Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori «Gazeta.uz»ga bergan intervyusida Yagona respublika protsessing markazining (Uzcard brendi ostida ishlaydi) xususiylashtirilishi haqida gapirdi.

Uzcard`dagi 75% davlat ulushi 210,1 mlrd so‘mga (18,9 mln dollarga yaqin) so‘mga sotilgan edi. Bitim sentabr oyida tuzilganiga qaramasdan, Davaktiv bu haqda OAVdagi yangiliklardan keyin xabar berdi.

Davlat ulushi kompaniyaning qolgan 25 foiziga egalik qilgan Mansur Po‘latovich Usmonov, Kamron Anvarovich Akbarov, Timur Maxmudjanovich Azadov va Obid Alimdjanovich Agzamxo‘jayevga (har birida 18,75% ulush) o‘tkazildi.

«Oldin [Uzcard`dagi] 75% davlat ulushi ajratilgan holatda bir nechta banklar o‘rtasida taqsimlangan edi. Xususiylashtirish to‘g‘risidagi tegishli dasturga muvofiq, barcha ulushlarni agentlikda yig‘ish va keyin xususiylashtirish bo‘yicha taklif taqdim etish topshirildi. Bu ulushlar davlat banklarida bo‘lganligi bois davlat davlat mustaqil ravishda o‘z aktivlaridan foydalanishi mumkin…Shundan so‘ng, barcha ulushlar Davaktivda yig‘ildi va beshta bank orasida qayta taqsimlandi», — deb Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan II Xalqaro iqtisodiy forumi chog‘ida ma’lum qildi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «Mas’uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar to‘g‘risidagi» qonunga muvofiq, o‘ziga tegishli ulushni uchinchi shaxsga sotmoqchi bo‘lgan jamiyat ishtirokchisi imtiyozli sotib olish huquqiga ega boshqa sheriklarni bu haqda yozma ravishda ogohlantirishi kerak.

Davlat ulushi Real Excellent Valuation mustaqil baholash tashkiloti tomonidan baholanib, 210,1 mlrd so‘m evaziga xususiylashtirildi.

«Bizdan tashqari, 25% ulushga 4 nafar jismoniy shaxs egalik qiladi. Biz bir vaqtning o‘zida ularga ushbu 75% ni sotmoqchi ekanligimiz haqida bildirishnomalar yubordik va ulardan „Mas’uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar to‘g‘risidagi“ qonunning 20-moddasida mos ravishda o‘zlarining [imtiyozli] huquqlaridan foydalanishlarini so‘radik. Bu to‘rt nafar sherik bizga rasman murojaat qilib, ushbu ulushni bozor qiymatiga mutanosib ravishda birgalikda sotib olmoqchi ekanligini aytdi. Biz esa qonun bo‘yicha ularga [ulushni] taklif qilishga majbur edik va shunday qildik», — dedi u.

Akmalxon Ortiqov ta’kidlashicha, davlat ulushining yangi egalari «o‘z fuqarolik mas’uliyatini a’lo darajada bajardi» va Davaktiv xususiylashtirish jamg‘armasiga zudlik bilan 210,1 milliard so‘m o‘tkazib berdi. Agentlik, o‘z navbatida, davlat xarajatlarini moliyalashtirish uchun mablag‘ning bir qismini budjetga o‘tkazdi, deya qo‘shimcha qildi u.

Uzcard`ning xususiylashtirilishi, jamoatchilik orasida ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. Moliyachi Otabek Bakirov ochiq auksion tanlovlarida ulushni bir necha barobar qimmatroqqa sotish imkoni bo‘la turib, nega davlatning 75% ulushini nazorat qilgan MCHJ aksiyadorlik jamiyatiga aylantirilmadi kabi savollarni berdi.

«Bu ulush birinechta banklar o‘rtasida bo‘lib tashlandi… Nimaga [kompaniyani] aksiyadorlik jamiyatiga aylantirmadik? AJ juda yirik davlat korxonasi yoki ishlab chiqarish haqida gap ketganda tuziladi. Agar aksiyadorlar soni 50 dan ortiq bo‘lsa, u holda [kompaniya] AJga aylanadi. Davlat ulushi bizga o‘tkazilgunga qadar kompaniyaning 10 tagacha sherik egalari bo‘lgan, undan keyin esa ularning soni atigi 5 tani tashkil etdi. Kompaniyani AJga aylantirishning hojati yo‘q edi», — dedi Davaktiv rahbari.

Akmalxon Ortiqov 1000 ga yaqin davlat aktivlari va 35 000 ga yaqin yer uchastkalarining ochiq kimoshdi savdosiga qo‘yilishi «ilgari bunday bo‘lmagan» xususiylashtirish jarayonlarining ochiqligining tasdig‘idir, deb ta’kidlaydi.

«Kimdir qonunda belgilangan huquqidan foydalanishi yopiq bitim hisoblanmaydi. Biz qonun doirasidagi majburiyatimizni bajardik. Biz Coca-Cola Uzbekistan`ning 57% davlat ulushini franchayzing shartnomasi bo‘yicha sotayotganimizda, 43% ga egalik qiluvchi Amerikaning Coca-Cola kompaniyasiga murojaat qilib, ulushni sotish rejasini e’lon qildik va u o‘z huquqidan foydalana oladimi, deb so‘radik. U sotishimiz mumkinligini aytdi», dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, davlat bir nechta aktivlarni sotishni e’lon qila olmaydi, chunki «oldidan o‘tish kerak bo‘lgan» sheriklar bor.

«Ularning oldiga borishga qadar talay tartib-taomillarni amalga oshiramiz: baholash jarayoni bor, inventarizatsiya jarayoni bor. Ularni yakunlagach, sherik egalarga o‘z [imtiyozli] huquqlaridan foydalanishini bilish uchun yuzlanamiz. Agar unday bo‘lmasa, keyin kim oshdi savdosiga, fond birjasiga qo‘yish yoki maslahatchi orqali sotish kabi xususiylashtirish vositalariga murojaat qilamiz», — deb tushuntirdi u.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil so‘nggida Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov kimdir Coca-Cola Uzbekistan uchun 70 million bermoqchi bo‘lsa, shu bilan hukumati muzokarani boshlashi haqida aytgandi.

2021 yil boshida esa tenderda qatnashish uchun Turkiyaning Coca Cola İçecek kompaniyasi ariza bergani ma’lum bo‘ldi. Unda turk tomon barcha talablarga javob berishi xabar berildi.

O‘sha yilning yanvar oyida O‘zbekistonning Hydrolife Bottlers kompaniyasi Monopoliyaga qarshi kurashish agentligiga murojaat qildi. Hujjatda ishlab chiqaruvchi Coca-Cola Uzbekistan`ning davlat ulushini sotib olish uchun 150 million dollar taklif qilishga tayyorligi, biroq «tender shartlari» tufayli kimoshdi savdosida qatnasha olmasligi qayd etilgan. Xuddi shu kabi, Antikorrupsiya agentligiga — Perfect Shine Energetic kompaniyasi ham murojaat yo‘llagan.

Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi tadbirkorlarning murojaatlarini o‘rganib chiqib, Coca-Cola Bottlers Uzbekistan`ning davlat ulushini sotish bo‘yicha tenderni to‘xtatishni talab qildi. Departamentning fikricha, «haddan tashqari yuqori mezonlar va asossiz talablar» savdo ishtirokchilarining sun’iy qisqarishiga va korrupsion omillarning paydo bo‘lishiga olib keladi.

Oxir oqibat, Coca-Cola Uzbekistan`ning davlat ulushi Turkiyaning Coca-Cola İçecek A. Ş. kompaniyasiga hukumat boshida e’lon qilganidan 3,6 barobar qimmatga (252,28 million dollar) sotildi.