahatlashuvlar chog‘ida barcha manfaatdor tomonlardan olingan ma’lumotlar O‘zbekistonda har ikki xavf darajasi balandligi hamda yer va davlat korxonalarini xususiylashtirish bilan bog‘liq xavotirlar yuqori ekanligini tasdiqlaydi», — deyiladi xabarda.

Jahon bankining qayd etishicha, davlatni egallashning eng muhim kanallaridan biri, bu — maxsus, noshaffof imtiyozlar berishdir.

Postsovet hududidagi boshqa mamlakatlarda bo‘lgani kabi, O‘zbekistonda ham yaxshi aloqaga ega bo‘lgan tadbirkorlik subyektlari «an’anaga ko‘ra, prezident, Vazirlar Mahkamasi yoki vazirlar qarorlari orqali alohida tartiblarni muzokara qilish imkoniyatiga ega», ularga soliq va bojxona talablaridan ozod qilish, resurslardan imtiyozli foydalanish va hatto potensial raqobatchilar uchun aniq yangi to‘siqlarni yaratish imkoniyati berilgan, deyiladi hisobotda.

Ushbu rag‘batlantirishlarning ba’zilari rasmiy hukumat nashrlarida e’lon qilinadi, ammo diagnostika davomida maslahatlashgan xususiy sektor manfaatdor tomonlar ko‘plab kelishuvlar, ayniqsa, moliyaviy rag‘batlantirishlar yashirin tarzda muhokama qilinishini va hech qachon oshkor etilmasligini ta’kidlashdi. Natijada, yangi korxonalar uchun raqobatchilarning bozordagi haqiqiy afzalliklaridan xabardor bo‘lishi qiyin, deyiladi hisobotda.

«Biroq manfaatdor tomonlar qonunning imtiyozlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar aniq bo‘lishi va normativ hujjatlar shaklida e’lon qilinishi haqidagi talabi an’anaviy tarzda yuqori darajada qo‘llab-quvvatlanayotganini ham ta’kidlamoqda. Ushbu kelishuvlarning to‘liq oshkor etilishi hukumat amalga oshirish uchun qulay bo‘lgan islohotlarning muhim elementidir», — deya ta’kidlaydi Jahon banki.